Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 16:41 Chop etish versiyasi

Vijdon hukmi

Eng adolatli hukm qanday bo‘ladi, degan savolga donishmandlardan biri "bu vijdon hukmidir", deb javob qaytargan ekan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘lib o‘tgan "Sudyalar klubi"ning navbatdagi majlisida esga olingan bu hikmat bevosita sudyalar faoliyati bilan bog‘liqligi bois alohida ahamiyatga ega. Darhaqiqat, sudya sud majlisida qabul qilgan qarori yoki hukmidan keyin vijdoni qiynalmasagina u chinakam adolat so‘zini aytgan bo‘ladi. Zero, haqiqatning ko‘ziga tik boqa oladigan, to‘g‘ri so‘z va odil odam doim vijdoni oldida pok bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sud organlari xodimlari, ayniqsa, sudyalar oldiga ana shunday adolatli va xolis bo‘lish vazifasini qo‘ygan. Buning zamirida xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, inson huquqlarini yuksak darajada himoya qilishga qaratilgan ezgu maqsad mujassam.

Davlatimiz rahbari shu yil 13 iyun kuni soha xodimlari bilan uchrashuvda xalq oldida obro‘-e’tibor qozongan sudyalarning hayot yo‘li, odil sudlovni amalga oshirishdagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish uchun “Sudyalar klubi”ni tashkil etishni taklif etgandi. Uzoq yillar sudyalik qilgan, o‘z kasbi tufayli obro‘-e’tibor to‘plagan faxriylar mazkur klub a’zolariga aylandi.

Sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlangan yosh sudyalar taklif etilgan klub majlisida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan sud-huquq sohasidagi islohotlar o‘z navbatida soha rivojiga ham keng yo‘l ochgani ta’kidlandi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida sudning, sudyaning xalqqa yaqinlashuvi yaqqol ko‘zga tashlandi. Muhimi, aholining manfaatini ta’minlash, ishonchini qozonish imkoniyati kengaydi.

– Sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tizimining tubdan takomillashtirilgani yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi, – deydi sud tizimi faxriysi Karimjon Saidov. – O‘z navbatida, sud faxriylarining maslahatlari, boy tajribasi va hayotiy o‘gitlari yosh sudyalar uchun muhim hayot maktabi vazifasini o‘taydi.

– Davlatimiz rahbari sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish zarurligiga e’tibor qaratgandi, – deydi Ma’muriy ishlar bo‘yicha Yashnobod tumani sudi sudyasi Umida Ma’diyeva. – Buning uchun soha xodimlari nafaqat qonunlarni chuqur bilishi va amalda qo‘llashi, balki zarur hayotiy tajribaga, tom ma’noda adolatni his eta olish qobiliyatiga ega bo‘lishi zarur. "Sudyalar klubi" shu jihatdan o‘z vaqtida tashkil etilgan zarur tuzilma bo‘lib, u yosh sudyalar uchun ibrat va tajriba maktabi bo‘lib qoladi.

O‘zaro samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda faxriylar o‘zlarining boy hayotiy tajribasidan kelib chiqib, sudyalik kasbining mas’uliyati, odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning bilimi va yuksak insoniy fazilatlari nechog‘lik muhim o‘rin tutishiga to‘xtaldi. Sudyalik nafaqat mas’uliyat, balki yuksak ishonchdir. Uni oqlash, vijdon amri bilan faoliyat olib borish esa xalqning yuksak e’tiboriga sazovor etadi.

Uchrashuvda yosh sudyalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 022






Все о погоде - Pogoda.uz