O‘zA O`zbek

12.03.2018 18:52 Chop etish versiyasi

Ulfatchilik qimmatga tushdi

Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati 25-fevral kuni navbahorlik fuqaro mahalladoshiga suiqasd uyushtirgani haqida xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 1975-yilda Navbahor tumani Toshrabot mahallasida tug‘ilgan shaxs Karmana tumanida olib borilayotgan qurilish ishlarida mahalladoshi, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan birga faoliyat ko‘rsatgan. Ular 25 fevral kuni Yoshlik mahallasidagi ko‘p qavatli uyning qurilishi tugallanmagan xonasida birgalikda spirtli ichimlik iste’mol qiladi. Shundan so‘ng, o‘rtada nizo chiqib, biri ikkinchisiga oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazadi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining birlamchi xulosasiga ko‘ra, pichoq jabrlanuvchining ko‘krak qafasini teshib, og‘ir jarohatlar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- va 97-moddalari 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jabrlanuvchining ahvoli hozir og‘irligicha qolmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
4 648