O‘zA O`zbek

06.03.2018 16:59 Chop etish versiyasi

“Uchinchi sektor” subyektlarining dastur va loyihalari uchun 17,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning dolzarb vazifalari muhokama qilindi.

2017-yilda parlament huzuridagi Jamoat fondi “uchinchi sektor” subyektlarining 264 dan ortiq dastur va loyihasiga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 12,7 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq vakillariga qilgan Murojaatida aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy faolligini yuksaltirish muhim vazifalardan etib belgilangan.

Shu maqsadda Parlament komissiyasi yig‘ilishida 2018-yilda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari dastur va loyihalarini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 17,7 milliard so‘m miqdorida qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari hamda hajmlari ko‘rib chiqildi. “Uchinchi sektor” subyektlarining dastur va loyihalariga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobarga oshganligi ta’kidlandi.

Aholining ehtiyojmand qatlamlarini, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlar sog‘lig‘ini reabilitatsiya qilish shart-sharoitlarini yanada yaxshilashga ko‘maklashish, aholining ekologik madaniyatini, fuqaro muhofazasi sohasida bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, yaqin qo‘shnichilikni, teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro aloqalarni mustahkamlashda davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga 3 milliard so‘mlik davlat ijtimoiy buyurtmalari taqdim etiladi.

Umuman, 2018-yilda davlat tomonidan NNT va OAVlarining 280 ta dastur va loyihasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishda mingdan ortiq fuqarolik jamiyati instituti ishtirokini ta’minlash belgilandi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
5 060