O‘zA O`zbek

08.06.2019 09:01 Chop etish versiyasi

Vozrojdenie oroli – oʻlim oʻchogʻi… mi?

Vozrojdenie oroli – oʻlim oʻchogʻi… mi?

Oʻtgan asrning 40 yillaridan to 90 yillarigacha – yarim asr davomida butun dunyodagi eng maxfiy hududlardan biri sanalib kelgan Orol dengizining qoq markazidagi Vozrojdeniye oroli hamon sirliligicha qolmoqda. Tajriba sinovlari tugaganiga 27 yil vaqt boʻlyapti-ki, bu yerda Sobiq Ittifoqning sovuq urush davridan qolgan zaharli sarqitlari saqlanib kelayotganligi aytilmoqda. 

Orol dengizi toʻlin paytlarda unda 300 ga yaqin katta-kichik orollar mavjud boʻlgan. Shularning eng yirik 3 tasi Koʻkorol, Barsakelmes va Vozrojdeniyedir.

Vozrojdeniye oroli XVI-XVII asrlarda Orol dengizi sathi pasaygan vaqtda hosil boʻlgan. Mahalliy aholi tomonidan Qantubek deb nomlanib kelingan ushbu joy 1848-yilda leytenant Aleksey Butakov ekspeditsiyasi tomonidan kashf qilinib, I Nikolay podshoh hurmatiga Nikolay oroli deb nomlangan. Keyinchalik yangi hukumat davrida Vozrojdeniye nomi bilan atala boshlagan. Atrofi feruza rangli suv bilan oʻralgan orolda minglab saygʻoqlar toʻdasini uchratish mumkin boʻlgan, dengiz esa baliqlarga boy boʻlgan.

Qadimdan baliqchilar makon qilib kelingan soʻlim manzarali orol oʻtgan asrning 40 yillaridan boshlab biologik qurollarni sinovdan oʻtkazadigan hududga aylantiriladi. Shu paytdan boshlab baliqchilarga va boshqa begonolarga hududga yaqinlash qatʼiyan man qilingan.

Shartli ravishda hududni “Barxan” yoki “Aralsk 7” deb nomlagan. Hudud oʻta maxfiy sanalgan va dunyoning hech bir xaritalarida aks etmagan edi. Maxfiylik darajasi shu qadar boʻlganki, poligonda xizmatda yurgan xodimlar qayerda ishlashayotganini bilmagan.

Vozrojdeniye haqida koʻp eshitar edik, internetda esa u haqida maʼlumotlar bisyor, lekin shu kungacha u yerga borib koʻrish nasib qilmagan edi. Joriy yil boshidan mazkur hududda quduqlar qazilib, saksovullar ekilib, yashil oazislar paydo qilinishi bahonasida arvoh shaharni koʻzimiz bilan koʻrish ishtiyoqi yana oshdi.

Bizga yoʻlboshchilik qilayotgan moʻynoqlik yigit shaharning marodyorlar tomonidan qoʻpol tarzda talon-taroj qilinganligini aytib berdi.

– Eshitishimcha, bu yerdagi harbiy qismda qoraqalpogʻistonlik bir yigit ham xizmatda boʻlgan ekan, – deydi u. – Uning aytishicha, Sobiq Ittifoq tarqab, poligon faoliyati tugagandan keyin Qozogʻistonning Orol shahridan, Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot, Moʻynoq tumanlaridan koʻplab odamlar bu yerdan narsalar tashiy boshlaydi. Shunda haligi yigit ham metalalom tashishga koʻpchilikka ergashib keladi va shaharni koʻrib hayratdan qotib qoladi.

– Nahotki, bu men xizmat qilgan shahar boʻlsa, – deb baqirib yuboradi. – Men aniq shu shaharda harbiy xizmatda boʻlganman.

Uning gapiga boshqalar ishonch bildirmaydi. Shunda u men oʻzimning xonamni topib beraman sizlarga. Xonamdagi devorga oʻzimning ismimni yozib ketganman, deb hammani ergashtirib olib borsa, haqiqatdan ham yozuv saqlanib qolgan ekan.

Yoʻlboshlovchi yigitning aytgan hikoyasidan keyin u kishini topish va suhbat uyushtirishga qiziqish bildirgandik, lekin u haqida boshqa maʼlumot topishning iloji boʻlmadi.

