Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:12 Chop etish versiyasi

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida adliya idoralari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Konstitutsiyamizning 2-moddasida qayd etilganidek, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

Ushbu qomusiy tamoyillar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida mukammal ravishda ro‘yobga chiqarilmoqda. Bu borada mamlakatimiz adliya idoralari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

O‘zA muxbirining O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan suhbati shu haqda bo‘ldi.


– Bosh qomusimizda birinchi o‘rinda inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari va undan keyin davlat organlari va ularning huquq va majburiyatlari o‘z aksini topgan, – deydi R.Davletov. – Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligi, jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi davlat organlarining xalqimiz oldida mas’ulligidan dalolat beradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatida ham aynan shu ma’no mujassamlangan. Davlatimiz rahbarining har bir harakati, fikr va mulohazalari, ayniqsa “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan so‘zlari, Konstitutsiyamizning 2-moddasidagi qoidaning yorqin amaliy ifodasidir.

Harakatlar strategiyasi asosida qabul qilinib, amalga oshirilayotgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi orqali mazkur konstitutsiyaviy normalar o‘zining yangi sifat va samara bosqichiga ko‘tarilganini bugungi kunda butun dunyo tan olyapti.

Xalq bilan muloqotning yangi konsepsiyasi e’lon qilinishi, Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etilishi, uni boshqarish uchun yaxlit vertikal tizimning joriy etilishi, shuningdek, fuqarolarining dunyoqarashini butunlay o‘zgartirgan muvaffaqiyatli faoliyati, bularning barchasi shunday katta ahamiyatga ega bo‘ldiki, ko‘plab olimlar va ekpertlar mazkur yangi fenomen sohadagi nazariy asoslarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilayotganini ta’kidlamoqda.

Mamlakatimizda so‘nggi bir yilda olib borilgan samimiy va ochiq muloqot, ommaviy axborot vositalarining faollashishi, informatsion sohaning shiddatli rivoji jamiyatni batamom o‘zgartirdi. Bu odamlarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki, fuqarolik faolligining oshganligida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Adliya organlari o‘z navbatida davlat institutining bir bo‘lagi sifatida yuklangan vazifalarni bajarishda konstitutsiyaviy tamoyillarga tayangan holda fuqarolarning talabi, kelajakda kutayotgan umidlari va istaklaridan kelib chiqib o‘zining sa’y-harakatlarini inson manfaatlarini to‘la ta’minlashga yo‘naltirmoqda.

Adliya vazirligi tizimida inson huquqlarini himoya qilish izchil yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 9 oyi mobaynida adliya idoralariga bu yo‘nalishda 3,2 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxs murojaat qildi. Ularning aksariyati qanoatlantirilib, mingga yaqin shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

Fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga 440 da’vo arizasi hamda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 180 ma’muriy va 11 jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritildi.

O‘tkazilgan monitoring va nazorat tadbirlari davomida tegishli idoralarga kiritilgan taqdimnoma va ogohnomalar natijasida 46 noqonuniy hujjat ijrosi to‘xtatildi va bekor qilindi. 527 mansabdor shaxs tegishli intizomiy jazoga tortildi. Shulardan 84 nafari egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Bunda asosiy e’tibor fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklashgina emas, balki ularning huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilmoqda.

Xalq bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar hamda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish natijalariga ko‘ra, amaldagi qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Fuqarolarning hayotiy muammolarini, ya’ni yaqin qarindoshlari yoki o‘zining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etish holatlarining oldini olish maqsadida Mehnat kodeksining 78-moddasiga shaxsni ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishni taqiqlovchi norma belgilash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Bu esa, vatanparvar, tashabbuskor, bilimli, intiluvchan fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash kabi konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.

– Aholining fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) bo‘limlari, notariat va advokaturaga kundalik turmushda ko‘proq ishi tushadi. Bu tizimlarda odamlarga qulaylik yaratish, manfaatlarini ta’minlash qay darajada?

