O‘zA O`zbek

04.03.2018 22:24 Chop etish versiyasi

Uyimizning farishtalari (Ko‘ngil kechinmalari)

Uyimizning farishtalari (Ko‘ngil kechinmalari)
HIKOYAT

Bir kuni ota o‘g‘lidan: “Kim kuchli o‘g‘lim, senmi, menmi?” deb so‘rabdi. “Men kuchliman-da, ota, siz keksasiz, men yoshman”, deb javob beribdi o‘g‘il.

Javobdan qoniqmagan ota yana so‘rabdi: “Nima uchun sen kuchlisan?”.O‘g‘il: “Axir, men o‘qiganman, ishlayapman. Istagan yumushimni qilishga imkoniyatim ham, kuch-quvvatim ham yetarli. Shuning uchun kuchliman-da”, deb javob qilibdi.Bu so‘zlardan ranjigan ota o‘g‘lining yonidan uzoqlashibdi va eshik ostonasiga yetganda ortiga qayrilib yana so‘rabdi:

“O‘g‘lim, so‘nggi bor so‘rayman:kim kuchli? Senmi, menmi?”, “Endi men kuchsizman, Siz kuchlisiz, ota” debdi o‘g‘il.Ota uning javobidan ajablanib, sababini so‘rabdi: “Nega ikki marta so‘raganimda men kuchliman deding, uchinchi bor so‘rasam kuchsizman, deyapsan, o‘g‘lim”. Shunda o‘g‘il: “Ikki bor so‘raganingizda Siz yonimda edingiz, endi mendan uzoqroqdasiz, shuning uchun kuchsizman, ota”, degan ekan.

HIKOYAT ZAMIRIDAGI HAQIQAT

Otam yaqinda qishloqdan keldi. O‘zim ishdan, turmush tashvishlaridan ortib, yo‘qlab bormaganimga ham ancha vaqt bo‘lgandi. Nevaralarini, meni ko‘rgisi kelganidanmi o‘zi kelibdi. Juda sog‘ingan. Ota-bola o‘tgan damlar, bugun, kelajak, taqdirlar, voqealar haqida uzoq gurunglashdik. Shu paytgacha biriga quloq solib, biriga amal qilmagan nasihatlar yana aytildi. Muazzam tunni tongga uladik.

Tinchlikka, Yaratganning berayotgan ne’matlariga bot-bot shukrona aytdi otam. Oddiy odamlar hayot haqiqatlarini yaxshi anglaydilar. Ularning gap-so‘zlaridagi samimiylikni ilg‘ab olish uchun juda aqlli bo‘lish shart emas. Keksalarga berilayotgan e’tibordan, shaharga teng qiyofa kasb etayotgan qishloqlardan, odamlar turmushidagi farovonlikdan gapirdi.

Ruhim tetik, ishga ketar chog‘ duosini oldim. Yonimda, xonadonimda tabarruk inson — otam meni duo qilib turganini yurak-yurakdan his qildim. Ota-onamning boriga, yonimda ekaniga shukrona aytdim. Yuqoridagi hikoyatda aytilganidek, otasi yonida bo‘lgan farzandlar qoqilmaydi. Boisi unga doim tayanch, suyanch bo‘ladigan madadkori bor. Bunday odam tushkunlikka tushmaydi, chunki yonida g‘amini aritadigan va hamisha xonadonining farishtasi bo‘lgan otasi bor.

XOTIRA

…Kech tushdi deguncha, aka-uka ko‘chaga chiqib otamning yo‘lini poylardik. O‘tgan-ketganni kuzatib, oyoq tovushlariga quloq tutardik. Ko‘chada biror zot qolmasa ham ko‘zlarimiz yo‘lda bo‘lardi.

It, mushuklar devor osha chopardi. Soyda qurbaqalarning “ashulasi” avjga chiqardi. Vaqt o‘tar, ko‘zlarni uyqu bosardi. Aka-ukalar sovuqdan junjikib, bir-birimizga qunushib o‘tirardik.

Kuta-kuta tinkamiz qurigan bir payt tun pardasi ochilib otam paydo bo‘lardi. Kelishgan, haybatli, zabardast.

