Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 08:24 Chop etish versiyasi

Vatanida vatansizlar

Vatanida vatansizlar
Myanmada musulmon-roxinjalarni ommaviy o‘ldirish bilan bog‘liq holatlar haqida 2017 yilning avgust oyida jahon ommaviy axborot vositalari qator xabarlar tarqata boshladi.

Roxinjalar kim? Myanmada musulmon ummatiga mansub yagona millatni nega qirg‘in qilishmoqda? Janubi-sharqiy Osiyoda yangi yirik gumanitar fojia qayerdan paydo bo‘ldi? Bu savollar barchamizni birdek o‘ylantiradi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2017-yil 25-avgustda “Roxinjalarni qutqarish Arakan armiyasi” Rakxayn shtatidagi 30 ta tayanch nuqtalariga hujum qiladi. Myanma xavfsizlik kuchlari javob tariqasida harbiy amaliyotlarni boshlaydi. “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro tashkilotining aytishicha, mintaqada to‘qnashuvlar boshlangan birinchi oyda 6,7 ming kishi qurbon bo‘lgan, undan keyingi raqamlar bir-biridan mavhum. Hozirgacha qurbonlar soni 10 mingdan ortgani aytilmoqda.

Roxinjalar soni dunyo miqyosida 2-2,5 million nafar bo‘lib, Myanmada 1 million, Bangladeshda 800 ming, Pokistonda 200 ming, Tailandda 100 ming, Malayziyada 40 ming nafari istiqomat qiladi. Ular bengal tilining chittagong lahjasida so‘zlashishadi va 250 millionlik bengal xalqining bir qismi sanaladi, islom diniga e’tiqod qilishadi. Ular har 5 yilda 20 foizdan ko‘payib bormoqda va haddan ortiq demografik o‘sish shunday ham bir joyda muqim joylasha olmagan xalqning tashvishlarini ko‘paytirmoqda.

Roxinjalar Myanmaga asosan Britaniya mustamlakachiligi vaqtida, bir qismi Birma mustaqillikka erishgach, 1971-yili Bangladesh-Pokiston urushi chog‘ida ko‘chib kelishgan. Myanma hukumati roxinjalarni Bangladeshdan kelib qolgan noqonuniy migrantlar, deb hisoblaydi va ular fuqaroligini tan olmaydi. Myanma hukumati roxinja atamasini sira qo‘llamaslikni, ularni bengaliyalik deb chaqirishni tavsiya qilishadi.

Roxinjalar esa Rakxayn shtatining tub joy aholisi bo‘lganini ta’kidlashadi. Ularga 1785 yilga qadar bu yerda Arakan qirolligi mavjud bo‘lganini eslatishadi. Shu sababli Rakxayn shtatini Arakan deb ham atashadi. 1826-yilda birinchi ingliz-birma urushi natijasida britaniyaliklar Arakanni o‘zlariga qo‘shib olishdi va bu yerdagi sholi dalalariga arzon ishchi kuchi sifatida bengallar ko‘chib kela boshlaydi. 1942-yili roxinja va arakan-buddaviylar o‘rtasida rakxayn urushi bo‘lib o‘tadi. Oqibatda ushbu mintaqa etnik jihatdan turli qutblarga ajralib qoladi. O‘shanda buddaviylar va musulmonlar o‘rtasida qurbonlar soni 50 ming nafardan oshib ketgan edi.

Roxinjalar yapon qo‘shinlariga qarshi kurashish uchun ittifoqchilaridan qurol-yaroqlar olishadi, ularni etnik raqiblarini mavh etish uchun ham ishlatishadi. Bu paytda yaponlar bilan hamkorlik qilgan birmaliklar esa roxinjalarni qirg‘in qiladi. 40 ming nafarini Bangladesh hududiga chiqarib yuborishadi. Birma mustaqillikka erishganining ilk yillarida Rakxayn shtatidagi musulmon aholisi o‘rtasida ayirmachilik kayfiyati olov oladi. O‘shanda aholi Sharqiy Pokiston, ya’ni hozirgi Bangladeshga qo‘shilish niyatida edi. Ammo Bangladesh va Pokiston o‘rtasidagi qonli urush ularni yana himoyasiz-umidsiz qoldirdi.

