Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 16:10 Chop etish versiyasi

Xalq vakillari chekka qishloqlarda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Namangan viloyatida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda, ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tardi, davlat va jamiyat tuzilmalari oldiga boshqaruv amaliyotida tub burilish yasash vazifasini qo‘ydi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi a’zolari Akmal Rahmonov, Shuhrat To‘xtaboyev va Nodirjon Muxtorovning Uychi tumanida aholi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida hududdagi davlat boshqaruvi idoralari, korxona va tashkilotlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati tahlil qilinib, tegishli mutasaddilar e’tibori mavjud muammolarga qaratildi. Jumladan, 45-Uychi saylov okrugidan saylangan deputat A.Rahmonov Jiydakapa qishlog‘idagi Qumtepa, Do‘stlik, Balandariq, Dehqon, Bo‘ston kabi bir qator mahallalarda 100 dan ortiq xonadonning turmush sharoiti bilan tanishdi, oila a’zolari bilan suhbatlashdi.

Mahalla faollari, ishbilarmonlar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar, o‘qituvchi-murabbiylar, yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan muloqotlarda Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati va mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, oilaviy tadbirkorlikni boshlash, bankdan imtiyozli kredit olish, issiqxona qurish, parranda boqish, limon va yong‘oq daraxtidan qo‘shimcha daromad ko‘rish istagida murojaat qilgan fuqarolarga zarur maslahatlar berildi, ko‘mak ko‘rsatildi.

Deputat Sh.To‘xtaboyev tomonidan Yorkatay qishlog‘idagi Gumbaz, Churtuk, Fayziobod, Mirzaravot, Islomobod, Yorkatay mahallalari aholisi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ham tadbirkorlik faoliyatini boshlash, kredit olish va undan foydalanish tartibi, tomorqa xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirish, bandlik, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq aholi murojaatlarining o‘z joyida yechim topishiga amaliy yordam berildi.

– Yangi uyga ko‘chgan ikki o‘g‘limni yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish masalasi hal bo‘lmay kelayotgan edi, – deydi Churtuk mahallasida yashovchi R.Po‘latov. – Deputatning ko‘magi bilan ushbu muammo muloqot bo‘lib o‘tgan kunning o‘zida hal bo‘ldi. Shunday xalqchil siyosat olib borayotgan Prezidentimizdan behad minnatdormiz.

Deputat N.Muxtorov tumanda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va darajasi, sog‘liqni saqlash muassasalaridagi holat va dorixonalarda Prezidentimizning 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini o‘rgandi. Jumladan, “G‘ayrat”, “Birlashgan”, “Xizirobod”, “Qizil-ravot” qishloq vrachlik punktlari, “G‘ayrat”, “Birlashgan”, “Qizil-ravot” tez tibbiy yordam xizmatlari, “Javohir-Ziyorbek-shifofarm”ga qarashli 1-dorixona, “Uychi dori-darmon” korxonasiga tegishli dorixonalar faoliyati bilan tanishdi. Tibbiyot muassasalarini o‘rganish yakunlari bo‘yicha tuman hokimligi, tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan bunday ochiq muloqotlar joylarda haqiqiy ahvolni o‘rganish hamda tegishli rahbarlar hisobotini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalari muhokamasiga kiritish tartibini amaliyotga joriy etish va takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 225






Все о погоде - Pogoda.uz