Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2017 15:13 Chop etish versiyasi

Xalq qabulxonalari: murojaatlar vaqtida yechim topmoqda

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va xolisona hal etishga xizmat qilmoqda.

Xalq qabulxonalarida murojaat etuvchilar uchun barcha sharoit va qulaylik yaratilgan. Kutish zallari, ona va bola, tibbiyot xonalari zamonaviy jihozlangan. Murojaat etayotgan fuqarolarning ariza va shikoyati belgilangan tartibda xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilayotganidan aholi mamnun. 2017-yil 7-aprel holatiga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar Xalq qabulxonalariga 8 ming 276 murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati uy-joy, qurilish va kommunal soha, iqtisodiyot va tadbirkorlik, sud-huquq va ijtimoiy sohaga oid masalalardir.

Ariza va shikoyatlarning 1 ming 160 tasi sud-huquq sohasiga, 1 ming 81 tasi uy-joy, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer ajratish, 948 tasi tabiiy gaz, elektr ta’minoti, toza ichimlik suvi va kommunal to‘lovlarni hisoblash masalalari, 917 tasi ish bilan ta’minlash bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Murojaatlarning 2 ming 537 tasi qanoatlantirilgan, 2 ming 71 tasi bo‘yicha asoslantirilgan huquqiy tushuntirish berilgan, 3 ming 454 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli davlat va boshqa xo‘jalik organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Oltinsoy tumani Qumpaykal mahallasida yashovchi M.Botirova viloyat Xalq qabulxonasiga murojaat etib, turmush o‘rtog‘i Oltinsoy tumani elektr ta’minoti korxonasida ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgani, ota kasbini davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘g‘li ushbu soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lsa-da, ikki yildan buyon ishga joylasholmayotgani yuzasidan yordam so‘ragan.

– Murojaatim asosida o‘g‘limning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha otasi mehnat qilgan korxonaga ishga joylashganidan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi, – deydi M.Botirova. – Hech bir murojaat e’tibordan chetda qoldirilmay ko‘rib chiqiladigan shunday tizim yo‘lga qo‘yilgani uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning hayotiy muammolarini tezkorlik bilan shu yerning o‘zida hal etishga keng imkoniyat yaratmoqda. Odamlarning og‘irini yengil qilib, davlatga, adolatga ishonchini mustahkamlamoqda.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyat, shahar va tumanlarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari o‘xshashi yo‘q tizim sifatida aholi uchun juda katta qulaylik bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi rahbari B.Jamolov. – Ayrim mahalliy davlat boshqaruvi va xo‘jalik organlari rahbar hamda mutasaddi xodimlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga e’tiborsizligi natijasida fuqarolar dardu tashvishlarini yetkazish uchun Toshkent shahriga borishga majbur bo‘lar edi. Xalq qabulxonalari mana shunday ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda fuqaro haq bo‘lsa, ariza, shikoyat yoki taklifi tumanning o‘zida qisqa vaqtda yechim topayotir. Buning uchun uzoq yo‘l bosib, ovora-yu sargardon bo‘lishga ehtiyoj yo‘q. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida ariza, shikoyat va takliflarga tezkor yechim topish bilan birga, ularning kelib chiqish sabab va omillarini atroflicha tahlil etish, yo‘nalishlar bo‘yicha monitoring qilish ham yo‘lga qo‘yilgan. Har hafta yakunida murojaatlar yuzasidan o‘tkazilayotgan tahlillarga ko‘ra, ba’zi ariza, shikoyat yoki taklif mazkur yo‘nalishlarni kompleks o‘rganib, viloyat miqyosida tegishli qarorlar qabul qilish orqali aholini o‘ylantirayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashayotir. Masalan, joriy yilning o‘tgan davridagi murojaatlarning 25 foizini uy-joy va yakka tartibda turar joy qurish uchun yer ajratish masalasi tashkil etgan. Bu masalada fuqarolar oila qurgan farzandlari o‘rtasida turar joy yetishmasligi o‘zaro nizo keltirib chiqarayotganini bayon etib, ularning har biriga alohida yer uchastkasi ajratishda yordam so‘ragan. Ayrim fuqarolar moddiy ahvoli va oilaviy sharoitidan kelib chiqib, farzandiga uy-joy qurish va yordamchi xo‘jalik yuritish uchun yer uchastkasini kimoshdi savdosi orqali emas, bepul ajratishni so‘ragan.

Mazkur masalani o‘rganish jaryonida ushbu muammo aholi demografiyasi bilan bevosita bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, so‘nggi 10-yilda viloyat aholisi qariyb yarim millionga ko‘paygan. Tabiiyki, bu jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarning o‘sishiga olib kelgan. Viloyatda har yili 25 mingdan ortiq yangi oila ro‘yxatdan o‘tayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun so‘nggi 5-yilda qishloqlarda 4 ming 500 ga yaqin namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joy qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, tahlillar bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yangi tashkil bo‘layotgan oilalar soniga mutanosib emasligini ko‘rsatmoqda.

Viloyat Xalq qabulxonasi amaldagi qonun va hukumat qaroriga asosan viloyat hokimi nomiga mavjud yer resurslarini qayta ko‘rib chiqqan holda, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qanoatlantirish uchun yangi massivlar ajratish yuzasidan taklif kiritdi. Shunga muvofiq, bu masala viloyat hokimligi tomonidan o‘rganib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatda Termiz shahri va barcha tumanlarda uy-joyga muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirish, joylarda foydalanilmay turgan maydonlardan yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer ajratish hamda ushbu hududlarni tabiiy gaz, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo‘l va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etish kabi vazifalar belgilandi. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tufayli Termiz tumani hududida yakka tartibda uy-joy qurish uchun 2 ming oilaga mo‘ljallangan 155,4 gektar yer ajratildi.

Bularning barchasi inson huquq va manfaatlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotgan mamlakatimizda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilayotganining yorqin ifodasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 498






Все о погоде - Pogoda.uz