O‘zA O`zbek

16.08.2018 09:27 Chop etish versiyasi

Tushuntirish va targ‘ibot ishlari samara beradi

Tushuntirish va targ‘ibot ishlari samara beradi

Mamlakatimizda ijtimoiy reabilitatsiya qilish, maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish,fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlarni to‘g‘ri tashkil qilishda muhim hujjat va dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur farmon ijrosi doirasida joylardagi reabilitatsiya markazlarida davolanuvchilar to‘liq chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirilmoqda. Ichki ishlar organlari va boshqa tegishli idoralar xodimlari tomonidan bunday markazlarga olib kelingan fuqarolarning har bir tizimga oid muammolari o‘rganilib, bartaraf etish choralari ko‘rilayotir.

Bu kabi xayrli ishlar, amaliy harakatlar olib borilayotgani quvonarli. Shu o‘rinda Prezident qarorida bu borada qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlangani haqida qisqacha to‘xtalish o‘rinli. Qarorda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, jamiyatdagi va oiladagi ma’naviy-axloqiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa holatlarni qo‘zg‘ata oladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olish, shuningdek, ushbu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etishini ta’minlash nazarda tutiladi.

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishda, yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarni, birinchi navbatda oilaviy-maishiy nizoli vaziyatlarni hal qilishda davlat organlarining o‘zaro hamkorligini, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik tizimini shakllantirish kerakligi keltirilgan. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy va shaxslararo munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish jarayonlariga daxldorlik hissini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga o‘z vaqtida va manzilli yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va unga erta barham berish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti shaklida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazini tashkil etish belgilandi.

Bu borada tashkilotlar va fuqarolar bilan o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatishi lozim. Davlat va nodavlat tashkilotlari uchun nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan amaliyotlar, seminar va treninglar o‘tkazish belgilandi. Shuningdek, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida ham bosqichma-bosqich hududiy markazlar tashkil etiladi.

Biz farmonning ba’zi bandlariga to‘xtaldik xolos. Ommaviy axborot vositalarida, joylarda tashkil etiladigan uchrashuv va davra suhbatlarida mazkur qaror mazmun-mohiyatini odamlarga sodda tilda tushuntirish lozim. Bu kabi targ‘ibot ishlari oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning kamayishi va oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Rustam Xurramov,
Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani
adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi

O‘zA
2 093