Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 16:41 Chop etish versiyasi

Xalqaro frankofoniya kuni o‘tkazildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida Xalqaro frankofoniya kuni o‘tkazildi. 20-mart – Xalqaro frankofoniya tashkilotiga (XFT) asos solingan kunga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur tadbirda professor-o‘qituvchilar, talabalar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Universitet rektori Avazjon Marahimov, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor va boshqalar O‘zbekistonda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, jumladan, chet tillarni chuqur o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgani, bu borada xalqaro hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamon talablariga mos, mustaqil va sog‘lom tafakkurli, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan yoshlarni kamol toptirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Yoshlarimiz xorijiy davlatlarda bilimini mustahkamlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘lmoqda. Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘layotir.

Mazkur tadbir ham mamlakatimizda fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish, talabalarda ushbu tilda erkin so‘zlashish qobiliyatini rivojlantirish, madaniyatlararo hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida Fransiya, Shveytsariya, Bolgariya, Gruziya, Chexiya, Ruminiya, Misr, Ukraina kabi XFTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari tomonidan ilmiy-madaniy ko‘rgazma, fransuz tili bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi hamda Fransiyaga bir oylik sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

– O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab sohalar qatori ta’lim va fan yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda, – deydi Polshaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Petr Ivashkevich. – Hamkorlikda kadrlar malakasi, kasb mahoratini oshirishga qaratilgan qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. O‘zbekistonda ta’limning barcha bosqichini yuksak darajada rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor. Ayniqsa, mamlakatingizda chet tillarni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor tufayli yoshlar ko‘plab xorijiy tillarda erkin so‘zlayotganiga havas qilsa arziydi.

Sevara Alijonova, O‘zA
675






Все о погоде - Pogoda.uz