Birma boshqaruviga harbiy hokimiyat kelgach, roxinja musulmonlarini mamlakat fuqarosi, deb tan olishmadi. 1982-yili garchi mamlakatda fuqarolik haqidagi qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, ammo roxinjalarga fuqarolik va siyosiy huquqlar umuman berilmadi. Vaholanki, bu yerda 135 ta turli etnik guruh yashaydi, ammo faqat roxinjalar ayirib qo‘yilgani ularning g‘azabini qo‘zitdi.

Aholisining 88-90 foizi buddaviylik diniga e’tiqod qiladi. 4 foizi musulmon. Rakxayn shtatida 3 million aholining faqat 2 millioni ro‘yxatdan o‘tkazilgan, 1 millioni, jumladan roxinjalarni bu jarayonga jalb etishmadi. Shtat Myanmadagi eng qashshoq hudud bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol o‘ta qoloqdir.

Qiynoqlar, noqonuniy hibsga olishlar, diniy e’tiqod erkinligini va mamlakat ichida harakatlanishni cheklashlar, ishga joylashishdagi kamsitishlar, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdagi to‘siqlar barchasi taranglikni muttasil kuchaytirib bordi. Hozir Myanmadagi boshqa millat va elatlar hamda siyosiy elita o‘rtasida roxinjalarga qarshi yagona front hosil bo‘layotgani diqqatimizni tormoqda. Ular rasmiy siyosatni qo‘llab-quvvatlamoqda va roxinjalarni bangladeshlik qochoqlar, deb atashmoqda.

Myanma rahbariyati ayirmachi “ARSA” jangarilarini xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan yaqin aloqaga ega va ulardan moddiy yordamlar olib keladi, jangarilari esa xorijdagi lagerlarda tayyorgarlik mashqlarini o‘taydi, deb hisoblamoqda. Roxinjalar esa terrorizm bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytishmoqda. Ular roxinja xalqi uchun demokratik islom davlati tuzish maqsadini bildirmoqda.

Murosasizlik kuchaygan sharoitda kichik-kichik to‘qnashuvlar, 2012-yilda qonli nizoga aylandi. O‘shanda 200 kishi qurbon bo‘lgan va 140 ming inson qochoqqa aylangan edi. O‘n minglab musulmonlar kemalarda Malayziya, Indoneziya, Tailandga ko‘chib o‘tishdi. 2014 yil BMTning Rakxayndagi insonparvarlik missiyasi omborlari va ofislariga hujumdan keyin tashkilot xodimlari Myanmani tark etishdi.

Uzoq yillar harbiylar boshqargan Myanma 2015-yil 8-noyabrda demokratik saylovlar natijasida fuqarolik boshqaruviga o‘ta boshladi.

Xalqaro inqirozga qarshi guruh ma’lumotlariga ko‘ra, “ARSA” tashkiloti yetakchisi Otaullo Ammar Yununiy Pokistonning Karachi shahrida tug‘ilgan, Saudiya Arabistonida voyaga yetgan va diniy ta’lim olgan. Hozir ham bu davlatlar bilan yaqin aloqalarga ega. U 2012-yildagi nizolardan keyin beqaror mintaqaga qaytgan va tarafdorlarini radikal harakatlarga undagan. 2016-yil oktabrda u “Harakat al-Yaqin” guruhining yetakchisi, deb tanishtirildi. Bu harakatning bosh qarorgohi Makka shahrida bo‘lib, etnik roxinjalardan tashkil topgan qo‘mitani nazorat qiladi va mustaqil davlat tuzishni har qanday yo‘llar bilan amalga oshirishni istaydi.