Umuman olganda, maxfiy hududda bir paytning oʻzida bir yarim mingta kishi yashab, xizmatda boʻlgan boʻlsa ham ularga maʼlum vaqtgacha sirni oshkor qilmaslik boʻyicha xizmat topshirigʻi boʻlganligi aniq, chunki hatto Internetda ham bu boʻyicha xizmatda boʻlgan yoki harbiy shaharda yashagan biron kishining tilidan aytilgan hikoyalarni topib boʻlmaydi.

Faqat Qanatjan Alibekov (Ken Alibek) tomonidan fosh qilingan sirlar butun dunyoni larzaga solgan edi.

Ken Alibek kim edi?

Qanatjan Alibekov (AQSHda Ken Alibek, Kenneth Alibek) 1950-yilda tavallud topgan. Shifokor, olim, immunologiya va infeksion kasalliklar boʻyicha mutaxassis. Harbiy shifokor, polkovnik, Biologiya fanlari va Biotexnologiya fanlari doktori ilmiy darajalariga ega.

U 1975-yildan boshlab Sobiq Ittifoqda biologik qurol yasash va sinov bilan shugʻullanadigan “Biopreparat” tashkilotida rahbar lavozimlarda faoliyat yuritadi. 1990-yilda Sobiq Ittifoq prezidenti M. Gorbachevga yoʻllagan Ittifoqdagi biologik qurol ishlab chiqarish dasturini toʻxtatish boʻyicha tavsiya xati maʼqullanadi va 1991-yilning oxirida AQSH biologik obyektlarini inspeksiya qiladigan komissiya boshqaruvchilaridan biri boʻladi. Inspeksiya AQSHning harbiy biologik qurol ishlab chiqarishini 70 yillar boshlarida toʻxtatganini koʻrsatadi.

Qanatjan Alibek 1992-yilda AQSHga koʻchib oʻtib, “Biohazard” nomli kitobini chop qiladi va unda Vozrojdeniye orolining siri toʻla ochib tashlanadi. Kitobda muallif “1998-yilda mening rahbarligimda Stepnogorsk shahrida yasalgan “Sibir kuydirgisi” ning dunyodagi eng kuchli shtammi ushbu orolda sinovdan oʻtkazildi” deb kesib aytdi.

Qantubek shahriga borayotganimizda har joyda turgan basketbol oʻynaydigan stolbaga oʻxshash qoziqlar eʼtiborimizni tortdi. Bu qoziqlar shahardan 5-6 kilometr uzoqda edi. Maʼlumotlarga koʻra, eng qoʻrqinchli sinovlar shu qoziqlar atrofida oʻtkazilgan ekan.

Maʼlumki, mazkur orolda yarim asr davomida it, maymun, qoʻy, ot kabi hayvonlarda boshqa bakteriologik qurollar ham sinovdan oʻtkazilgan. Preparatlar namunalari Stepnogrosk, Kirov, Yekaterinburg kabi oʻnlab shaharlardagi biokimyoviy laboratoriyalardan yetkazib berib turilgan.

Qanatjan Alibekovning taʼkidlashicha, kichikroq tajribalar oʻtkazish maqsadida, haligi qoziqqa 8-9 ta maymunni bogʻlab, ularning tepasidan sibir kuydirgisini keltirib chiqaradigan biologik “bomba” ni sochib yuborib turgan. Shunday qilib, maxsus oʻlchov asbobiga yuqumli shtamlarning ochiq osmonda qanday qilib tarqalishini, qanday vaqtda tajriba-maymunlarga yetishini va ularga qanday taʼsir qilib, qanday oʻlishigacha yozilib olingan. Maymunlar tepalarida “bomba” yorilganida avvalida nima boʻlganini bilmay, keyinchalik bezovtalanib qoziq atrofida aylanib yugura boshlaydi, soʻng ogʻizlarini bosib, boshlarini oyoqlari oʻrtasiga yashirib, koʻp oʻtmay jon taslim qiladi.

Eng dahshatlisi, bu kabi sinovlar bakteriyalik aerozolning atmosferaga tarqalish koʻlamini tadqiq qilish uchun Vozrojdeniye orolining ustki havo qavatida ham yuritilgan. Shunday paytlarda orol atrofida, asosan janubiy qismida yurish juda xavfli boʻlgan. Chunki osmonda olib boriladigan tajriba sinovlari janubiy qismida sodir boʻlgan. Tajriba oʻtkazilgan paytlarda atrof yashil rangda tumanlashib ketgan.

