Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 20:47 Chop etish versiyasi

Vazirlar andijonliklar holini so‘ramoqda

Vazirlar andijonliklar holini so‘ramoqda Andijon viloyatida O‘zbekiston Respublikasi sud, huquq-tartibot va nazorat organlari rahbarlari ishtirokida “Sud, huquq-tartibot va nazorat organlari faoliyatida korrupsiya va xizmat mavqeini suiiste’mol qilishga qarshi kurashish, adolatli jamiyat qurishda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish muammolari” mavzusida aholi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, adliya vaziri R.Davlatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.Tojiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Soliyev Andijon shahri, Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa, Baliqchi, Bo‘z, Xo‘jaobod tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazdi.

Hamshiralik qilish uchun Davlat soliq qo‘mitasi raisining aralashuvi zarur bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyevning Asaka va Izboskan tumanlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va sayyor qabullarida 100 nafar fuqaro turli masalalar yuzasidan murojaat qildi. Murojaatlarning 43 tasi tumanlar hokimliklari, viloyat tashkilotlari bilan muhokama qilinib, joyida hal etildi.

10.JPG

– Men Asaka tibbiyot kollejini bitirganman, – deydi Asaka tumani Fayzobod mahallasida yashovchi Barnoxon Xoldorova. – Bir necha yildirki, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylasha olmayapman. Bugungi sayyor qabulga ana shu masalada yordam so‘rab murojaat qildim. Asaka tumani tibbiyot birlashmasi rahbarlariga meni ishga joylashtirish vazifasi topshirildi. Menga tegishli hujjatlarimni tayyorlab, tuman tibbiyot birlashmasining 7-poliklinikasida hamshira bo‘lib ish boshlashim mumkinligi aytildi.

Suv keldi, lekin hujjatlar qachon keladi?

Shahrixon tumanida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.Tojiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov tomonidan o‘tkazilgan qabullarda aholining sud, huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog‘liq masalalar, fuqarolar huquqlarining buzilishi yuzasidan murojaatlari o‘rganildi.

7.JPG

– Bir necha yil harakat qilib, mahallamizga ichimlik suvi keltirishga erishdik, – deydi Shahrixon tumanidagi Oqto‘nlik mahallasida yashovchi Halimjon Otaxonov. – Lekin suv tarmog‘ini loyihalashtirish, tegishli tartibda rasmiylashtirish uchun ko‘p to‘siqlarga uchramoqdamiz. Agar bu ish shunday qolib ketsa, kelgusida xo‘jasizlik, to‘lovni amalga oshirishda muammolar kelib chiqishi mumkin. Shu bois ushbu masalani hal etishda yordam berishni so‘rab, qabulga keldim.

Ushbu murojaatni o‘rganib, masalani qonuniy hal etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Bo‘zliklar endi ko‘mir deb bo‘zlamaydi

Izboskan va Xo‘jaobod tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Soliyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv va qabulda qator masalalar yuzasidan murojaatlar o‘rganilib, ularning aksariyati joyida hal etildi.

Bo‘z tumanidagi "Sarijo‘ga" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi bir guruh fuqarolar ko‘mir olish masalasida yordam so‘rab murojaat qildi. Ularning murojaati bo‘yicha tegishli idoralar rahbarlariga vazifalar topshirildi. Masalaga shu yerning o‘zida yechim topildi.

2.JPG

– Korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlarining aksariyat qismi xorijga eksport qilinadi, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi “Nil-granit” korxonasi rahbari o‘rinbosari Sardor Hojimatov. – Korxonamizdagi to‘quv mashinalarining maxsus ignalari xorijdan keltirilayotgani, narxi qimmatligi, qolaversa, ana shu mahsulotlarga bojxona to‘lovlari yuqoriligi bizga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu bois, o‘z ehtiyojimiz uchun ishlab chiqarishda foydalaniladigan mahsulotlarni xorijdan olib kirishda bojxona imtiyozlari berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ushbu taklif tegishli idoralar ishtirokida ko‘rib chiqilib, hal etiladigan bo‘ldi.

Uchrashuv va sayyor qabullarda fuqarolarning uy-joy, ijtimoiy muhofaza, ta’lim, tibbiyot, huquq-tartibot, bank idoralari faoliyati, ishga joylashish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topildi. Qolgan murojaatlar o‘rganib chiqish uchun masalaga daxldor tashkilotlarga taqdim etildi.

6.JPG

Sayyor qabullarda viloyatning barcha tuman va shaharlari qamrab olindi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
6 661