O‘zA O`zbek

12.06.2019 17:49 Chop etish versiyasi

Xalqaro mehnat tashkiloti 100 yoshda

Xalqaro mehnat tashkiloti 100 yoshda

Joriy yilda BMTning ixtisoslashgan tarmoqlaridan biri – Xalqaro mehnat tashkiloti tashkil etilganiga yuz yil to‘ldi.

1919 yilda Versal tinchlik shartnomasi imzolanishi doirasida tuzilgan tashkilotning faoliyati asosan dunyo aholisining doimiy bandligini ta’minlash, ishchi guruh qatlami manfaatlarini himoya qilish va dunyoda ijtimoiy tenglikni barqaror joriy etish orqali tinchlikni saqlashga hissa qo‘shishga qaratilgan. Bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan tashkilotga a’zo davlatlar soni hozirgi kunda 187 taga yetgan.

O‘zbekiston Respublikasi 1992 yilda XMTga a’zo davlatlar qatoriga qo‘shilib, bugungi kungacha ushbu tashkilotning 14 konvensiyasini ratifitsikatsiya qilgan. Xususan, Majburiy mehnat to‘g‘risida, Qirq soatlik ish haftasi haqida, Bayram kunlariga haq to‘lash haqida, Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida, Birlashish erkinligi haqidagi, Bajarilgan mehnat uchun bir xil maosh to‘lovi haqidagi, Onalikni himoya qilish haqidagi, Majburiy mehnatni yo‘qotish to‘g‘risidagi, Diskriminatsiya haqidagi, Bandlik siyosati haqidagi, Mehnatkashlarning vakillari haqidagi, Kollektiv shartnomalar haqidagi, Ishga olishda minimal yosh haqidagi, Bolalar mehnatini eng yomon formalarini ta’qiqlash va zudlik bilan choralar ko‘rish haqidagi konvensiyalar shular jumlasidandir.

Joriy yilda tashkilotning 100 yillikda erishgan yutuqlari, faoliyatining insoniyat hayotidagi ahamiyati e’tirofi sifatida dunyoning ko‘plab davlatlarida turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Yuz yillik tantananing ilk tadbiri joriy yilning 22 yanvarida tashkil etilgan “Mehnatning kelajak olami” mavzusidagi hisobotlar taqdimoti bo‘lib, unda tashkilotga a’zo davlat vakillarining mintaqalarda har bir inson uchun munosib va barqaror ish o‘rni yaratishga doir olib borilayotgan chora-tadbirlariga oid hisoboti tinglandi.

Hisobotlar 10-21 iyun kunlari tashkilotning Jenevada bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro konferensiyasida muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham fol ishtirok etmoqda. Tashkilotning axborot xizmati portalida keltirilishicha, ushbu konferensiyada, shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurashishga qaratilgan yangi qonun me’yorlari tasdiqlanishi kutilmoqda.

11 aprelda tashkilot tomonidan dunyoning turli mamlakatlari jurnalistlari uchun “Butunjahon onlayn tur” tashkil etilgan edi. Onlayn sayohat doirasida ishtirokchilar tashkilotning 100 yillik faoliyati bilan tanishtirildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti tashkil etilgani hamda Versal shartnomasi imzolanganining 100 yillik bayrami tantanalari joriy yilning 26-28 iyun kunlari Parij shahrida o‘tkaziladi. Unda tashkilotga a’zo mamlakatlarning siyosiy vakillari, fan arboblari, ziyolilar, olimlar, jurnalistlar va ijtimoiy qatlamning turli soha vakillari ishtirok etadi.

Tashkilotning yuz yillik tantanalari doirasida, shuningdek, joriy yilning 24-29 noyabrida tashkilot Bosh qarorgohida ijtimoiy himoya shiori ostida “Yuz yillik ijtimoiy ta’minot: umuminsoniy himoyaga yo‘l” mavzusida haftalik tashkil etiladi.

O‘zbekistonda ham BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi keng nishonlanmoqda, yubiley doirasida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA
675