Oroldagi favqulodda vaziyatlar 1970-yillardan boshlanadi. 1971-yilda dengizda suzib yurgan tadqiqot kemasi shamol kuchi bilan qirgʻoqdan uzoqlab ketadi va qalin yashil tumanga kirib ketadi. Ekspeditsiya tarkibidagi yosh ayol olim kasallanib qoladi. Shaharga kelgandan keyin uning kasaliga chechak diagnozi qoʻyiladi. Koʻp oʻtmay kasali tuzaladi, lekin kasallik 9 nafar kishiga yuqadi va ulardan 3 nafari, jumladan ukasi ham vafot etadi.

Oradan bir yil oʻtib, orol sohilidan ketayotgan qayiqda ilgari gʻoyib boʻlgan ikki baliqchining jasadlari topiladi. Ularning oʻlimiga oʻlat sabab boʻlganligi maʼlum boʻladi.

Bir muncha vaqt oʻtgach, mahalliy aholi dengizdan koʻplab oʻlik baliqlarni tortib oladi. Hech kim nima boʻlganini tushunmaydi. 1988-yil may oyida esa orol yaqinidagi choʻlda 50 ming boshdan iborat katta saygʻoq podasi 1 soat ichida nobud boʻlganligi qayd etiladi.

Ushbu hodisalarga orolda olib borilgan bakteriologik qurollarning sinov tajribasi sabab boʻldi, degan xulosa chiqariladi.

Avval taʼkidlaganimizdek, bakteriologik qurollar havoda ham sinab koʻrilgan.

Xavfli antraks qurolining Sobiq Ittifoqda ishlab chiqilayotgani haqida tarqalgan xabar esa xalqaro mojaroga sabab boʻladi. 1988-yilda Rossiyaning Sverdlovsk shahri qoshida ishlab chiqarilgan yuzlab tonna sibir kuydirgisini keltirib chiqaruvchi qurollar zanglamaydigan maxsus konteynerlarga joylashtiriladi va ustiga xlorli ohak quyiladi. Keyinchalik minglab kilometr yoʻl bosib Vozrojdeniye oroliga koʻmiladi.

Baʼzi maʼlumotlarda antraksning 10 kilogrammi 300 ming odam yashaydigan bitta shaharni bir tunda qirib tashlash mumkinligi haqida aytiladi. Vozrojdeniyeda esa 24 ta vagon antraks koʻmilgan. 1999-yilda New York Times gazetasi ushbu koʻmilgan antraks quroli butun dunyo ahlini bir necha bor yoʻq qilib yuborishga qodir, dengiz suvi qurib ketyapti, orol kelgusida yarim orolga aylansa, u yerdan kemiruvchilar va qushlar orqali kasallik tarqab ketishi mumkinligi haqida bong uradi.

Orolda poligon faoliyati toʻxtatilgandan keyin Pentagon mutaxassislari va boshqa ilmiy ekspeditsiyalar tomonidan bir necha bor tadqiqotlar oʻtkazilgan. Lekin, shu kungacha tadqiqot olib borgan qator ekspeditsiyalar xulosasiga koʻra, hududda epidemiologik xavf kuzatilmagan.

Moʻynoqlik qari baliqchilar bu haqida nima biladi?

Moʻynoqlik koʻpchilik yoshi ulugʻ baliqchilar ushbu maxfiy hududga va harbiy kemalarga koʻp marotoba roʻbaroʻ boʻlganini yaxshi eslaydi.

– Bir kuni Qozogʻistonning Orol shahridan barjaga ortilgan yukni Moʻynoqqa tortib olib kelayotgandik. Bir vaqtda kemamizning vintiga tros ilinib qolib, yurmay qoldi. Ancha ovora boʻldik, lekin, tros yozilmadi. Yordamga chaqiruvchi qizil SOS raketasini uchirdik. Oradan 2 soat vaqt oʻtgandan keyin yonimizda harbiy kater paydo boʻldi. Bortdagi hammamizni oʻzlarining kateriga oʻtkazib, kayutasiga qamab qoʻydi va kemamizni sudrab nomaʼlum qirgʻoqqa olib keldi. Biz qayerga kelganimizni bilmasdik. Bu yerda biroz vaqt kemamiz tagiga ilashgan troslarni yozdirib, qaytadan sudrab avvalgi joyimizga olib keldi va bu hududga qaytib yaqinlashmang, deb buyurdi, – deydi moʻynoqlik baliqchi Olmos Tobashev.

