Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 14:11 Chop etish versiyasi

Vatan himoyasi to‘g‘ri va haq ish

Vatan himoyasi to‘g‘ri va haq ish
14- yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Podpolkovnik Qodirjon Tursunovning Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotganiga ham yigirma yildan oshdi. Bu shunchaki yillar emas, og‘ir sinovlarda toblangan, mard, jasur va sadoqatli insonning sharafli hayot yo‘lidir.

Tinchlik-xotirjamlikdan buyuk ne’mat yo‘q bu dunyoda. Xalqimiz bir-biridan hol so‘raganida avvalo “tinch, omonmisiz” deb gap boshlaydi. Xayrlashayotganida “tinchlikda ko‘rishaylik” degan istak bildiradi. Duoga qo‘l ochganda esa tiliga eng avval “tinchlik, xotirjamlik bo‘lsin” degan kalom keladi.

Tinchlikni himoya qiladigan, elni yov xurujidan saqlaydiganlar esa yurtning harbiylari, askarlaridir. Tik qaddi, jiddiy chehrasi, shaxdam qadami, qat’iy tartib-intizomi, mard yigitlar ekani xalqning ularga ishonchini orttiradi. Ular Vatanni jonday sevadilar, ko‘z qarochig‘iday asraydilar. Qodir Tursunov ham ana shunday mard o‘g‘lonlardan.

Samarqand viloyati Nurobod tumani Jom qishlog‘ida tug‘ilgan Qodirjon o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq o‘qishda, sportda, jamoat ishlarida faol va tashabbuskor bo‘lib, hamisha tengdoshlaridan bir qadam oldinda yurar, ularga o‘rnak va namuna edi. O‘z kelajagini, taqdirini, orzulari ro‘yobini hamda hayoti mazmunini faqat mardlar safida, sharafli sohada ko‘rgan shijoatli va mard o‘g‘lon kasb tanlashga kelganda hech ikkilanmay ofitser bo‘lishni maqsad qildi.

Bu niyat uni Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti sari yetakladi. Oliy harbiy ta’lim muassasasidagi tahsil davrida u har tomonlama toblandi, jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, bir so‘z bilan aytganda, salohiyatli yetakchi sifatida shakllandi. O‘tgan yillar uni obdon tobladi. U qachon va qayerda bo‘lmasin, harb ilmini chuqur o‘rgandi, aql-zakovatini boyitdi, Vatan tinchligi-osoyishtaligi uchun kurashdi. Burchiga mas’uliyat bilan yondashgani uchun 2006 yilda davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, u “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida “Eng ilg‘or guruh komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri” nominatsiyalari g‘olibi, 2011, 2012, 2013- yillarda ketma-ket “Eng ilg‘or batalon komandiri” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

2009- yilda Qurolli Kuchlar akademiyasini bitirdi. Uning qo‘mondonligi ostidagi harbiy qism 2015-2016- o‘quv yillari davomida Mudofaa vazirligining eng yaxshi harbiy qismi, deb e’tirof etilgan. 2017 yili u rahbarlik qilayotgan shaxsiy tarkib Mudofaa vazirligining qo‘shinlari safida “Ekstremal sharoitlarda omon qolish bo‘yicha eng yaxshi guruh” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egallagan. Qodirjon Tursunov Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Turkiya, Hindiston kabi davlatlarda bo‘lib, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, tahlil qilish asosida harbiy xizmatchilarni yangi uslublarda o‘qitish va tayyorlash jarayonini joriy qilgan.

7.JPG

– Yuksak jangovar shaylikning asosi mustahkam intizomdir, – deydi Qodirjon Tursunov. – Buyruqqa hamma bo‘ysunadi. Biroq, inson ongli mavjudot. U buyruqni ko‘r-ko‘rona emas, yuksak ong bilan bajarishi lozim. Buning uchun yurakda sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ulari jo‘sh urmog‘i kerak. Men qo‘l ostimda xizmat qilayotgan askarlarning his-tuyg‘ularini hurmat qilib, ularni tinglashga, anglashga harakat qilaman. Shunda o‘rtada ishonch paydo bo‘ladi. Ishonchli askarlar bilan jamoa kuchli bo‘ladi.

