O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:47 Chop etish versiyasi

Vagit ALEKPEROV: Neft-gaz sohasidagi oʻzaro hamkorlik yanada rivojlanadi

Vagit ALEKPEROV: Neft-gaz sohasidagi oʻzaro hamkorlik yanada rivojlanadi

Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan soʻng OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uzoq muddatli hamkorlikka oid joriy loyihalarni amalga oshirish va yangilarini ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga doir yangi loyihalar, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy loyihalar asosida 2 milliard AQSH dollari miqdoridagi katta investitsion siklni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Bu mablagʻlar Janubiy Xisor va Qandim guruhlaridagi konlarda qazib olinadigan gaz hajmini koʻpaytirishga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston hududida yangi investitsion loyihalar va geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

“Lukoyl”ning istiqbolli yangi loyihalari koʻrib chiqildi. Oʻzbekistonda uchta investitsion blokning neftgaztashuvchanligi istiqbollarini baholash maqsadida geologik-geofizik maʼlumotlar birgalikda oʻrganilmoqda. Ayni paytda bu yoʻnalishda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan investitsion bloklar boʻyicha materiallar tahlil qilinayotir.

Buxorodagi konda olib borilayotgan gazni chuqur qayta ishlash tadbirlarida ishtirok etayotganimiz bizga mamnuniyat baxsh etadi. Bu keng koʻlamli ishlar natijasida iqtisodiyot rivojlanishi barobarida koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Oʻzbekistonda “Lukoyl” kompaniyasi loyihalari qoʻllab-quvvatlanayotgani neft-gaz sohasidagi keng koʻlamli oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

OʻzA muxbiri A.GʻAFFOROV yozib oldi.
720