Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.12.2016 17:08 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston hududida epizootik vaziyat barqarorligi ta’minlanmoqda

Milliy matbuot markazida «Veterinariya xizmati: sifat va samara» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, chorva mollarini kasalliklardan muhofaza qilish hamda ularni davolash, shaxsiy, dehqon va fermer xo‘jaliklarida veterinariya-sanitariya holati barqarorligini ta’minlash orqali aholining sifatli chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada sohaning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda. 2015-yil 29-dekabrda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Veterinariya to‘g‘risida»gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori veterinariya sohasining yanada rivojlanishida katta ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yalpi ulushining qariyb 45 foizi chorvachilik hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunga chorva mollarini ko‘paytirish va mahsuldorlikni oshirish hisobiga erishilmoqda. 2006-2016-yillarda Germaniya, Gollandiya, Avstriya, Polsha, Ukraina, Belarus kabi mamlakatlardan 69 ming boshga yaqin yuqori zotdor qoramol olib kelindi.

Davlat veterinariya xizmati tomonidan epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar belgilangan tartib va muddatlarda olib borilmoqda.

O‘tgan davrda 29,7 million bosh chorva moli hamda 58,7 million parranda turli kasalliklarga qarshi profilaktik emlandi. 220 mingdan ortiq hayvon saqlanadigan joylarda dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazildi. Mamlakatimizga kirib kelayotgan va tranzit o‘tayotgan 76,6 ming avtotransport vositasi, 4,1 mingdan ortiq temir yo‘l vagoni veterinariya-sanitariya ishlovidan o‘tkazildi.

Davlat chegaralarini kesib o‘tish joylarida faoliyat ko‘rsatayotgan chegara veterinariya nazorati punktlari tomonidan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va talablariga javob bermagan hamda tegishli veterinariya hujjatlari bo‘lmagan hayvonlar, qushlar, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari va boshqa mahsulotlar mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldi olindi.

Epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar tizimli ravishda olib borilishi natijasida mamlakatimiz hududida sog‘lom epizootik vaziyat barqaror saqlanmoqda.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
4 626