Inson ongi va aql-zakovatining boyligi, dunyoqarashining kengligi, umuman, ma’nan yuksaklik kitobxonlik bilan bevosita bog‘liq. Qahramonimiz ham anchagina kitobsevar ekan. “Eng sevimli asaringiz qaysi?”, deb qiziqqanimiz zahoti shaxsiy kutubxonasidan joy olgan eng noyob adabiyot durdonalari, insonni yaxshilikka, ezgulikka chorlash g‘oyasi ustuvor asarlar haqida shunday dedi:

9.JPG

– Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun kitob targ‘iboti davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ma’naviyatning yuksalishi kitobga bog‘liq, u siz taraqqiyot bo‘lmaydi. Shuni anglagan holda, men ham qanday holat bo‘lmasin, mutolaaga albatta vaqt ajrataman. Mumtoz adabiyotni yoqtiraman. Hikmatlarni qayta-qayta o‘qishdan zerikmayman. Kitob o‘qimaslikni tasavvur ham qila olmayman. O‘zim sevib o‘qigan kitoblarni boshqalarga ham tavsiya qilaman, ta’sirlantirgan voqealarni gapirib bergim keladi. Shaxsiy kutubxonam bor. Bolalarimning ham har biriga alohida kutubxona qilib berganman.
Ulug‘ bobokalonimiz Mahmud Zamaxshariyning quyidagi so‘zlarini takrorlab turaman. “To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining yurishi arslon yurishidan ko‘ra mahobatli, haybatliroqdir”. Men Vatan himoyasini to‘g‘ri va haq ish, deb bilaman.

Sharqiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari, podpolkovnik Qodirjon Tursunov hayotida 2017- yil unutilmas bo‘lib qoldi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida II darajali "Shon-sharaf" ordeni bilan mukofotlandi.

– Davlatimizning yuksak mukofotini Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni qo‘lidan qabul qilib olar ekanman, qalbim hayajonga, faxr-g‘ururga to‘ldi, – deydi u. – Bugungi kunda milliy armiyamizdagi o‘zgarishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, Kattaqo‘rg‘onda o‘tkazilgan tezkor taktik o‘quvlarda shaxsan Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xorij armiyalarining eng ilg‘or tajribasi asosida yangi, zamonaviy jang usullari ishlab chiqilmoqda. Tungi va o‘ta muhim sharoitlarda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, harbiylar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol qatnashmoqda. Ishontirib aytamanki, milliy armiyamiz Vatanimizning, ota-onalarimizning, opa-singillarimizning tinchligini buzishga qaratilgan har qanday yovuz harakatlarga qat’iy va munosib zarba berishga qodir.

Yuksak darajadagi mukofotdan Qodirjonning ota-onasi, yaqinlari behad xursand bo‘ldi, qalblari hayajonga, quvonchga to‘ldi. Ayniqsa, otasining yutug‘idan sevingan uch o‘g‘lonning xursandchiligi olam qadar edi.

Baxtli oilada voyaga yetayotgan Yoqubjon, Muhammadjon va Yusufjonlar ota-onasining quvonchidir. Qodirjon rafiqasi Feruzaxon bilan farzandlari tarbiyasi, bilimi, sog‘lig‘i va kelajagi uchun qayg‘uradi. Yoqubjon kelajakda harbiy uchuvchi bo‘lishni diliga tukkan. Bolalik orzulari ushalsin, albatta. Bolalarning vaqti juda tig‘iz. Ular maktabdan bo‘sh payti sport to‘garagiga, ingliz tili kursiga qatnaydi. Uyda dadasining an’anasiga ko‘ra tashkil etilgan shaxsiy kutubxonalari mavjud va ular o‘zlari o‘qigan asarlari bilan kutubxonani boyitadilar. Dam olish kunlari esa harbiy qismga keladi. Bu yerda harbiylar hayotini o‘rganadi, ular bilan suhbatlashadi.

– Ba’zan uzoq qish tunlari yoki jazirama yoz saratonida ham chegara hududlarida, xizmat joyimda sergak va hushyor bo‘lishim uchun menga avvalo oilaviy xotirjamlik, saodatli damlarning ahamiyati katta, deydi Qodirjon Tursunov xayrlashish oldidan. – Men Vatanimizning har qarich yerini jonday e’zozlashga, xalqim va yaqinlarim baxti uchun fidoyilarcha xizmat qilishga hamisha tayyorman.

Ha, bugun Vatan himoyasida mudom sergak turgan, qalbiga jasorat va matonat jo bo‘lgan, faxr-iftixorimiz timsoli Qodirjon Tursunov singari yigitlarimizning ahdi, shahdi barqaror. Ular borki, yurtimiz tin, kunduzlarimiz shodon, tunlarimiz osoyishta. Shunday ekan, ular bilan chin ma’noda faxrlanish, g‘ururlanish hissi qalblarimizni tark etmasin. Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ajdodlariga munosib bo‘lishga intilgan, el-yurt tinchligini ko‘z qorachig‘i kabi asrayotgan o‘g‘lonlarimiz safi yanada kengayaversin.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
5 601