Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.01.2018 15:06 Chop etish versiyasi

Vatan ichra mo‘jaz Vatan

Vatan ichra mo‘jaz Vatan
Samimiyat samimiylikka chorlaydi

Shukrullo.jpgDarvoqe, shunday. Samimiy aytilgan so‘z, xayrli amal odamni nafaqat to‘lqinlantiradi, balki uning qalbida shijoatni, jasoratni, ertangi kunga umidni olovlantiradi. Bu hayotda o‘z isbotini topgan gap. Albatta, o‘tgan kunni so‘kish mardning ishi emas. Lekin hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlarni tan olmaslik ham vijdondan emas. Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishlarini qoldirmay kuzatib borayotirman. Ayniqsa, ijod ahliga, yozuvchilarga ko‘rsatayotgan e’tiborini ko‘rib, boshim osmonga yetdi.

Shu yilning 3-avgustida ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda Prezident shunday kuyinib gapirdiki, u kishining qiyofasida men haqiqiy vatanparvar, millatparvar bir xalq farzandining siymosini ko‘rdim. Poytaxtda Adiblar xiyobonining barpo etilayotgani va u yerda adabiyotimizning buyuk namoyondalariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatilishi rejalashtirilayotgani, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijonda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Namanganda Ibrat domla, Nukusda Ibroyim Yusupovlar xotiralari abadiylashtirilganligi, yozuvchilarga imtiyozli kvartiralar, yurtimizning eng so‘lim maskanlari - Parkent va Zominda ijod uylarining qurilishiga kirishish aynan shu uchrashuvdan so‘ng boshlandi. Men ishonamanki, yaqin kunlarda xalqimizga tuhfa etiladigan o‘sha muhtasham xiyobonda Fitrat, Cho‘lpop, Qodiriy, Usmon Nosir, Behbudiy kabi millatimizning haqiqiy mard va fidoiy farzandlari xotiralari ham abadiylashtiriladi.

Adabiyot yashasa, millat yashaydi, degan edi Cho‘lpon. Bugun adabiyotga ko‘rsatilayotgan e’tiborga men millatning qadrini ulug‘lashga chog‘lanish, deb qarayman. Biz ko‘p mahallar jamiyatimizdagi kamchiliklarni ochiqchasiga haspo‘shlab keldik. Ba’zan baxona qidirdik, gohida esa “bu hal kilib bo‘lmaydigan masala” deya keskin rad etdik. Aslida esa o‘sha qo‘l siltalgan muammolarning ko‘pchiligi milliy ahamiyatga doxil edi.

Prezident shu yilning 13-sentabrida kitob maxsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib kilish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu muammo ham uzoq yillar sudralib “hal qilib bo‘lmas” masalaga aylangandi. Bechora yozuvchi qo‘lyozmasini qo‘ltiqlab nashriyotma nashriyot yugirib sochi oqarardi. Yoki “Ilxom”fondini oling. Buyam ijodkorlarga bir qanot bo‘ldi.

Men 80-yillarda gazetalardan biriga bergan suhbatimda “inson shaxsiyatiga mehr berish kerak” degan ekanman. Haqikatan ham odamlarga mehr-muhabbatli bo‘lish, ularning dardu o‘yi bilan yashash diyonatli, vijdoni pok odamning ishi. O‘zingiz bir o‘ylang, qaysi zamonda davlat rahbari odamlar sog‘ligi, tinchligu xotirjamligini o‘ylab ustma-ust yig‘ilish o‘tkazgan, kuyib-pishgan. Elning dardu g‘amiga bunchalar yaqin bo‘lgan. Turmalarda azob chekib yotgan uch mingga yakin mazlumni afv etish uchun odamning yuragi, qalbi qanaqa bo‘lishi kerak... . Buni mard odamlargina tan oladi.

Prezident ish boshlagan kunidan adolatni tiklash haqida tinmay gapirmoqda. Eng ma’qul tomoni gapining ustidan chiqmokda. Odamlarning ichiga kirib, ularning dardu g‘amiga, xurramchiligiga sherik bo‘lmokda. So‘z bilan amal bir joydan chiqmoqda. Hayotdagi bugungi o‘zgarishlar, xalqchil harakatlar, albatta, o‘z samarasini beradi. Men bunga ishonaman.

Shukrullo,
O‘zbekiston xalq shoiri.




Bugungi har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi

Iqbol Mirzo.jpgHali bolaligimdayoq she’riyatga mehrim tushgan. Shoir bo‘lish orzusida yurgan u mahallar ijodkorning asl mas’uliyati haqida o‘ylab ko‘rmaganman, ehtimol. Oradan ko‘p yaxshi kunlar o‘tdi, ko‘ngil to‘lmagan ishlar ham ortda qoldi, orzular ushaldi. Fursat oralab chopib, go‘zal kunlarga yetib keldik...

