Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.07.2018 16:30 Chop etish versiyasi

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida bir dona huquqbuzarlik qayd etilsa ham ko‘p

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida bir dona huquqbuzarlik qayd etilsa ham ko‘p Mamlakatimizda bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatining barcha ta’lim muassasalarida ham o‘quv yili nihoyalanib, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari yozgi ta’tilga chiqishdi.

Litsey va kollej bitiruvchilarining ko‘pchiligi oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lsa, ba’zilari o‘qigan kasb-hunar kollejlarida o‘rgangan kasb-korlari bo‘yicha ish faoliyatlarini boshlab yuborishdi. Umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ba’zilari yozgi ta’tilni bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida, boshqalari esa ota-onalari bag‘rida o‘tkazishmoqda.

Lekin shunday voyaga yetmagan bolalar ham borki, huquqbuzarlik, darslarni muntazam qoldirish, fanlarni o‘zlashtirmasliklari tufayli yozgi ta’tilda ham doimiy nazoratda turibdi.

Boshqa hududlaridagi singari Sirdaryo viloyatida ham ta’lim muasasalari o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga o‘z vaqtida qatnashishini o‘rganib borish jarayonida darslarga sababsiz qatnashmayotganlarini aniqlash, sabablarini o‘rganish, tahlil qilish, mashg‘ulotlarni o‘zlashtirishini yaxshilash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida huquq-tartibot va jamoatchilik vakilaridan iborat ishchi guruhlari tuzilgan. Ushbu komissiya tarkibiga biriktirilgan 195 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari, 118 nafar xalq ta’limi, 38 nafar o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, 13 nafar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, shahar, tuman kengashlari, 221 nafar fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoatchilik vakillari viloyat bo‘yicha 143 ishchi guruhida faoliyat yuritmoqda.


Joriy yilning o‘gan 6 oyi davomida ana shu guruhlar tomonidan viloyatidagi mavjud 297 umumta’lim maktablari, 3 akademik litsey va 48 kasb-hunar kollejlarida “Davomat”, “Tig‘”, “Tun” pofilaktika tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib borildi. Ushbu tadbirlar – joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida umumta’lim maktablarida 1 ming 485 marotaba, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida 848 marotaba o‘tkazilib, unda 1 ming 326 nafar o‘quvchi uzrli sabablarsiz hamda muntazam ravishda dars mashg‘ulotlariga qatnashmayotgani aniqlandi. Ularning 395 nafarini umumta’lim maktablari, 931 nafarini esa akdemik litsey va kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilari tashkil etdi.

O‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga qatnashmaslik sabablari tahlil qilinganida, 200 nafar o‘quvchining yashash manzillari ta’lim muasasasidan olisdaligi va maxsus transport vositasi ajratilmagani, 24 nafar o‘quvchi-qizning turmushga chiqganligi, 9 nafar bolaning o‘qishga qiziqmasligi, 10 nafari tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlar bo‘lib, bir necha bor oilasidagilar bilan chiqishmasdan uyidan ketib qolganligi, 47 nafari yashash manzilidan uzoq muddatga chiqib ketganligi, 965 nafari hech bir sabablarsiz va 71 nafari kam taminlangan oilalar a’zosi bo‘lganligi tufayli dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan.

Ana shu tadbirlar davomida farzandlarini dars mashg‘ulotlariga qatnashishini ta’minlamagan 912 nafar ota-onaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasiga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy choralar ko‘rish uchun, shahar va tumanlar hokimliklari qoshidagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga hamda ma’muriy ishlar bo‘yicha tegishli sud idoralariga yuborildi. 274 nafar ota-onalar va 345 nafar voyaga yetmaganlar esa profilaktik hisobga olindi, 10 nafar voyaga yetmagan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muasasasiga yuborildi. Shu bilan birga, yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan ta’limni boshqarish organlariga 45 ta taqdimnoma kiritildi.


– Yuqorida zikr etilgan komissiya, viloyat IIB profilaktika inspektorlari, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari tomonidan hamkorlikda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 395 nafar o‘quvchi umumta’lim maktablari, 884 nafar o‘quvchi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari dars mashg‘ulotlariga qaytarildi, – deydi viloyat IIB HPB voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi inspektori, kapitan Mansur Bayeshanov. – Shuningdek, dars mashg‘ulotlari vaqtida maqsadsiz, qarovsiz va nazoratsiz yurgan 611 nafar voyaga yetmaganlar, jumladan, 291 nafar umumta’lim maktablari, 278 nafar akademik litsey va kasb-xunar kollejlari o‘quvchilari, 42 nafari bog‘cha yoshidagi bolalar viloyat IIB HPBga bevosita bo‘ysunuvchi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi hamda ota-onasi yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarga qonuniy ravishda topshirildi.

Joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida viloyatdagi ta’lim muasassalarida o‘tkazilgan “Tig‘” (o‘tkir tig‘li jism) tadbiri davomida o‘quvchilar tomonidan dars mashg‘ulotlarga o‘tkir tig‘li jismlarni olib kelish holati qayd etilmadi.

Voyaga yetmaganlarni, tungi vaqtlarda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning kuzatuvisiz ko‘ngil ochar joylarda, internet klublar, qahvaxona, choyxonalarda bo‘lishini oldini olish maqsadida, mutassadi tashkilotlar bilan hamkorlikda “Tun”gi reydlar o‘tkazildi.

Ushbu profilaktika tadbiri davomida voyaga yetmaganlarni ota-onasini yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarni ishtrokisiz ko‘ngil ochar joylar, internet kafelarda bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan 5 nafar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 188-2 moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli hududiy sudlar tomonidan ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

– O‘quvchilarning yozgi ta’tili boshlanishi bilan voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqti ham ko‘payadi, – deydi Sirdaryo viloyat IIB huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Sharof O‘rolov. – O‘quvchilar ta’lim muassasalariga bormayotganliklari sabab ustozlari tomonidan bo‘lgan nazorat ma’lum darajada bo‘lsada kamaydi. Shu sabab soxamiz xodimlarining hushyorligini va nazorat mas’uliyatini ikki hissa oshirdik.

Viloyat hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, adliya, xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda yozgi sog‘lomlashtirish va kunduzgi mavsumiy oromgohlarga jalb etilmagan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida rang-barang ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlov, viktorina, uchrashuv va kechalar, turli sport musobaqalari tashkil etilayapti. Unda o‘quvchi-yoshlarimiz bajonidil ishtirok etishayapti.


O‘tgan 2017 yilning shu davrida hisobot oxirida hisobda turgan voyaga yetmaganlar soni 406 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davriga kelib, ularning soni 68 nafarga kamaydi. Lekin bu raqam bizni qanoatlantirmaydi. Toki, voyaga yetmaganlar o‘rtasida bir dona huquqbuzarlik qayd etilsa ham – bu ko‘p. Demak hali hamkorlikni yanada oshirishimiz, amalga oshirayotgan ishlarimiz samaradorligini yanada yaxshilashimiz, farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tishini to‘liq ta’minlashimiz va ularning har bir daqiqasini doimiy nazoratimizda tutmog‘imiz lozim. Shiorimiz – bizning hududimiz voyaga yetmaganlar huquqbuzarligidan xoli hududga aylanishi shart.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri
2 491