– Mazkur yo‘nalishlar adliya organlarining bevosita fuqarolarga xizmat ko‘rsatadigan sohalaridir. Hozirda ulardagi xizmat ko‘rsatish sifati va holati, albatta, bizni ham, xalqimizni ham qoniqtirmaydi. Shuning uchun bu sohalarni yanada takomillashtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Fuqarolarimiz ushbu idoralarga borganida navbat kutib qolmasligi, ularga tez va sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbariyati tomonidan qat’iy vazifalar qo‘yilgan.

Ayni paytda tizimda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda tug‘ilganlik, nikoh haqida, nikohdan ajralganlik va boshqa dalolatnoma yozuvlarini elektron shaklda to‘ldirish joriy etildi. Bu esa fuqarolarning tez javob olishini ta’minlash bilan birga huquqiy yordam ko‘rsatishga ketadigan vaqt sarfini qisqartirdi. Masalan, fuqarolik holati dalolatnoma yozuvini qayd etish uchun ketadigan vaqt o‘rtacha 7 daqiqagacha qisqardi hamda dalolatnoma yozuvini to‘ldirishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldi olinishiga erishildi.

“FHDYO yagona elektron arxivi” dasturiy ta’minotiga qayd etilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari kiritilib, yagona baza shakllantirilmoqda. Mazkur dastur kelgusida tegishli manfaatdor tashkilotlar bilan integratsiya qilinadi. Jumladan, Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirliklari elektron bazalari bilan ma’lumotlarni elektron shaklda almashish fuqarolar va FHDYO organlari tomonidan sarflangan vaqtning tejalishi hamda hujjatlarni rasmiylashtirishda turli xil tafovutlarga yo‘l qo‘yilishining oldi olinadi.

Hozirgi kunda dalolatnoma yozuvlarini qayd etish bilan bog‘liq davlat boji, gerb yig‘imi va pullik xizmatlar to‘lovlarini billing sistemasi orqali amalga oshirish, fuqarolar tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali FHDYO organlariga murojaat qilishi, FHDYO organi mudiri qabuliga onlayn yozilishi mexanizmi yaratilmoqda. Mazkur masalalar bo‘yicha manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish va mavjud elektron dasturlar bo‘yicha integratsiya ishlari amalga oshirilayotir.

Keyingi uch yilda mamlakatimiz bo‘yicha 36 yangi FHDYO organi binosi qurildi, 23 bino kapital ta’mirlandi. Ushbu binolarning qurilishi milliy va zamonaviy me’morchilik an’analarini o‘zida uyg‘unlashtirgani bilan davr talablariga to‘liq javob beradi.

Notariat institutiga to‘xtaladigan bo‘lsak, notariuslar faqat nizosiz bo‘lgan faktlarni tasdiqlaydi. Chunki, notarial harakatni rasmiylashtirishda taraflar notariusga o‘z xohish-irodalariga ko‘ra hamda bitimlarni tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va belgilangan to‘lovlarni to‘lagan holda murojaat etadi.

Hozir mamlakatimizda 541 davlat notarial idorasida 749 nafar notarius faoliyat ko‘rsatmoqda. Notariuslarga bo‘lgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2013-2014-yillarda 4,5 million, 2015-2016 yillarda 5 million, 2017 yilning 6 oyi davomida 3 milliondan ziyod notarial harakatlar amalga oshirilgan.

Bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan notariat idoralarining kelajagi, ularning 5 yil, 10-15 yildan keyingi istiqbollarini tahlil qilgan holda, boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasi, ularning yutuqlari va kamchiliklari o‘rganilib, bu sohada xalqimizni qiynayotgan muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilishlarning oldini oluvchi, notariat idoralarining muammoni sudgacha hal etuvchi institut sifatidagi mavqeini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunga ko‘ra, notariuslarning o‘z kasb majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga sharoit yaratish, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish maqsadida Davlat notarial idoralarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd etish tartibi joriy etildi. Unga asosan, jismoniy va yuridik shaxslar notarial idoralarga bevosita kelib, telefon yoki internet orqali o‘zlari uchun qulay va aniq vaqtda notarius qabuliga yozilishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi qaroriga asosan, notariat idoralari tomonidan ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlashda idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda ma’lumotlar olishning yangi tartibi “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilib, 2017-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida ishga tushirildi. Bu tartib O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida 2018-yil 1-iyuldan boshlab amalga oshiriladi.