Bugungi har kunimiz qalbimizni hapriqtiradi. To‘lib-toshib yashayapmiz. O‘zbekistonning, xalqimizning tolei baland ekanki, har yonda obodlik. Kuni kecha Prezidentimiz yana bir bor ijodkorlar bilan uchrashib, qalam ahliga alohida mehr bildirgani bizni g‘oyat to‘lqinlantirib yubordi. Xayolim yana moziyga qaytdi.

...Shavkat Mirziyoyev ko‘p kitob o‘qigan, asl kitobxon. Shu bois adabiyotni sevadi, ijodkorlarni hurmat qiladi, qadrlaydi. Dastlab yosh ijodkorlarning Zomin seminari tashkil etilishi timsolida bu mehrni his qilganmiz. Bundan 20 yil muqaddam Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi bo‘lib ishlagan kezlarda amalga oshirilgan tashabbus edi bu. Bugun Zominning “O‘riklisoy” darasi ko‘p iste’dodli yozuvchi-shoirlarning ijod mahsuli, she’r jarangi bilan to‘lib-toshgan.

Keyinchalik Bosh vazir bo‘lgan paytlarida ham ijodkorlar haqida ko‘p qayg‘urdi. Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Erkin Vohidov (ruhi shod bo‘lsin) betob bo‘lib yotganida Shavkat Mirziyoyev hol so‘rab borgan, shoirning ko‘nglini ko‘taradigan yaxshi gaplar aytgan. Erkin akaning sog‘lig‘ini shaxsan o‘zlari nazorat qilib turgan. Ijodkorga bo‘lgan g‘oyat tahsinli e’tibor edi bu.

Aytish kerak, orada adabiyotga bo‘lgan e’tibor biroz susaygan vaqtlar ham bo‘ldi. Hatto, adabiyot kimga kerak, degan botiniy savollar berila boshlandi. Qanday qayg‘uli buni eslash. Adabiyot o‘lsa, xalq nima bo‘ladi? Bas qildim. U kunlarni hozir eslamaylik, mavridi emas.

Kuni kechaga qaytaylik. Davlatimiz rahbari Adiblar xiyobonida biz bilan dildan suhbatlashdi. Aytdilarki, bizning ko‘p buyuk adabiyotimiz bor. Dunyo ahli ma’naviyatini boyitgan bobolarimiz ruhidan kuch olamiz. Toabad ularning qoni vujudimizda oqar ekan, hali biz go‘zal ijod qilamiz, kitoblar chop etamiz.

Adabiyot maktablari haqida gapirdi. Farg‘onada Erkin Vohidov, Andijonda Muhammad Yusuf, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov nomidagi maktab-internatlar yosh adabiyot ixlosmandlari uchun katta imkoniyat. Prezidentimiz bu maktablarga ustoz ijodkorlarimiz borib, yoshlarga dars berish, adabiy suhbatlar uyushtirish taklifini bildirdi. Har bir maktabga adabiy nashrlar yetib borishi kerak, dedi jonkuyarlik bilan.

Mana, uyushmamizga zamonaviy bino sovg‘a qilinmoqda. Bu bizning Vatan ichra mo‘jaz Vatanimizdir. Shu paytgacha Yozuvchilar uyushmasi o‘z binosiga ega emasdi. Ijarada turardi, ko‘p binolarga ko‘chdik, sarson bo‘ldik. Nihoyat biz istagimiz ro‘yobini ko‘rayapmiz.

Bino ichida kutubxona, muzey tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu yerni eng zo‘r asarlar bilan boyitish, jahon adabiyoti, qardosh xalqlar durdona asarlarini joylashtirishga e’tibor qaratdi. Kutubxona va muzey bizning faxrimizga aylanishi, yurtimizga kelgan mehmonlarni bu yerga olib kelsak, ular ham quvona oladigan darajada bo‘lishi kerak, dedi Shavkat Miromonovich.

Davlatimiz rahbarining adabiyot – yuksak ma’naviyat, hayot-mamot masalasi, shu ma’noda 25-30 yillik davrda biz vaqtni boy berib qo‘ydik. Endi shu xatolarni to‘g‘rilashimiz kerak, degan g‘oyat dolzarb fikrlari bizni yangicha ruhda ijod qilishga undamoqda.

Iqbol Mirzo,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari,
O‘zbekiston xalq shoiri.

O‘zA
8 750