– 1970-75 yillarda Orol dengizida bakrabaliq koʻp boʻlardi. Bakrabaliq asosan dengizning oʻrtasida boʻlardi. Baʼzan qorongʻi tunda adashib ham qolganmiz. Bir kuni qalin tumanda dengiz oʻrtasida kompasimiz ishlamay qoldi, deng. Koʻp vaqt adashib yurganmiz. Toʻsatdan yonimizda harbiylar kemasi paydo boʻlgan. Kompasimizni tuzatib, qaysi tomonga yurishimizni koʻrsatgan. Keyin bilsak, biz adashib, oʻsha paytlarda eng maxfiy sanalgan hudud – Orol dengizi oʻrtasidagi Vozrojdeniye oroliga yaqinlashib qolgan ekanmiz, – deb eslaydi uchsoylik Adilbay Bigeldiyev.

Arvoh shaharni turistik maqsadda foydalansa boʻladi...mi?

Vozrojdeniyega kirib borar ekanmiz, sahro tabiatining goʻzalligi lol qoldirdi. Joriy yilga bahorda yogʻingarchilik moʻl boʻlgani bois atrof yam-yashil edi. Quyon koʻp ekan. Saksovul qalin boʻlib oʻsib ketgan. 

Shaharga kirishimiz bilan qandaydir xavotir vujudimizni egallab oldi. Boʻm-boʻsh koʻp qavatli uylar, binolar. Shamol huvillab, qoʻrqinchli ovozlar qulogʻingga chalinadi. Bir burchakdan nomaʼlum hayvon chiqib keladigandek tuyulaveradi.

Tashlandiq shahar marodyorlar tomonidan shunday talanganki, binolar ichiga kirish xavfli boʻlib qolgan.

Shahar ikkita qismdan iborat: shimoliy qismida bir yarim mingga yaqin poligon xizmatidagi harbiylar, ularning oila aʼzolari va askarlar yashagan, janubiy qismida esa laboratoriyalar faoliyat yuritgan.

Aholi yashagan qismini 4 soat aylanib yurganimiz bilan hammasini koʻrib chiqishga ulgura olmadik. Bizga har bir obyekt qiziq edi. Ha, bu yerda maktab, shifoxona, bolalar bogʻchasi, oshxona, doʻkon, hammom-kirxona kombinati, omborxona, avtobaza, hattoki, turmasi ham boʻlgan. Maktab bilan shifoxona butunlay qoʻporib olib ketilgan. Shaharning gʻarbida kamida 40 tonna keladigan koʻmir uyundisi qolib ketgan. Avtomashinalar, hatto tanklar ham tashlab ketilgan. Bugungi kunda ularning faqat skeleti qolgan.

Xavfli hudud boʻlgan boʻlsa ham bu yerda aholining yashashi uchun juda yaxshi sharoit yaratilgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Atrofi dengiz bilan qurshalgan hudud haqiqiy goʻzal manzaraga ega boʻlganligi aniq.

Shaharning janubida 3 kilometrda joylashgan qismida laboratoriyalar mavjud. Xavfli boʻlishiga qaramasdan, marodyorlar tomonidan laboratoriyalarning materiallari ham ayovsiz tunalgan. Hozirgacha ushbu binolardan dorilarning hidi anqib turibdi.

Ikkita shaharning oʻrtasida qozonxonaga oʻxshash binoni koʻrdik. Maʼlum boʻlishicha, krematoriy pech ham boʻlgan ekan. Yaʼni, tajriba oʻtkazilgan hayvonlar shu yerda yoqib yuborilib, jasadlarning kuli maxsus joyga koʻmilgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, kasallik yuqtirgan odamlar ham shu yerda yoqib yuborilgan.

Tashlandiq shaharda qiziqarli obyektlar koʻp-ki, ularni bir kun ichida aylanib chiqib boʻlmaydi.

Xoʻsh, Vozrojdeniye xavfli hududmi yoki yoʻq? Bu savolning boshi hamon ochiq qolmoqda.

Koʻplab davlatlarda, xususan, Chernobilda ham arvoh shaharlar turistik maqsadda foydalanib kelinmoqda. Vozrojdeniye hududining xavfsizligi isbotlansa, sayyohlik yoʻnalishida tezda mashhur boʻlishi aniq.

Hozirning oʻzida Vozrojdeniyega yaqin joyda, yaʼni Shagʻala massivida quduqlar qazilib yashil oazis barpo qilinmoqda. Maqsad sayyohlik salohiyatni koʻtarish.

Vozrojdeniye esa nomiga mos tarzda qayta uygʻonmoqda.

25.jpg

27.jpg

34.jpg

35.jpg

46.jpg

44.jpg

Ye.QANOATOV, Maqsad HABIBULLAYEV olgan suratlar, OʻzA
3 910