2015-yil yanvar va mart oylarida ham 24 ming roxinja kemalarda Myanmani tark etgan edi. 2015-yil mayda Malayziya navbatdagi qochoqlar guruhini o‘z hududida qabul qila olmasligini oshkor qilib, 500ga yaqin roxinjalarni chegarasiga kirishga ruxsat bermadi. Ularni oziq-ovqat, suv va yonilg‘i bilan ta’minlab, kemalarni ortga qaytarib yuborishdi. Malayziya va Indoneziya yiliga faqat 7-8 ming qochoqni qabul qilishi mumkinligini ma’lum qildi.

2016-yil 9-oktabrda Myanmaning 3 ta chegara postiga ikki yuz kishi qurolli hujum qildi va 9 ta chegarachini o‘ldirdi. Javob tariqasida Rakxayn shtatiga qo‘shin kiritildi. Ikki oy ichida 21 ming nafar roxinja Bangladeshga qochib o‘tdi.

2017-yil avgustdagi hodisalar esa barchasidan oshib tushdi. Oqibatda qo‘shni Bangladesh hududida 800 mingdan ortiq qochoqlar to‘planib qoldi. Rasmiy Dakka ko‘p sonli qochoqlar muammosini bir o‘zi hal qilishi qiyin.

Bir qarashda 170 millionlik aholiga ega Bangladesh uchun bu dengizdan bir tomchidek tuyuladi. Ammo qochoqlar chegara hududidagi mintaqalar iqtisodiyotiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda, jinoyatchilik soni oshmoqda, ularni saqlash uchun juda katta mablag‘ sarf qilinmoqda, ijtimoiy yuk o‘syapti. Lagerlardagi yordamga muhtoj va qaram xalq jinoyatchilikning, qul savdosining yengil qurboniga aylanmoqda, ayollar va qizlar jinsiy zo‘ravonlikka uchrayapti, yurtsiz elat ochlikdan aziyat chekayapti. Ishsiz yoshlar narkotiklar savdosiga jalb qilinmoqda. Ularning 90 foizi kofein va metamfetamin aralashmasi bo‘lgan “yaba” narkotiklarini Naf daryosi orqali Myanmadan Bangladeshga yetkazishmoqda. Har tomonlama bo‘g‘ib tashlangan lagerlardagi aholi orasida jihodchilik kayfiyati o‘smoqda.

BMTning Bolalar jamg‘armasi ma’lum qilishicha, Bangladeshdagi qochoqlarga oziq-ovqat, ichimlik suvi va yotish uchun joy yetishmayapti. Eng yomoni, qochoqlarning 60 foizi yosh bolalardir. Sharoit shu qadar og‘irki, hatto yovvoyi fillar ham ular chodirlariga qo‘qqisdan bostirib kirib, qochoqlarni ezib-majaqlamoqda.

Bangladesh Myanma bilan munosabatlarni buzishni istamaydi. Dakka xavfsizlik kuchlari lagerlarda amaliyot o‘tkazib, ayirmachi kuchlar rahbarlarini tutmoqda va qo‘shni Myanmaga topshirmoqda. Bu esa muholifatni e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Bangladeshda general Zillur Rahmon boshqaruvi yillarida (1977-1981 yillar) u armiya razvedkasi rahbarini roxinjalar bilan muloqot o‘rnatishga yuborgan va “Shimoliy Rakxayn Islom davlati”ni tuzish uchun kurashda qo‘llab-quvvatlashga va’da qilgan edi. Natijada roxinjalarning qurolli faolligi oshdi. Birma harbiylari 1978-yil fevralda ularga qarshi “Naga Min” operatsiyasini o‘tkazdi. Aynan o‘sha paytlarda Bangladeshga roxinjalarning ilk qochoqlar oqimi paydo bo‘ldi.

Zillur Rahmon asos solgan Bangladesh milliy partiyasiga hozir uning bevasi Holida Ziyo rahbarlik qilmoqda va davlatda asosiy muholif partiya sanaladi. U ikki bora bosh vazirlik lavozimini egallagan va roxinjalar rejasini to‘liq ma’qullaydi.

