Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 17:05 Chop etish versiyasi

Xalq bilan muloqotning yangi mexanizmi samarali ishlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari sayyor qabullar tashkil etayotgani muammolarni joyida hal etishga xizmat qilmoqda. Shunday sayyor qabullar Toshkent viloyatida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yilning 8-aprel kuni Zangiota tumani hokimligida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ochiq muloqotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimga asos solingani, barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilga qat’iy amal qilinayotgani, bu o‘z navbatida, hayotimizda adolat tamoyillari yanada mustahkam qaror topishi, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent viloyati, Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari hokimliklari mas’ul xodimlari fuqarolar murojaatlarini bevosita muhokama qildi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2017-yilni yurtimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilar ekan, bu borada istiqboldagi vazifalar nimalardan iborat ekanini belgilab berdi, – deydi Toshkent viloyati hokimi Sh.Boboyev. –Davlatimiz rahbari tantanali marosimda “Davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etishimiz darkor”, deb alohida uqtirdi. Bugun xalqimiz bu ezgu g‘oya va tashabbuslarning amaliy natijalarini o‘z hayoti misolida ko‘rib, his qilib turibdi. Prezidentimiz viloyatlarga safari davomida xonadonlarda bo‘lib, odamlarning dardu tashvishlarini tinglab, mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bermoqda. Deputatlar, senatorlar, davlat organlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ham joylarga chiqib, mavjud kamchiliklardan kelib chiqib, o‘z faoliyatini tahliliy-tanqidiy ko‘rib chiqmoqda. Bu jarayonda biz ham faol bo‘lib, o‘z ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondashishga, xalqning ichiga kirib borishga, muammolarni joyida o‘rganishga harakat qilmoqdamiz. Mazkur sayyor qabullar davlat idoralari rahbarlarining xalq bilan yanada yaqin bo‘lishiga, muammolarga joyida yechim topishga yordam bermoqda.

Sayyor qabulda tegishli sohalar doirasidagi muhokamalar uchun alohida xonalar ajratilgani muloqotlarni yanada samarali tashkil qilish imkonini berayotir, masalaning joyida hal qilinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 7-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari aholisidan 20 ming 700 dan ortiq murojaat tushgan. Murojaatlarning qiriyb 15 mingtasi Zangiota tumani aholisidan bo‘lib, bugungi kunda ularning 94 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. Yangiyo‘l tumani aholisidan kelib tushgan 5 ming 700 dan ortiq murojaatning 5 ming 194 tasi ko‘rib chiqilgan, 574 murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida. Murojaatlar asosan uy-joy, bank-moliya, moddiy yordam, ish haqi va pensiya, fuqarolik, pasport va propiska, sudlarda ishlar ko‘rilishi, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi, mehnat va bandlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, issiqlik va elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti kabi yo‘nalishlar bilan bog‘liq.

– Tumanimiz aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning tizimli, doimiy tahliliga tayanib mahallalar, chekka qishloqlarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil qilmoqdamiz. Xonadonlarga kirib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganmoqdamiz, – deydi Yangiyo‘l tumani hokimi S.Abdullayev. – Murojaatlar bo‘yicha tahlillar shuni ko‘rsatadiki, joriy yilning yanvar oyida Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga tumanimiz aholisidan turli yo‘nalishlarda 317 murojaat tushgan. Mart oyiga kelib bu raqam 201 taga qisqargan. Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga murojaatlar orasida tuman hokimligining o‘zida hal qilinishi mumkin bo‘lganlari salmog‘i kam emas. Bu biz, tuman hokimlarini o‘z ishimizga tanqidiy qarab, shaxsiy mas’luliyat va javobgarlikni oshirish, odamlarga yanada yaqin bo‘lishimiz kerakligini anglatadi.

Qizg‘in muloqotlarda davlat idoralari rahbarlari va fuqarolar o‘rtasida hadik, ishonchsizlik ko‘rinishidagi chegarani his qilmaysiz.

– Zangiota tumani Harakat mahallasidagi 6-umumta’lim maktabida 2 farzandim ta’lim oladi, – deydi Hasan Isoxo‘jayev. – Muassasadagi sharoitlardan ko‘nglimiz to‘q. Lekin joriy o‘quv yilida 6-sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lim maktab ma’muriyati tomonidan darsliklar bilan yetarlicha ta’minlanmadi. Bu muammo bilan Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qilishdan oldin maktab direktoriga iltimos qildim, kitob do‘konlaridan darsliklarni qidirdim: ular sotuvda bo‘lmas ekan. Xullas, topa olmadim. Kuni kecha uyimizga 20 dan ortiq darslikni yetkazib berishdi. Bugun men bu yerga Prezidentimizdan minnatdor ekanimizni aytish uchun keldim.

Yangiyo‘llik Guljahon Begmanova “Chortoq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi nomidan qilgan murojaatida hudud patronaj xizmati faoliyatidan ko‘ngli to‘lmayotgani, eng yaqin tibbiy maskan ham mahallaga ancha uzoqligini inobatga olib, yangi qishloq vrachlik punktiga ehtiyoj bo‘layotganini ta’kidlagan.

