Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2018 16:27 Chop etish versiyasi

Umidjon uyiga qaytdi

Umidjon uyiga qaytdi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 14 yoshli Umidjon Abdumadjidovga otasi Ilgor Abduqayumov donorligida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarilgani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati bugun bemorning shifo topib uyiga qaytganini ma’lum qildi.

Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning talab oshib borayotgan, istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Bugungi kunda bunday yuqori texnologik operatsiyalar tibbiyoti rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda yurtimizdagi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

– Markazimizda birinchi marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazildi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokori Maqsudxon Rashidov. – Bu operatsiyaning murakkabligi shunda bo‘ldiki, bemor Umidjon juda yosh, organizmi hali rivojlanish bosqichida edi. Ichki a’zolarining kichikligi, qon tomirlarining ingichkaligi alohida yondashuv talab qildi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xorij tajribasini o‘rgandik. Shundan so‘ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantatsiyasi bajarildi. Operatsiyagacha bemorning buyragi o‘z faoliyatini bajara olmagani bois, qoni 8 oy davomida to‘liq gemodializ apparati orqali tozalangan. Hozir buyrak me’yorida faoliyat olib bormoqda. Umidjon sog‘lom hayotga qaytdi, deb bemalol ayta olamiz.

photo5382275783977969980.jpg

– Bugun o‘g‘lim Umidjon qayta dunyoga kelganday bo‘ldi, – deydi bemorning otasi, donor Ilgor Abduqayumov. – Davlatimizning ko‘magi, shifokorlarning astoydil mehnati oilamiz quvonchini qaytarib berdi. Operatsiyadan oldin natija qanday bo‘larkan, degan o‘y-xayollar bo‘lgani rost. Mana, hammasi ortda qoldi.Umidjonning kayfiyati, o‘ziga ishonchi baland.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari ushbu murakkab amaliyot muvaffaqiyatli o‘tganiga katta ishonch bildirishdi. Hozirgacha bo‘lgan natijalarning barchasi ijobiy. Bemor va donor sog‘lom holatda o‘z oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytdi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara oladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bunday murakkab amaliyotlardan tashqari, yurtimiz shoshilinch tibbiy yordam tizimi bo‘yicha yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam, shuningdek yiliga 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zA
1 574