Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 18:31 Chop etish versiyasi

Xalq roziligi, ishonchi – eng oliy saodat

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholi salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, oila salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov O‘zA muxbiriga bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:

– Aholi salomatligini mustahkamlash, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli avlodni voyaga yetkazish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish uchun zarur shart-sharoit yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi, ertangi kunga ishonchi yanada ortishida yuksak samaralar bermoqda, – deydi O.Umarov. – Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, xususan, fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishiga oid konstitutsiyaviy huquqini kafolatlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi kompleks chora-tadbirlar xalqimiz turmush darajasining yuksalishiga xizmat qilayotir. Binobarin, mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 1990-yildagi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollar o‘rtasida 75 yoshga yetgani, onalar va bolalar o‘limi uch barobardan ko‘proq kamaygani sog‘liqni saqlash tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasi tibbiyotdagi islohotlarni yanada kengaytirishda, sohaning taraqqiy etishida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘tgan yillarda viloyatda ham tibbiyot sohasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Shahar va tumanlardagi tibbiyot muassasalari, qishloq vrachlik punktlari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, eng chekka hududda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratildi. Yaqinda Farg‘ona tumanidagi Shohimardon qishlog‘ida ochilgan yangi shifoxona ham ana shu ishlarning amaliy ifodasidir.

“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili asosida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida 199 ming 780 ga yaqin voyaga yetmaganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tug‘ish yoshidagi 186 mingdan ortiq ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ularning sog‘lig‘i doimiy nazoratda. Aholi salomatligini muhofaza qilishda tez tibbiy yordam xizmatining o‘rni va ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-martdagi "Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni tibbiyotning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan shoshilinch tibbiy yordam tizimidagi islohotlarni davr talabi va aholi ehtiyojidan kelib chiqib yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur qaror ijrosi doirasida ham zarur ishlar amalga oshirilayotir.

Shahar va tumanlardagi tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilda 6 tibbiyot maskanida 39 milliard so‘mlikdan ziyod bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

Prezidentimiz shu yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, tibbiyot tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi.

Viloyatda qishloq vrachlik punktlarini 283 tadan 150 tagacha qisqartirish va 88 qishloq vrachlik punkti negizida kunduzgi statsionar mavjud bo‘lgan qishloq oilaviy poliklinikalarini, qisqartirilayotgan qishloq vrachlik punktlari negizida yangi 37 nimstansiya tashkil etish va ularda tez tibbiy yordam tarmog‘ini yanada kengaytirish, ikki smenali ish tartibini joriy etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish, onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini kengaytirish, ularga ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam ko‘rsatish, chaqaloqlar va bolalar o‘limini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Inson salomatligini asrash, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligini yanada yaxshilash, aholiga tez va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish biz, sog‘liqni saqlash xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Xalqning roziligini olish, unga xizmat qilish, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘zimizga ishontirish – eng oliy saodatdir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 026






Все о погоде - Pogoda.uz