O‘zA O`zbek

18.04.2018 19:44 Chop etish versiyasi

Urush noming o‘chsin jahonda

Urush noming o‘chsin jahonda

Quyosh, Pluton, Uran, Neptun, Venera, Yupiter, Mars, Saturn… Bu sayyoralarda hayot yo‘q. Va nihoyat mo‘jazgina… moviy Yer… Mana shu, ko‘rinishi “Quvaning anori”ga o‘xshash, bag‘rida okeanlar to‘lqini, muzliklar, qumbo‘ronlari, o‘rmonu ekinzorlar, zavod-fabrikalar mavjud bo‘lmish sayyoramizda biz insonlar yashaymiz. Yer – koinot deb atalmish fazoda hayot qaynaydigan yagona “yulduzdir”. Bu yulduzning xo‘jayini bo‘lmish inson nimalar qilmoqda? Har yil, har oy, har hafta, har kuni, har soat, har daqiqa, har soniyada Yer yuzida zo‘ravonlik yuz bermoqda. O‘z ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillariga miltiq o‘qtalayotgan manqurtlarning borligidan ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Insoniyat Marsni uyg‘otish maqsadida ilm-fan yutuqlaridan foydalanayotgan bir vaqtda, yerda qon to‘kishi nechog‘liq maqsadga muvoffiq?

Bugun Yer sharining turli burchaklarida kuzatilayotgan qirg‘in-barot, qurolli to‘qnashuvlarni kuzatar ekansiz, tinchlik zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolayotganini anglaymiz. Ona sayyoramizni urushlardan, zo‘ravonliklardan, jinoyatlardan xoli qilish har bir fuqaroning oldida turgan ham qarz, ham farz bo‘lishi kerak.

Zamonaviy urushlar xavfli bo‘lib, ular Yer yuzidagi barcha insonlarga tahdid ko‘rsatadi. Bu urushda hech kim g‘olib bo‘lmaydi.

Urushning asosiy dushmani xotiradir. Qadimgilar aytganidek, o‘tmishdagi urushlardan xulosa chiqarilmas ekan, yangi urushlar boshlanadi. Insonga hayot bir marta beriladi. Mana shu hayotni kuch bilan tortib olishga hech kimning haqqi yo‘q. Biroq…

Biroq, jahonning turli mintaqa va hududlarida qarama-qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarmoqda, millatchilik, shovinizm singari ofatlar maydonga chiqmoqda.

1945-yilning 2-sentyabrida insoniyat tarixida eng dahshatli deya tan olingan urush nihoyasiga yetgan edi. Shundan keyin jahonda tinchlik davri boshlanganiga hamma umid qilgan edi. O‘tgan asrning 70 yillarida, endilikda katta davlatlar o‘rtasida urush hech qachon yuz bermasligi xaqida baralla aytila boshlandi. Biroq XX asr oxiri, XXI boshlaridagi o‘zaro nizolar katta urushlardan kam emasligini ko‘rsatmoqda.

Urushlarda kim g‘alaba qozonib, kim mag‘lub bo‘lishidan qatiy nazar o‘zaro nizolashayotgan tomonlar uchun insoniy, siyosiy va iqtisodiy yo‘qotishlar bo‘lishi aniq. Masalan, Ikkinchi jahon urushida o‘sha vaqtda Yer yuzi aholisining uch foizini tashkil qiluvchi 60 millionga yaqin kishi halok bo‘ldi. Bir qator Yevropa mamlakatlari, o‘z aholisining 10 foizidan ayrildi. G‘olib mamlakatlar ham katta insoniy yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Urushning eng katta yo‘qotishi bu jamiyatdagi qadriyatlarning o‘zgarishida namoyon bo‘ladi. Birinchi jahon urushidan keyin Yevropada “yo‘qotilgan avlod” paydo bo‘lgan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushi ham Xirasima va Nagasaki timsolida insoniyat tarixida “qora iz” qoldirdi. Avvalari urushlar vayronagarchiliklarga sabab bo‘lar edi. Endi esa vayronagarchiliklar chegara bilmayapti. Masalan, terrorchilarning qarorgohlariga berilayotgan havo zarbalari tinch aholiga ziyon yetkazmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Yadroviy zarbalar qo‘shni shaharlarga ham shamol orqali zaharli havoni yetkazayotgani aytilmoqda.

Bugungi urushlar nafaqat jinoiy nuqtai nazardan, balki ahloqiy jihatdan ham jirkanch tusga kirib borayotgani oydinlashmoqda. Umuman olganda 21 asrning 18 yili maboynida xududiy, millatlararo, siyosiy, g‘oyaviy va diniy yo‘nalishlarda, shuningdek giyohvand moddalar savdosi hamda neft-gaz konlari ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida 60 tadan ortiq harbiy majoro kuzatilgan. Shu davr mobaynida bir yarim million kishi urushlar qurboniga aylandi. Eng ko‘p to‘qnashuv 2004-yilda qayd qilingan. O‘sha yili jahonda 12 ta qurolli to‘qnashuv qayd qilinibdi. 2001-yilning 11-sentyabridan keyin boshlangan “terrorizmga qarshi urush” qurbonlari ham ortib borayotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Jahonda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar nafaqat urush davom etayotgan mamlakatlar, balki butun dunyo xalqlarining tashvishiga sabab bo‘lmoqda. Eski majorolar to‘xtamay turib yangilari paydo bo‘lmoqda. XX asr urushlari global miqyosdagi qurolli to‘qnashuv bo‘lgan edi. Bu urushlarda barcha yirik davlatlar qatnashgan. Bugungi kunda biror bir davlatni to‘laligicha xavfsizligi ta’minlangan deb bo‘lmay qoldi. XXI asrdagi urushlar va qurolli majorolarning bosh sababi o‘zaro qaramma-qarshiliklar ekani aytiladi.

