Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 15:50 Chop etish versiyasi

Xalq ishonchiga munosib bo‘l, o‘g‘lim!

Xalq ishonchiga munosib bo‘l, o‘g‘lim! Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoro viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida yoshlarni milliy armiyamiz saflariga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli milliy armiyamiz yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ishonchli himoya qilishga qodir, jismonan va ma’nan barkamol harbiylar bilan ta’minlangani ta’kidlandi. 

5 (2).JPG 

Maydonda saf tortgan o‘ktam askarlar chehrasida Vatan himoyasidek sharafli ishga hissa qo‘shish baxtiga muyassarlikdan mamnunlik ufurib turibdi.

– Garchi Buxoro madaniyat kollejini tugatib, viloyat musiqali drama teatrida ishlayotgan bo‘lsam-da, harbiy bo‘lish orzusi bir zum xayolimni tark etgani yo‘q, – deydi Buxoro shahridan bo‘lajak askar Rafiq Ikromov. – Bugun juda baxtiyorman. Ammo bunga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Tarix, o‘zbek tili, matematika fanlaridan o‘tkazilgan test sinovlari va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha musobaqada yaxshi natijalarga erishganim bois, saralanganlar qatoridan o‘rin oldim. Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng, albatta, shu sohada oliy ma’lumot olaman va professional harbiy bo‘laman. 

6 (3).JPG 

Yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatgani ularning ota-onalari, oila a’zolari, yaqinlari kelgan. Yuzlarida hayajon, qalblarida quvonch.

– Egnida harbiy libosi yarashib turgan o‘ktam yigitlar orasida nabiram Mirfayz ham bor, – deydi 77 yoshli Mansur ota Qurbonov. – Unga va tengdoshlariga qarab, bundan salkam oltmish yil ilgari o‘zimning armiya safiga ketayotgan kezlarim esimga tushdi. Bilasizmi, o‘shanda egnimizga qishlik kiyimlarni kiyib olgancha uch kun poyezd kelishini kutib, Buxoro shahridagi korxonalarning beton yotqizilgan sovuq zalida tunaganmiz. Qayerga xizmatga ketayotganimizni so‘rasak, borganda bilib olasan, degan qisqa javobni eshitardik. Tuzum shunaqa edi-da. O‘z Vataningga, o‘z armiyangga nima yetsin. Bugungi askar yigitlarga qaysi viloyatda, qanaqa harbiy qismda xizmat qilishi ma’lum. Ularga havasim keladi.

Xayrlashuv nihoyasiga yetdi. Muddatli harbiy xizmatga kuzatish ham bayram. Shunga monand dasturxon tuzaldi, osh tortildi. Marosimda muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan yigitlarga viloyat hokimligi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Yo‘ling oydin bo‘lsin! Prezidentimiz, xalqimiz ishonchiga munosib bo‘l, bolam! – dedi o‘g‘illarini kuzatgan onalar.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat),O‘zA
8 988