Bangladeshning hukmron elitasi ijtimoiy taranglikni pasaytirish, bangladeshliklar va roxinjalar o‘rtasidagi aloqani minimallashtirishga intilmoqda. Hukumat 2014 yildan bangladeshliklarni roxinjalar bilan nikoh qurishini taqiqlovchi qonunni imzoladi. Bu tartibni buzganlarga 7 yillik qamoq jazosi belgilandi. Bu bilan roxinjalarning Bangladeshda fuqarolik olish imkoniyati yopildi.

2017-yil sentabrda roxinja qochoqlarining erkin harakatlanishi uchun qat’iy cheklov joriy etildi. Ularning barchasi Myanma bilan chegara yaqinidagi lagerlarda joylashtirilishi va ma’murlar ruxsatisiz bu yerdan chiqib ketmasligi kerak. Bangladesh hatto yordam so‘rab o‘tganlarni mamlakat ichkarisiga kirmasligi uchun yomg‘ir mavsumida suv bilan to‘lib-toshadigan Tengar Char orollariga yubormoqda va keyin Myanmaga qayta deportatsiya qilmoqda.

O‘tgan yili noyabrda esa Myanma va Bangladesh o‘rtasida qochoqlarni qaytarish uchun o‘zaro tushunish haqida memorandum imzolangan edi. Bangladesh qochoqlarning shaxsiy ma’lumotlari ifoda etilgan hujjatlarni taqdim etsa, Myanma ularni qayta qabul qilishga tayyorligini bildirmoqda. Yaqinda bunday istak birdirgan 1,2 ming qochoqni ro‘yxati tuzib chiqildi. Ular aslida 23 yanvarda qaytarish boshlanishi kerak edi. Ammo bu muayyan muddatga uzaytirildi.

Aksiga olib ko‘p yillardan buyon Bangladeshda yashayotgan roxinjalarning shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjat yo‘q. Myanma esa xat-hujjatsiz shaxslarni o‘zida qabul qila olmasligini aytayapti.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Myanma bosh vaziri Aun San Su Chji xonim 2017-yilda roxinjalar muammolari bo‘yicha maxsus komissiya tuzdi va unga rahbarlik qilishni BMT sobiq bosh kotibi Kofi Anandan shaxsan iltimos qildi. Sobiq jahonning bosh diplomati Rakxayn tumanlarida o‘ndan ortiq safarlarda bo‘lib, vaziyatni atroflicha o‘rgandi va tegishli xulosasini berdi.

Ming afsuski, eng dolzarb muammolarni yechishda BMTning hal qiluvchilik o‘rni sezilmayatpi. Og‘riqli masalalarni tezlikda yechish o‘rniga og‘irkarvonlik ko‘rsatayapti.

U Myanmada gumanitar inqirozning oldini olish uchun 1,2 million aholiga birlamchi yordamni yetkazib berish maqsadida 434 million dollar ajratmoqda. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Xusayn Myanma hukumati rahbari Aun San Su Chjini tinchlikka erishish uchun sidqidildan harakat qilishga undamoqda. U roxinja musulmonlariga qarshi qatliomni tanqid ostiga olar ekan, mamlakat kuch tuzilmalari o‘tkazayotgan operatsiyani «etnik tozalash» deb atadi. «Xyuman Rayts Votch» tashkiloti yo‘ldosh orqali olingan 1250 ta roxinjalar uylarini yoqib yuborilgani ko‘rinib turgan suratlarni namoyish etdi. Hatto qishloqlardan birining aholisi vertolyot orqali o‘qqa tutilgan. Hibsga olingan orasida esa 10 yoshdan kichik 75 yoshdan katta kishilar ham bor. Roxinjalar dunyodagi eng taqib qilinayotgan millatlardan biridir.

Malayziya bosh vaziri Nojib Razzoq Myanmadagi harakatlarni genotsid deb tarafladi va qattiq tanqid qildi.

Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari katta mablag‘ ajratib, ularni Malayziya yoki Indoneziyaga ko‘chirish bo‘yicha tajriba o‘tkazishlari mumkin edi. Ammo Janubi-sharqiy Osiyodagi ushbu davlatlar bunga rozilik bermayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan juda katta harajatli bu loyihani moliyalashtirishga hech kim astoydil intilayotgani ham yo‘q.
E’tiborli tomoni, Afrikaning Gana davlati bir necha yil muqaddam barcha roxinjalarni o‘z yurtiga qabul qilish va ular huquqlarini ta’minlash taklifi bilan chiqqan edi. Ammo bu taklifni roxinjalarning o‘zi rad etishgan.

Xo‘p, insonparvarlik bilan nom qozongan G‘arb davlatlari roxinjalarga nega muhojirlik kvotalarini ajratmayapti? Chunki ular Suriya va Yaqin Sharqdagi qochoqlar oqimidan to‘yib bo‘lishgan. Ular yangi oqimga nisbatan hech qanday ma’naviy mas’uldorlikni his qilmayapti.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Federika Mogerini 50 mamlakatni o‘z ichiga olgan ASEM (Evropa-Osiyo forumi) doirasida va muzokaralar vositasida inqirozni hal qilishni taklif etmoqda.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson 10 fevralda Bangladesh janubi-g‘arbidagi Korks-Bozor okrugidagi qochoqlar yashaydigan lageriga tashrifi chog‘ida Myanma hukumati ularni o‘z vataniga qaytishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi kerakligi haqida bayonot berdi.

AQSh qochoqlarga 104 million dollarlik moddiy yordam taqdim etdi. Myanma bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni bekor qildi.

So‘nggi davrda Myanma-Xitoy aloqalarining kuchayishi aftidan ayrim qudratli davlatlarga yoqmayotgan ko‘rinadi. Xitoy muammoni Bangladesh va Myanma o‘rtasida muloqot orqali hal qilinishini istaydi va bunga chetdan har qanday aralashuvni qoralaydi.

Hindiston esa Myanmani tezroq Bangladeshning amaldagi hukumati bilan kelishuv imzolashga undamoqda. Agar hukumat o‘zgarib qolsa, muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish juda qiyin bo‘lishi mumkin.

Rossiya inson huquqlarini buzmagan holda muammoni yechish uchun o‘zaro siyosiy hamkorlikni izlab topishni taklif qilmoqda. Shu bilan birga uning mintaqadagi muhim hamkoriga 6 ta Su-30 qiruvchilarini sotgani G‘arbning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘layapti. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov maxsus fond orqali muayyan yordamni ko‘rsatayotganini hisobga olmaganda qochoqlarga katta ko‘mak ko‘rsatilmayapti.

Albatta, Myanmada yuzaga kelayotgan vaziyat, xususan, mamlakatdagi ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlarga ko‘rsatilayotgan zo‘ravonlik garchi olisda bo‘lsak-da, O‘zbekistonni tashvishga solmay qo‘ymaydi.

O‘zbekiston Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va BMT ustavida mustahkamlab qo‘yilgan prinsiplar, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti Ustavi maqsad hamda vazifalariga asoslangan holda har qanday shakldagi zo‘ravonlikni qoralaydi va har bir insonning irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy yoki boshqa holatidan qat’i nazar barcha huquq va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlanishi tarafdori hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Myanma rahbariyatini aybsiz musulmonlarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun choralar ko‘rishga, muammoni faqat tinch yo‘l bilan hal etishga chaqiramiz. 2017-yil sentabr oyida

O‘zbekiston hukumati Myanma qochqinlari ehtiyojlari uchun gumanitar yordam ham yuborgan edi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, roxinjalar o‘z vataniga qaytishi kerak va ularni taqib qilmaslik uchun Myanma kafolat berishi zarur. O‘z navbatida, ayirmachi kuchlar barcha qurolli qarshilikni to‘xtatib, umumiy tinchlikka erishishi zarur. Bunda oqilona migratsiya siyosatini olib borish juda dolzarb.

Laziz Rahmatov, 
xalqaro sharhlovchi


5 462