Natijada soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiya bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi, bino va inshootlarning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni fuqarolar tomonidan qog‘oz ko‘rinishida yig‘ish amaliyotiga chek qo‘yildi. Buning o‘rniga esa ushbu ma’lumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali aniq vaqt rejimida mustaqil olish imkoniyati yaratildi.

Notariat sohasidagi islohotlar notarial harakatlarni amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy huquqlarini yanada mustahkamlashga, notariuslarning esa ularga murojaat etgan shaxslar oldidagi majburiyatlarini vijdonan va halol bajarishiga xizmat qilmoqda.

Adliya idorasiga kelgan har bir fuqaro bu maskandan rozi bo‘lib ketishi biz uchun juda muhimdir.

Advokaturaga kelsak, 2017-yilning 1-iyul holatiga advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar soni 4,2 ming nafardan oshdi. Ushbu davrda advokatlar hamda jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida 95 mingga yaqin bitim hamda shartnoma tuzilgan. Advokatlarimiz himoya huquqini ta’minlash bo‘yicha barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda.

– Tadbirkorlik sohasi mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotgan bo‘g‘in bo‘lib, ularning huquqlarini ta’minlashga Konstitutsiyamizda ham alohida e’tibor qaratilgan. Adliya idoralariga bu borada qo‘yilgan mas’uliyat ijrosi amalda qanday ta’minlanmoqda?

– Konstitutsiyada iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishi kafolatlangan.

Tadbirkorlik subyektlari samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 5 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi hamda amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan 20 dan ortiq taklif kiritildi.

Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakli hamda mobil versiyasi amaliyotga joriy etilgani nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va tezkorlik bilan bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘tgan davr mobaynida tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga 16 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish maqsadida 444 da’vo arizasi kiritildi. Idora va tashkilotlarning 300 noqonuniy qarori bekor qilindi. 280 dan ortiq shaxs ma’muriy, 780 dan ortiq shaxs esa intizomiy javobgarlikka tortildi.

Shu o‘rinda bir misolga e’tibor qaratsak: “Samarqand England Eco-Medical” qo‘shma korxonasining mavjud imtiyozdan foydalana olmaganiga oid murojaati ko‘rib chiqildi. Korxona Koreya Respublikasidan granulali polipropilen xomashyosini import qilgan. Biroq unga bu jarayonda bojxonachilar tomonidan imtiyoz qo‘llanilmagan. Samarqand viloyati bojxona boshqarmasidan qo‘shimcha qiymat solig‘i sifatida undirilgan 154 million so‘mni qo‘shma korxonaga qaytarish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritildi. Samarqand shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan noqonuniy undirilgan mablag‘ tadbirkorlik subyektiga qaytarildi.

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan “yagona darcha” markazlarida 33 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning 1-aprelidan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi. Endilikda internet tarmog‘i orqali 24 soat davomida 30 daqiqa ichida ushbu tizim orqali tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish mumkin.

“Yagona darcha” markazlari orqali o‘tgan davrda yuz mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Avtomatlashtirilgan tizim orqali 120 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Amaliy ishlar natijasiga ko‘ra, mamlakatimiz Jahon bankining “Doing Business – 2018” qulay biznes muhitini yaratish reytingining korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda 11-o‘rinni egallab, yetakchi davlatlar guruhiga kiritildi.

– Qonuniylikni ta’minlash va mustahkamlashda yuridik xizmatning rolini oshirish, qonun hujjatlarining aholiga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlash ham dolzarb masalaga aylandi. Shu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Prezidentimiz tomonidan adliya tizimini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilyapti. Birgina shu yilning o‘zida adliya organlarini takomillashtirishga qaratilgan 7 ta qaror va farmon qabul qilindi.

Jumladan, davlatimiz rahbarining qarori bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash maqsadida yuridik xizmatlarning roli va javobgarligi kuchaytirildi. Davlat organlari va tashkilotlarida, jumladan, ularning hududiy tuzilmalarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal me’yor va mezonlarga asosan majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etildi.