— Ie-iye, mening bobotoylarim-ku! Bu yerda nima qilyapsizlar?.. Barakalla, barakalla, polvon o‘g‘illarim. Qani yuringlar-chi! — derdi o‘ktam ovozda, peshonasidagi terlarini artib.

Hammamiz quvnab ketardik. Ayniqsa, ukam uning bo‘yniga osilib olardi.

Otam bizni mehr bilan erkalardi.

Mana, o‘ttiz yildan oshibdi shungayam.

Bularni o‘ylab ko‘nglim yorishdi. Ishga qanday yetib kelganimni ham bilmay qolibman.

O‘GIT TINGLASH ZAVQIDAN BЕGONALAR

To‘g‘ri, yurtimizda keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni hech bir mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Xalqimizning azaliy fazilatlari, qon-qonimizga singib ketgan ezgu tushunchalar turmushimizni bezab turibdi. Shu bois mahallamizda, qishlog‘imizda, o‘lkamizda hech bir inson mehrdan, ko‘makdan chetda emas. Boshiga tashvish tushgan, yordamga muhtoj kishi borki, e’tiborsiz qolmaydi. Qo‘limizdan kelgan, imkoniyatimiz darajasida xolis yordamimizni beramiz. Bu bizga azaldan singdirilgan hayotiy a’mol, burchdir.

Отахон.jpg

Biroq biz ko‘z yumolmaydigan illatlar ham yo‘q emas. Noto‘g‘ri qarashlar oqibatida keksa onasini yoki otasini tashlab ketayotgan beoqibat farzandlar ham bor. Shukrki, qariyalarimiz Muruvvat uylarida davlatimiz homiyligida bekamu ko‘st, jamiyatning to‘laqonli a’zosi darajasida yashamoqda. Ularga berilayotgan e’tibor bir farzandning ota-onasiga ko‘rsatadigan yordamidan aslo kam emas. Ularga faqat bir narsa kerak — DIYDOR.

Yana shunday oilalar ham uchraydi: keksasi boru, ammo ularning qadri yo‘q. Bunday xonadonlarda o‘g‘ilning o‘zi tugul farzandlari ham keksa ota-onaning duosini olish, o‘gitlarini tinglash lazzatidan begona. Taqdirning beshafqat hukmi esa shunday: “Kun kelib ekkaningni o‘rasan!”.

Oqibatsiz farzandlar shuni unutmasa bas.

SO‘NGGI SO‘Z

Otalar o‘zlarini ham hech o‘ylaydimi?.. Yo faqat farzandlarnimi?

Kecha ukam qishloqdan telefon qilib qoldi. “Otamning mazasi yo‘q, do‘xtirga bir ko‘rsating, ancha vaqtdan beri yotgandi. Endi oyoqqa turganda Sizning oldingizga bordi, davolanib qaytsa yaxshi bo‘lardi”, dedi.

Otam bu gapni nega menga aytmaganidan gina qildim. Ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. Ishdan qaytib otamga: “Bugun shifoxonaga olib boraman, Sizni yaxshilab davolataman”, dedim. “Yo‘q, men yaxshiman. Xudoning ishiga aralashma, o‘g‘lim”, dedi u qat’iy ohangda. “Meni qaratgandan ko‘ra, topganlaringni o‘zlaringa sarf qilinglar. Nevaralarimni yedirib-ichiringlar. Yaxshi tarbiya qilinglar. Sizlar tinch-totuv, inoq yashasanglar shu mening salomatligim”, dedi.

O‘zimning bee’tiborligimdan o‘kindim, otam uchun qayg‘urmaganimga, vaqtida hol-ahvol so‘ramaganimga o‘kindim.

“Ertaga qishloqqa qaytaman, mol-hol nima bo‘ldi. Ekinlarni ekishimiz kerak. Ukang ham ishda”, dedi otam.

Otalar hech o‘zlarini o‘ylamas ekan. Farzandim kiysin, farzandim yesin, farzandim elga qo‘shilsin, deb umrini mehnatda o‘tkazar ekan.

Keksalarimiz bormi, demak, uyimizda farishtalar bor. Ularning duosi bilan farzandlar komil inson bo‘lib ulg‘ayaveradi, ularning duosi bilan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Keksalarni e’zozlaylik.

Asliddin Suyunov, O‘zA
6 285