Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.06.2018 20:18 Chop etish versiyasi

Virtual dunyo muammosi teatr sahnasida

Jizzax viloyati qo‘g‘irchoq teatrida Uchqun O‘sarov pyesasi asosida rejissyor Akmal To‘rayev tomonidan sahnalashtirilgan “Virtual dunyo” spektaklining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Virtual dunyo” ertak-pyesasida kompyuterdan virtual o‘yinlar o‘ynash vositasi sifatida foydalanish oqibatida bolalarning tevarak-atrofga qiziqishi so‘nishi, hissiz, loqayd va asabiy bo‘lib qolishi, ota-onasi va yaqinlaridan yiroqlashishi, darsni o‘zlashtira olmasligi haqidagi voqealar aks ettirilgan.

Spektaklda bugungi kunda ko‘pchilik uchun yaxshi tanish jarayon – bolalar ko‘p vaqt sarflayotgan kompyuter dunyosi bilan bog‘liq hayotiy voqealar qiziqarli, ishonchli tasvirlagan. Asarda rollarni teatr aktyorlari Zulxumor Mahmudova, Orifjon Mamatov, Shuhrat Eshonqulov, Bekzod Yunusov, Ra’no Boltaboyeva, Husan Usmonov, Fazliddin Isroilov, Bekzod Soriyev va Temur Rahmatullayev mahorat bilan ijro etgan.

Taqdimot marosimida teatrshunoslar, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi sohasi mutaxassislari, ijodiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.

– Pyesadan maqsad bolalarning kompyuterga qiziqishini susaytirishga qaratilmagan, aksincha, virtual olam imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanishni targ‘ib qiladi, – deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatrining adabiy ishlar bo‘yicha rejissyor yordamchisi G.Salimova. – Taqdimot muhokamasida asarga ushbu g‘oya – bolalarning kompyuter savodxonligini oshirishda undan to‘g‘ri foydalanishga e’tibor qaratish maqsadi singdirilgani e’tirof etildi. Odil va haqqoniy bahoni tomoshabinlar, ya’ni bolalarning o‘zi berishadi.

Teatr jamoasi ushbu spektakl bilan respublika qo‘g‘irchoq teatrlarining an’anaviy ko‘rik-festivalida ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.

T.Beknazarov, O‘zA
1 489