Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 13:02 Chop etish versiyasi

Xalq ishonchi – yuksak mas’uliyat

Xalq deputatlari Nurota tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ta’lim samaradorligini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari o‘tkazilgan o‘rganish jarayonlarida tumandagi qariyb 400 xonadonda bo‘lib, 1 ming 400 dan ziyod fuqaro, jumladan, 100 tadbirkor bilan suhbatlashgani, muloqotlar mobaynida 180 dan ortiq turli yo‘nalishdagi muammolar ko‘tarilgani qayd etildi. Mazkur muammolarning 40 dan ortig‘i deputat va senatorlar tomonidan joyida hal etildi. Xususan, 12 fuqaro doimiy ishga joylashtirilib, 87 xonadonga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. 22 fuqaroga tijorat banklari tomonidan 106 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi.

Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan sessiyada o‘rganishlar davrigacha yechimi topilmay kelayotgan muammolar davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida keng muhokama etildi. Sessiyada tuman mahalliy byudjetining hanuzgacha subvensiyadan chiqarilmaganiga e’tibor qaratilib, undan chiqish uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilmayotgani, jumladan, chorvachilikka ixtisoslashgan hududlarda go‘sht, sut va teri mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari tashkil etish talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Tabiiy boyliklardan qo‘shimcha qiymat yaratishda mahalliy investitsion dasturlar mavjud emasligi yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish, import miqdorini qisqartirish kabi omillarda o‘z aksini topayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda tumanda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, qishloq vrachlik punktlarida patronaj xizmati, keksalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdagi o‘zibo‘larchilik kayfiyatining hukmronligi, tez yordam brigadalarining dori vositalari va tibbiyot asbob-uskunalari bilan ta’minlanganligi yuzasidan parlament a’zolarining o‘rganishlari natijasi atroflicha muhokama qilindi.

Sessiyada tumandagi ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning badiiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rganish natijalari asosida tahlil etildi. Bir qator kasb-hunar kollejlarida o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasi 20 foizdan oshmayotgani, bu o‘z navbatida, o‘quvchi-yoshlarning nazariy bilimini mustahkamlash imkoniyatini cheklab qo‘yayotganiga e’tibor qaratildi. Tumandagi 13 maktab va maktabgacha ta’lim muassasasining sifatli va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani o‘quvchilar o‘rtasida yuqumli kasalliklar ko‘payishi xavfini oshirishi jiddiy tanqid ostiga olindi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
371






Все о погоде - Pogoda.uz