XXI asrda yirik urushlardan ko‘ra, ko‘proq millatlararo to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Afrika mamlakatlarida ham millatlararo, irqlaroro majorolarning davom etishi ham glabal dunyoning global muammolaridan xisoblanadi. Ekstremistlarning faolashib qolayotgani ham xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Yoshligimizda kattalar “Inson nomi mag‘rur jaranglaydi”, degan so‘zni ko‘p ishlatishardi. Buning uchun insonning o‘zi mag‘rur yashashi kerak. Mag‘rur yashash uchun esa urushlarga yo‘l qo‘ymaslik, onalar o‘z farzandlarini urushga emas, tinch mehnatga kuzatishlari lozim. 21 asr – urush va zo‘ravonliklardan xoli asr bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir inson buzg‘unchilik bilan emas, balki bunyodkorlik bilan shug‘ullanishi kerak. Biz yer shari deb atalmish katta oilada tinchlik-xotirjamlikda yashashni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, xar qanday urushlarga qarshi chiqishimiz kerak.

Inson xotirasi bilan aziz sanaladi, millat xotirasi va tarixi bilan ulug‘lanadi. 9-may “Xotira va qadrlash kuni” xalqimiz, undagi katta-kichik, yoshu qari, jamiyatimizning barcha a’zolari tomonidan insonni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish kabi fazilatlarni ulug‘laydigan, o‘tganlar ruhini shod etib, Vatan tinchligi yo‘lida fidoiylik ko‘rsatgan, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarni qadrlab, o‘z minnatdorchiligimizni izhor etadigan kun sifatida har yili qizg‘in nishonlanib kelinmoqda.

Xotira deganda, barchamiz qon-qonimiz, suyak-suyagimizga singib ketgan muqaddas tuyg‘uni tushunamiz. Chindan ham, o‘tganlarni xotirlash, ularning ruhini yod etish xalqimiz uchun asrlar davomida ezgu an’ana, ezgu odatga aylanib qolgan. Inson har doim o‘tmish ajdodlarini, muhtaram ustozlarini, aziz avliyolarni xotirlar ekan, xalq va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini yana bir bor mas’uliyat bilan his etadi, o‘zidan yaxshi nom qoldirish va ezgu ishlarni qilishga shoshiladi, o‘zgalarni ham shunga chorlaydi.

Ma’lumki, urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan. Shundan 1,5 millionga yaqin odam urushda qatnashgan. O‘sha vaqtda yurtimiz aholisining yarmini bolalar va keksalar tashkil etgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, qurol ko‘tarishga qodir bo‘lgan yurtdoshlarimizning taxminan 70-80 foizi bu beshafqat urushda bevosita ishtirok etgan. Shu ma’noda, ushbu sanani nishonlar ekanmiz, bu kunning yurtimizda “Xotira va Qadrlash kuni” deb e’lon qilinganligi naqadar chuqur o‘ylanganini, uning teran ma’no hamda mazmunga ega ekanini hayotning o‘zi bot-bot tasdiqlamoqda. Xotira, xotirlash haqida gapirar ekanmiz, bu tushunchani qadrlash tushunchasidan ajratib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, bu yorug‘ kunlarga nima hisobidan erishganimizni, bu yo‘lda qanday og‘ir kurashlar, azob-uqubat va yo‘qotishlar bo‘lganini, qanchadan-qancha odamlar urush maydonlarida aziz jonini qurbon qilganini anglamasak, tushunmasak, bugungi kunimizni, musaffo osmonimizni, tinch va osuda hayotimizni anglash, uning qadriga yetish qiyin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmon va “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan tanishar ekanman, xayolimdan yuqoridagi fikrlar o‘tdi. Prezidentimiz qarorida ta’kidlanganidek, “Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish – bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng xalqimizga xos azaliy qadriyatdir. Butun dunyoda millionlab insonlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan, “Sen yetim emassan” deb o‘z bag‘riga olgani xalqimizning naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi.

Payg‘ambarimiz: “Dunyodan o‘tib ketganlarning faqat yaxshi sifatlarini yod etinglar. Yomon sifatlaridan tillaringizni tiyinglar” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)deb marhamat qilganlar. Zero, o‘tganlarni eslash va ular haqiga istig‘for aytish, qabrlarini odob bilan ziyorat qilish, ularni obod etish, shu bilan birga, o‘zimizning o‘tib ketgan marhum yaqinlarimizni doimo yaxshi sifatlar bilan eslash bizning burchimizdir.

Dunyoning ko‘pgina mintaqalaridagi qarama-qarshilik, qurolli to‘qnashuvlar, qonli fojialar, yon-atrofimizdagi notinch ahvol, avvalo, Afg‘onistonda davom etayotgan tahlikali vaziyat Vatanimizni har qanday balo-qazolardan asrash uchun doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashashimizni talab qiladi. “Qo‘shning tinch — sen tinch”, degan hikmatni eslaylik. Va aynan shu mamlakat misolida urush, zo‘ravonlik hech bir mamlakatga ezgulik olib kelmasligini, aksincha, yovuzlik yana bir karra yovuzlik yaratishini angladim. Shukurki, tinchlik-osoyishtalik barqaror, jannatmonand yurtda yashamoqdamiz. Shunday ekan, bunday farovonlikning, to‘kin-sochinlikning, xotirjamlikning qadriga yetaylik.


Sharofiddin To‘laganov

O'zA
10 366