Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 21:08 Chop etish versiyasi

Vladimir Tyurdenev: Navro‘z – insoniyatning asrab-avaylab kelinayotgan ma’naviy boyligi

Rossiya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan biridir. Ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi muttasil oshib, eksport va import salohiyati kengaymoqda. 2016-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan oshdi. Rossiya va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi mustahkam madaniy-gumanitar aloqalar va tarixiy rishtalar o‘zaro hamkorlikning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Navro‘z bayrami arafasida O‘zA muxbiri Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev bilan suhbatlashdi.

– Janob elchi, suhbatimiz Navro‘z bayrami arafasida o‘tmoqda. Ushbu bayram va uning O‘zbekistonda nishonlanishi, mamlakatimizda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqidagi fikringizni bayon etsangiz.

– O‘zbekiston xalqi keng nishonlaydigan eng yorqin bayram va muhim sanalar orasida Navro‘z alohida o‘rin tutadi. Asrlar davomida shakllangan an’analarni o‘zida mujassam etgan bu bayram tabiat uyg‘onishi hamda hayotning qayta tiklanishini ifoda etadi.

Bugun ham ko‘p asrlar davomida bo‘lgani kabi Navro‘z bayramida xalq sayillari tashkil etilib, ashula va raqslar ijro etiladi. Ushbu ayyomni O‘zbekistondagi eng sevimli bayramlardan biri desam, yanglishmayman. Negaki, yangilanish, yasharish va ezgulik ayyomi bo‘lgan Navro‘z bunyodkorlikka undaydi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni madaniy rang-baranglikni hurmat qilish asosida yanada mustahkamlaydi. Menimcha, bularning barchasi mamlakatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, uni izchil rivojlantirishga xizmat qiladigan ushbu bayramning mazmun-mohiyatini anglatadi.

O‘zbekistonda ezgu milliy an’analar, boy tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash hamda rivojlantirishga hamisha alohida e’tibor qaratilgan.

Bugun Navro‘z nafaqat O‘zbekiston xalqi hayotida alohida o‘rin tutmoqda, balki insoniyatning asrab-avaylab kelinayotgan ma’naviy boyligi hisoblanadi. Zero, bu bayramning nomoddiy madaniy meros sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani ham bejiz emas.

– O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida ham so‘zlab bersangiz. Ayni paytda mamlakatlarimiz hamkorligi qaysi sohalarda jadal rivojlanmoqda?

– Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi nishonlanishini alohida ta’kidlashni istardim.

Rossiya va O‘zbekistonni strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, xalqlarimizni esa mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turibdi. Har ikki tomon teng huquqlilik va manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslangan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekani muntazam ta’kidlab kelinadi.

Mamlakatlarimizning asosiy xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalari bir-biriga mos keladi yoki yaqindir. Davlatlar o‘rtasida yuzaga keladigan ziddiyatlarni diplomatik vositalar orqali hal etish tarafdori bo‘lgan Rossiya va O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash borasida hamkorlik qilish zarurligidan kelib chiqqan holda, bu boradagi yondashuvlarni ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida muvofiqlashtirmoqda.

Rossiya – O‘zbekiston munosabatlari, jumladan, oliy va yuqori darajalardagi aloqalar jadal rivojlanmoqda. Prezidentlarimiz ikki tomonlama formatda va xalqaro tashkilotlar doirasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli o‘zaro hamkorlik turli yo‘nalishlarni qamrab olgan. Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda turli sohalarda, jumladan, yoqilg‘i-energetika sohasida Rossiyaning 961 korxonasi faoliyat yuritmoqda. Rossiya hududida O‘zbekiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan 569 xo‘jalik subyekti mavjud.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlislari muntazam tashkil etilmoqda. Mazkur komissiyaning oxirgi majlisi shu yilning fevral oyida Toshkentda o‘tkazildi. Bundan tashqari, ikki tomonlama tovar ayriboshlashni jadallashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, bu borada gap O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun "yashil yo‘lak" tashkil etish haqida bormoqda va bu Rossiya bozorida ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi.

Hududlararo hamkorlik Rossiya – O‘zbekiston iqtisodiy aloqalarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Orenburg, Ivanovo, Chelyabinsk, Moskva, Kemerova, Sverdlovsk, Samara va Rostov viloyatlari O‘zbekiston bilan savdo sohasida hamkorlikda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Joriy yilning fevral oyida Novosibirsk viloyati gubernatori V.Gorodetskiy boshchiligida mintaqaviy meva-sabzavot mahsulotlari importchilari vakillari Toshkentda bo‘ldi. Mart oyida esa Samarqand viloyati delegatsiyasi Tataristonga tashrif buyurdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik ikki davlat o‘zaro hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘tgan yili O‘zbekistonda Rossiya kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu yil Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Har ikki davlatda o‘tkazilayotgan konferensiyalar, ko‘rgazmalar, milliy ijrochilar va jamoalar konsertlari katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ta’lim sohasidagi aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda.

Bugungi kunda shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish o‘z samaradorligi va dolzarbligini isbotladi. Bunday hamkorlik har ikki davlat xalqlari manfaatlariga mos keladi.

– Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda turli sohalar, jumladan, iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar samarasida bugun mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muttasil rivojlanib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil fevral oyida tasdiqlagan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari aniq belgilab berilgan. Strategiyani amalga oshirish maqsadida ijtimoiy hayotning turli sohalarini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va biznes-muhitni takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

2017-yil O‘zbekistonda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi, vazirlik va idoralarda virtual qabulxonalar tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarga borib, oddiy odamlar bilan muloqot qilmoqda, joylardagi muammolarni atroflicha o‘rganmoqda. O‘zbekiston Prezidentining ushbu xayrli sa’y-harakatlari ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatining qonuniy va mantiqiy davomi bo‘lib, jamiyat orasida ijobiy aks sado bermoqda, mamlakatda tinchlik, barqarorlikni saqlashga xizmat qilmoqda.

– O‘zbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz...

– Bu yil do‘stligimiz yanada mustahkamlanib, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimiz yanada mustahkamlanadigan, Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining farovonligi yuksaladigan yil bo‘lishini samimiy tilayman.

O‘zbekiston xalqini Navro‘z ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman, bahoriy kayfiyat, ulkan muvaffaqiyat, oilaviy baxt-saodat va farovonlik tilayman!

Nodira Manzurova, O‘zA
1 628






Все о погоде - Pogoda.uz