Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 14:28 Chop etish versiyasi

Viloyat prokuroriga Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi tumanlari biriktirildi

Prezidentimizning joriy yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati ​joylardagi dolzarb muammo va masalalarni o‘rganish, hal etish, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning yangi tizimiga muvofiq, Surxondaryo viloyatidagi tuman va shaharlarni to‘rt sektorga bo‘lishda ularning ixtisoslashuvi atroflicha o‘rganilib, hududlarga hokim, prokuror, ichki ishlar va davlat soliq idoralari rahbarlari biriktirildi. Viloyat hokimiga Angor, Qiziriq, Sherobod, Sariosiyo tumanlari, viloyat prokuroriga Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi tumanlari biriktirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Muzrabot, Termiz, Oltinsoy, Uzun, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Denov, Boysun tumanlari va Termiz shahriga mas’ul etib belgilandi.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish Nizomi hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili bo‘yicha Termiz shahri va tumanlardagi mahallalar hududi ham hokim va mazkur organlarning joylardagi rahbarlari boshchilik qiladigan sektorlarga berilib, bevosita aholi bilan ishlash vazifasi yuklandi. Endilikda ular o‘z sektoridagi obod va sharoiti yaxshi joylarda emas, balki eng og‘ir va muammosi ko‘p hududda, mahallada yashab, odamlar bilan ochiq muloqot qilmoqda, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganib, joyida hal etish choralarini ko‘rayotir.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda turli sohalardagi muammolarni joyida hal etishga, har chorakda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sektorlar vazifalarining asosiy yo‘nalishlari tartibga solingan nizomda yangi tizim bo‘yicha ishlashning samarali shakl va uslubi, sektor rahbarlarining vakolati, javobgarlik choralari, hisobdorligi va ularning faoliyatini baholash tartibi belgilangan. Davlat idoralari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Hisobot hujjati sifatida markazlashtirilgan tartibda tarqatiladigan sektor rahbarlarining uyma-uy yurish daftarini yuritish e’tiborga olingan. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari majlislarida har chorakda sektorlar rahbarlarining hisoboti hududlarga biriktirilgan mas’ul mansabdor shaxslar, deputatlar ishtirokida eshitilishi belgilab qo‘yilgan. Hisobotlar chuqur tahlil qilinib, hududni rivojlantirishga g‘ov bo‘layotgan kamchiliklar aniqlanadi. Shunga muvofiq, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari belgilanadi, hududiy, davlat va investitsiya dasturlariga kiritish uchun takliflar tayyorlanib, tuman va mahalla iqtisodiyotini yanada yuksaltirish choralari ko‘riladi.

Sariosiyo tumanidagi sektorlar faoliyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, fermerlik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik kabi tarmoqlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tomorqadan unumli foydalanish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Aholini ish bilan ta’minlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, yoshlarning intilish va tashabbuslarini munosib rag‘batlantirish doimiy e’tiborda. Elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalar o‘z yechimini topmoqda. Odamlar duch kelayotgan muammolarning asosiy qismi tuman va viloyat darajasida hal etilayotir. Masalan, 7-sentabr kuni viloyat hokimi tomonidan tumanda yoshlar hayoti bilan bog‘liq qator masalalar o‘rganilib, mas’ullar ishtirokida joyida hal etildi.

– Elektr tarmog‘i bo‘yicha mutaxassisman, – deydi So‘fiyon mahallasida yashovchi Sh.Xolboboyev. – Viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida qishlog‘imizga yaqin joydan mutaxassisligim bo‘yicha ish topilmayotganini aytdim. Shu yerning o‘zida hudud sektor rahbari ko‘magida uyimizdan uzoq bo‘lmagan ta’lim muassasasiga ishga joylashishga muvaffaq bo‘ldim. Mahallamizda o‘zim qiziqqan soha bo‘yicha mehnat qilish uchun yetarli sharoit yaratib berilganidan juda xursandman.

Xalq dardu tashvishi bilan yashash rahbarlarning asosiy vazifasiga aylanayotgani barchani quvontirmoqda. Negaki, fuqarolar o‘z hududi, o‘z uyiga kelgan rahbarlar bilan erkin muloqot qilish, yutuq va tashvishlarini, muammo va takliflarini bemalol aytish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

– Mahallamiz tuman markazidan olisda, qo‘shni davlat bilan chegaradosh hududda joylashgan, – deydi Sariosiyo tumani "Hamkorlik" mahallasida yashovchi Intizor Xurramova. – Uyimizga kelgan sektor vakillariga aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni malakali tibbiyot xodimlari chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazishini so‘rab murojaat qildim. Bu masala viloyat markazidan keladigan tajribali shifokorlar ko‘magida hal etiladigan bo‘ldi.

Xalq bilan muloqot qilishning sifat jihatdan yangi va samarali shakli joriy etilgani hududdagi har bir mahalla fuqarolar yig‘inida ishlab chiqilayotgan “yo‘l xaritasi”ni tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik tamoyili asosida ro‘yobga chiqarishga qulay sharoit yaratmoqda.

Sherobod tumani hokimi A.Eshmurodovning ta’kidlashicha, tumandagi to‘rtta sektor aholi bilan yuzma-yuz muloqot orqali ular duch kelayotgan muammolarni aniqlab, o‘z vaqtida, joyida bartaraf etishga harakat qilayotir. Ayrimlarini sektor, tuman yoki hudud doirasida “yo‘l xaritasi”ga kiritish choralari ko‘rilayotir.

– To‘rtinchi sektorga biriktirilgan 8 mahalla fuqarolar yig‘inida uyma-uy yurish mahallada odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni aniqlab, joyida hal etishda o‘z samarasini bermoqda, – deydi Sherobod tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari A.Karimov. – Tuman va viloyat miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan takliflar tayyorlanayotir. Bu hududdagi ko‘plab ijtimoiy-maishiy, mehnat, tadbirkorlikka oid masalalar bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarni bevosita mahallaning o‘zida hal etishga xizmat qilmoqda.

Boysun tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga tog‘li hududdagi Machay, Temir darvoza, Sangchil, Qizilnav singari 11 mahalla biriktirilgan.

– Hududning iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohasini kompleks rivojlantirishda sektorlar muhim o‘rin tutmoqda, – deydi Boysun tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sh.Sattorov. – Odamlar bilan yuzma-yuz muloqot orqali ko‘plab masalalarni joyida hal etishga erishilmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ham jalb etilib, aholi, jumladan, xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot-profilaktika ishlari samaradorligiga e’tibor qaratilayotir. Buning natijasida joylarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda. Eng muhimi, fuqarolarning tinch va osuda hayoti ta’minlanib, turmush farovonligi yuksalmoqda.

Muxtasar aytganda, yangi mexanizm tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari, aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlarni qiynayotgan dolzarb muammolarni, shuningdek, hududning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni aniqlash va joyida hal etish, davlat va hududiy dasturlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 310






Все о погоде - Pogoda.uz