– Murojaatimiz e’tiborsiz qoldirilmay ko‘rib chiqilganidan xursandmiz, – deydi G.Begmanova. – Bu masala bo‘yicha mahallaga va tuman hokimligiga murojaat qilib, ijobiy javob ololmagan edik. Murojaatimiz bo‘yicha tegishli komissiya tuzilib, o‘z ishini boshlashi, bugunoq mahallamiz aholisi soni, joylashuvini o‘rganish uchun vakillar borishini aytishdi. Muammoning bu qadar tez hal bo‘lishi qancha-qancha odamlarning mushkulini oson qiladi. Buning uchun shunday ochiq tizim joriy qilgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Shunday sayyor qabul 9-aprel kuni Quyi Chirchiq tumani hokimligida Oqqo‘rg‘on, Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlari aholisi uchun ham tashkil etildi.

Joriy yilning 7-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Oqqo‘rg‘on, Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlari aholisidan 5 ming 800 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Chinoz tumani aholisidan tushgan 2 mingdan ortiq murojaatning 1 ming 800 dan ortig‘i ko‘rib chiqilgan. Qolgan 9,4 foiz murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida.

Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Oqqo‘rg‘on tumani aholisidan 1 ming 900 dan ortiq, Quyi Chirchiq tumani aholisidan 1 ming 800 dan ziyod turli masalalarda murojaatlar bo‘lgan. Bugungi kunda bu murojaatlarning 90 foizdan ortig‘i ko‘rib chiqilgan.

– Yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar har tomonlama tahlil qilinib, ularning yuzaga kelish sabablari o‘rganildi. Bunda ko‘p hollarda quyi bo‘g‘indagi davlat idoralari rahbarlari – o‘zimiz mas’uliyatni susaytirganimiz ko‘rinib qolmoqda, – deydi Oqqo‘rg‘on tumani hokimi O.Ollaberganov. – Tumanimiz aholisi ko‘proq uy-joy, ish haqi va pensiya, mehnat va bandlik, issiqlik, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, fuqarolik, pasport va propiska, sud, bank-moliya, obodonlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ichimlik suvi, transport va yo‘lovchi tashish hamda boshqa masalalar bilan murojaat qilgan. Har bir murojaatning zamirida inson manfaati, uning haq-huquqlari yotganini inobatga olib, xalqni tinglash, odamlarning dardu tashvishini bilish uchun har bir xonadonga kirib borish zarurligini tushunib yetmoqdamiz.

– 2015-yilda Quyi Chirchiq tumanidagi “Surum” massivida qurilgan namunaviy loyihadagi uy-joylardan biriga shartnomada belgilangan tartibda to‘lov qilganmiz, – deydi oqqo‘rg‘onlik Rohatoy Anorqulova. – Lekin uyning qurilishi to‘liq yakunlanmay, ichki eshik-romlar o‘rnatilmay qolib ketgan edi. Bugungi sayyor qabulda bu masalani atroflicha, tezkorlik bilan o‘rganib, muammoning yechimi bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi. Bizni qiynayotgan ushbu muammo tezda hal bo‘lganidan butun oilamiz xursand.

Murojaat qiluvchilar orasida mamlakatimizda turli soha va yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif bildirish istagidagi yurtdoshlarimiz ham talaygina. Ulardan biri Oqqo‘rg‘on tumani “Kaliyas” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Xalil ota Qarshiboyev. Ko‘p yillar boks bo‘yicha murabbiylik qilgan bu inson mahallalarda 45 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlar o‘rtasida sportni, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan o‘z loyihasini mamlakat miqyosida o‘tkazish bo‘yicha taklif bildirgan.

– O‘tgan yili mahalla faollari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tashabbuskor insonlar ko‘magida bu loyihani tumanimizdagi bir necha mahallada amalga oshirdik, – deydi X.Qarshiboyev. – Natija yomon bo‘lmadi. Ma’lum yoshdagilarga mo‘ljallangan sport o‘yinlari, salomatlik aksiyalari odamlar sog‘ligini yanada mustahkamlash, ularning kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qildi. Loyihaning maqsad va vazifalari bo‘yicha tegishli vazirliklar rahbarlari bilan yuzma-yuz fikrlashdik. Ular bu boradagi ishlarni ko‘rib chiqib, o‘z xulosalarini berishini aytishdi.

Quyichirchiqlik Hilola Saidnazarova “Gul” qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi nomidan murojaat qilib, “Gul”, “O‘jakent”, “Yulduz” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi hududda maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘qligidan qiynalayotganini ta’kidlab o‘tdi.

– Aholi bir necha yillardan buyon shu masala bilan tuman hokimligi va boshqa mutasaddi idoralarga iltimos qiladi, – deydi “Gul” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Nargiza Salohiddinova. – Hududda 7 ming 500 dan ziyod aholi yashaydi, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qariyb 900 nafar. 350 ga yaqin bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirishga ehtiyoj bor. Bu boradagi taklifimizni o‘rganib chiqish uchun tegishli davlat idoralariga topshiriqlar berildi. Masala ijobiy hal bo‘lishiga ishonamiz.

Sayyor qabulda qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish hamda vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmoqda.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 462






Все о погоде - Pogoda.uz