Har bir davlat organi va tashkilotining yuristlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishilishi belgilandi. Unga muvofiq, adliya organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining 528 nafar yuristini lavozimga tayinlash va 189 nafarini lavozimdan ozod etish masalasi o‘rganib chiqildi.

Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga birinchi bor tayinlangan 119 nafar yuristi adliya organlarida stajirovka o‘tadi.

Amaliyotda birinchi marta davlat organlari va tashkilotlarining yuristlariga adliya organlari xodimlariga belgilangan martaba darajalari berilishi belgilab qo‘yildi. Unga asosan yuridik xizmat xodimlarining 396 nafariga martaba darajalari berildi. Bu orqali ijtimoiy himoya mustahkamlandi.

Mamlakatimizda huquqiy axborotni tarqatish sohasi bo‘yicha ham sezilarli qadamlar qo‘yilganini aytib o‘tish joiz, deb bilaman. Shu maqsadda, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun hamda Prezidentimiz qaroriga asosan Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Shu bilan birga, vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni, ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlash vazifasi yuklatildi. Bu esa, o‘z navbatida, qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng aholiga tushuntirishga hamda tegishli qonun hujjatlari matnidan hech qanday to‘siqlarsiz foydalanishga imkon yaratadi.

Qaror bilan Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashining hududiy komissiyalarini tashkil etish belgilangani diqqatga sazovor.

Adliya vazirligi hamda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida qonun hujjatlarini tezkor tarqatish maqsadida himoyalangan aloqa kanallari (VPN) orqali idoralararo elektron hamkorlik tizimi tashkil etildi.

Birinchi bosqichda joriy yilning 1-yanvaridan 3 noyabriga qadar qabul qilingan 1 ming 883 normativ-huquqiy hujjat “E-xat” elektron pochta tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining tizimiga kiruvchi 12,5 ming quyi idoraga tarqatilib, 561 ming xodim e’tiboriga yetkazildi.

Qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 700 mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, unda 17 millionga yaqin aholi ishtirok etdi.

Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internetning shiddat bilan rivojlanib borayotgani barchamizga ma’lum. Bu borada ham huquqiy axborotni internet tarmog‘i orqali yetkazib berish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yildi.

Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlarining milliy bazasi – “Lex.uz”ning normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy manbalari qatoriga kiritilgani aholiga huquqiy axborot yetkazib berish borasidagi ishlarni yanada jonlantirdi.

Hozir o‘zbek va rus tillaridagi 43 mingdan ortiq hujjat jamlangan ushbu bazadan bir kunda 15 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxs bepul foydalanmoqda.

Aholini tezkor tarzda huquqiy axborot bilan ta’minlash, samarali va konstruktiv muloqotni tashkil qilish, bunda nafaqat adliya organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, balki fuqarolar qonunchilikdagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga onlayn tarzda javob olishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Adliya bilan muloqot” guruhi va “Telegram” messenjerida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tarmoq xizmatlariga hozirda 20 mingdan ortiq fuqaro a’zo bo‘lgan.

Hozirgi kunda vazirlik veb-sayti va www.lex.uz saytida “onlayn-maslahatchi” xizmati faoliyatini kengaytirish, shuningdek, veb-saytda huquqiy axborot “step by step” shaklida joylashtirilgan maxsus rukn yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Huquqiy videoroliklar tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tayyorlangan videoroliklarni telekanallar bilan bir qatorda kinoteatrlar, kinozallar va tashqi reklama obyektlarida qo‘yib borish, ijtimoiy masalalar bo‘yicha tayyorlangan huquqiy axborotni flayerlar va bukletlar shaklida tarqatish rejalashtirilmoqda.

Joriy yil mamlakatimizda 30 ga yaqin qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 400 ga yaqin hujjati hamda 500 ga yaqin hukumat qarorlari qabul qilindi.

Milliy qonunchilikni takomillashtirishga Adliya vazirligi tomonidan ham sezilarli hissa qo‘shildi. Xususan, vazirlik tomonidan 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Bir so‘z bilan aytganda, xalq bilan ochiq muloqot qilish davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashishiga, fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga hamda inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga xizmat qilmoqda. Zero, inson manfaati hamma narsadan ustun.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 601






Все о погоде - Pogoda.uz