O‘zA O`zbek

19.04.2018 13:41 Chop etish versiyasi

Uzumchilik yanada rivojlanadi

Prezidentimiz joriy yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Xatirchi tumanida uzumchilikni rivojlantirish, hududni yanada obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, Fanlar akademiyasi, Navoiy viloyati va Xatirchi tumani hokimliklari hamkorligida “Uzumchilik sohasini rivojlantirish, meva va sabzavotlarni innovatsion quritish mini-texnologiyasi” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Uzumchilikka ilg‘or agrotexnik tadbirlarni joriy etish, fermerlar va tomorqa yer egalarining tajribasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uzum yetishtirish, tokzorlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, yetishtirilgan hosilni saqlash va qayta ishlash, quritish bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi.

Ayni paytda tumanda tokzorlarni kengaytirish, hosildorlikni oshirish bo‘yicha bir qator tadbirlar belgilangan. Joriy yilda yangi tokzorlar tashkil etish bo‘yicha to‘rtta loyihani amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, “Asya Sera Navoi” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi cho‘l hududida joylashgan Uchqara mahallasida 140 gektar, “Sof tabiiy uzumzor” mas’uliyati cheklangan jamiyati agrofirmasi Ko‘ksaroy mahallasida 25 gektar, shuningdek, “Farrux Uzumzor” fermer xo‘jaligi Oltinobod mahallasida 10 gektar, tadbirkor Abduvali Usmonov tomonidan Uyshun mahallasida 6 gektar maydonga mahalliy iqlimga mos, serhosil tok ko‘chatlari o‘tqaziladi.

Tadbirkorlar umumiy qiymati 2 milliard 300 million so‘mlik mazkur loyihani joriy yil oxiriga qadar amalga oshirishni maqsad qilgan. Buning uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asakabank” va “Agrobank” tuman filiallari bilan imtiyozli kredit olish xususida shartnomalar tuzilgan.

Loyihalar to‘liq amalga oshirilgach, yiliga 1 milliard 600 million so‘mlikdan ortiq mahsulot olinadi. Muhimi, yuz kishi ish bilan ta’minlanadi.

– Tasarrufimizda 450 gektar yong‘oqzor ham mavjud, – deydi “Asya Sera Navoi” qo‘shma korxonasi rahbari A.Nurmamatov. – 10 gektar maydonda issiqxona tashkil etganmiz. U yerda banan, qulupnay, bodring, pomidor yetishtiriladi. Yaqin kelajakda tokzorning bir qismiga intensiv uzum ko‘chatlari o‘tqazmoqchimiz. Kelgusida meva-sabzavot mahsulotlari hosildorligini va eksport hajmini oshirish rejalashtirilgan.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
4 827