Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 13:16 Chop etish versiyasi

Xalqaro madaniy hamkorlikning yangi ufqlari

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, milliy madaniyatimiz va san’atimizni tobora ravnaq toptirish borasida hayotga joriy etilayotgan ezgu tashabbuslar mazkur sohada xalqaro aloqalarning tobora kengayishida, madaniyatlararo muloqotlarning yo‘lga qo‘yilishida, O‘zbekiston san’atining jahon badiiy va madaniy muhitiga faol integratsiyalashuvida asosiy omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori soha ravnaqida yangi bosqichni boshlab berdi. 

Ushbu tuzilma bugungi kunda ta’lim, madaniyat va san’at sohasini moliyalashtirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, jamg‘armaning dastlabki loyihalaridan biri natijasida yurtimiz va Buyuk Britaniya kulollari o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi. Mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilgan hamkorlikdagi ijodiy seminarlar esa O‘zbekiston kulolchiligi maktab va an’analarining naqadar boyligi, betakrorligini chet ellik ijodkorlarga yana bir karra namoyon etdi. Amaliy san’at sirlarini o‘rganish istagidagi yoshlar uchun tashkil etilgan mahorat saboqlari ikki davlat kulolchiligining tarixi, an’analari bilan atroflicha tanishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston va Britaniya kulolchilik ustalarining o‘zaro fikr va tajriba almashishida, ijodiy muloqotlarining tobora mustahkamlanishida qulay imkoniyatlar maydoniga aylandi. Yevropa Ittifoqi, Britaniya Kengashi hamkorligidagi mazkur loyiha yakuni natijasida O‘zbekiston amaliy san’at muzeyida ikki davlat kulollarining mahorat darslari, ijodiy muloqotlari, uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Yaqin paytlar badiiy kulolchilik namunalaridan iborat ko‘rgazma yurtimizda tashkil etiladi. Bunday ko‘rgazma kelgusida Buyuk Britaniyada ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Mazkur jamg‘armadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda ko‘plab xalqaro ijodiy loyihalar, ko‘rgazmalar, mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishiga oid seminarlar, anjuman va davra suhbatlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, 2018-yil Parijdagi "Branli sohilidagi muzey" bilan hamkorlikda "Amudaryo shivirlashi" nomli video-installyatsiya ko‘rgazmasini mamlakatimiz va Fransiyada, Saodat Ismoilovaning "Qirq qiz" qisqa metrajli filmi taqdimotini AQSh va Fransiyada o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. 

Shuni ta’kidlash joizki, mazkur jamg‘arma tomonidan bugungi kunda maqom san’ati, uning tarixi, rivojlanish tamoyillarni o‘rganishga oid audio va video-materiallarni o‘zida jamlagan mobil ilova hamda dasturlarni iOS va Android operatsion tizimlari uchun yaratish, yigirmanchi asrning avvallari, 30-40-yillariga oid maqom qo‘shiqlarining yozuvi jamlangan fonoto‘plamlarni raqamlashtirish ustida ish olib borilmoqda. 

Madaniyat vazirligi tizimidagi ta’lim maskanlari faoliyatini o‘rganish, mutaxassisliklar va fakultetlar bo‘yicha eng dolzarb yo‘nalishlarni aniqlash, jahonning yetakchi davlatlaridagi san’at oliy ta’lim dargohlari bilan birgalikda O‘zbekistonda qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, san’at ta’limi yo‘nalishidagi vakillarni xorijga o‘quv malaka oshirish kurslariga yuborish kabi amaliy ishlar o‘quv jarayonini sifat va mazmun jihatdan yuksaltirishga xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 921