Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 13:00 Chop etish versiyasi

Ulug‘ insonga ehtirom

Surxondaryo viloyati Axborot-resurs markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, pedagoglar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda sobiq tuzumning o‘ta qaltis va murakkab davrida respublikamiz rahbari bo‘lgan, milliy madaniyatimiz va adabiyotimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan Sharof Rashidov o‘zining fidokorona mehnati, ibratli hayot yo‘li, ijtimoiy-ijodiy faoliyati bilan xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olgani alohida ta’kidlandi.

Surxondaryoliklar ham Sharof Rashidovning viloyatni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, insonparvarlik fazilatlari haqida faxr bilan so‘zlaydi. Viloyatda yangi kanallar barpo etish, cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, aholi va ekin maydonlarining suv ta’minotini yaxshilashga munosib hissa qo‘shganini alohida minnatdorlik bilan eslaydi.

– Mehr-oqibatli xalqmiz, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M.Allamurodov. – Bunday yuksak fazilat xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan farzandlarini unutmasligi, ularning fidokorona mehnatini yuksak qadrlashida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Sobiq tuzum davrida markazning ko‘rsatmasi bilan ba’zi “shaxs”lar Sharof Rashidovga xos bo‘lmagan noo‘rin gap-so‘zlar aytishga, nomini yomonotliq qilishga harakat qildi. Lekin xalqimiz sodiq farzandining xotirasini avaylab-asradi, insonparvarlik fazilatlarini unutmadi. Mustaqillik sharofati bilan nomi qayta tiklandi. Biz ulug‘ yurtdoshimizni nafaqat atoqli davlat arbobi, balki Vatanga muhabbat, el-yurtga sadoqatni, sabr-qanoat, matonat va halollikni tarannum etgan ko‘plab asarlar muallifi sifatida ham yaxshi bilamiz. Joylarda tashkil etilayotgan xotira kechalari va uchrashuvlarda keksa avlod vakillari Sharof Rashidovning ibratli hayot yo‘li va sermahsul ijodiy faoliyati xususida yosh avlodga so‘zlab bermoqda.

Tadbirda adib asarlaridan namunalar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 849






Все о погоде - Pogoda.uz