O‘zA O`zbek

15.09.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Voyaga yetmagan haydovchi piyodaning qotiliga aylandi

Voyaga yetmagan haydovchi piyodaning qotiliga aylandi 2018-yil 15-mart kuni soat 15:30 lar atrofi.

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchi voyaga yetmagan A.Alimov (ism-sharif oʻzgartirilgan) buvisining nomida boʻlgan “Neksiya” avtomashinasini hujjatlarsiz haydagan va yoʻlni kesib oʻtayotgan piyoda D.Roʻzimovni urib yuborgan. Shuningdek, avtomashina salonida boʻlgan yoʻlovchi Z.Karimovga tan jarohati yetgan.

Haydovchi yoʻllarda harakatlanish qoidalarining 77-bandidagi, “Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yoʻl va ob-havo sharoitini, shuningdek harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilangandan oshirmasdan boshqarishi kerak. Tezlik haydovchiga ushbu qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatini doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerak. Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatidagi xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini u toʻla toʻxtashni taʼminlaydigan darajada kamaytirishi yoki toʻsiqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tugʻdirmagan holda aylanib oʻtish choralarini koʻrishi kerak”, deb koʻrsatilgan talablarini qoʻpol ravishda buzgan.

Oʻsmir oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, yengillik qilinishini soʻragan.

Jabrlanuvchining oʻgʻli Sh.Roʻzimov sud muhokamasida otasini avtomashinada urib yuborgan A.Alimovga nisbatan daʼvosi yoʻqligini aytgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7-moddasiga koʻra, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli boʻladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi kerak.

Shu Kodeksning 8-moddasiga binoan, jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi odilona boʻlishi, yaʼni jinoyatning ogʻir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi lozim.

Mazkur ish yuzasidan sud hukmi oʻqildi.

Sudlanuvchi A.Alimov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 266-modda 2-qismi bilan 57, 821-moddalari qoʻllanilib, 200 (ikki yuz) soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi.

Tayinlangan majburiy jamoat ishlari jazosi oʻqishdan boʻsh vaqtlarda oʻtatiladigan boʻldi.

Aslida bu oʻsmirga avtomobil boshqarishga ruxsat berilmasligi kerak edi. Chunki u hali yosh, shoshqaloq va haydovchilik hujjati ham yoʻq. Bu jarayonda yana oʻsha tarbiya, oilaviy muhit, kattalarning eʼtibori kabi masalalarning muhimligi namoyon boʻladi. Farzandlarimizni toʻgʻri yoʻlga boshlash, ularning bu kabi salbiy vaziyatlarga tushib qolmasligi, bilib-bilmay jinoyat sodir etmasligi uchun hammamiz javobgarmiz.

Akbar AMINOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Xorazm viloyati
Hazorasp tumani sudi raisi

OʻzA
1 990