O‘zA O`zbek

15.04.2019 12:39 Chop etish versiyasi

Turkistonga nemis xalqlari qachon ko‘chib kelishgan edi?

Turkistonga nemis xalqlari qachon ko‘chib kelishgan edi?

Xiva hukmdori Sayyid Muhammad Rahimxon II 1882 yil 15 iyuldagi xatida Amudaryo bo‘limi boshlig‘iga shunday yozgan edi: “Oldimga kelgan delegatsiya mening fuqaroligimni qabul qilib, bizning yerimizda yashashni xohlayapti va g‘alla ekib, bizning fuqarolarimiz qatori solg‘ut to‘lashni istashyapti.

Rossiyada 1880 yildan amal qilish muddati boshlangan islohotlar bu hududda yashab turgan nemis mennonitlari uchun ham amal qilishi mennonitlar e’tiqodiga to‘g‘ri kelmas edi. Chunki, ularning dini bo‘yicha urushlarda qatnashish va farzandlarini armiya xizmatiga berish mumkin emasdi. Shundan keyin nemislar Rossiya hukumatiga bir necha bor murojaat qilib, ularni Sharqiy hududlarga jo‘natishni so‘rashgan. 

1882 yilda fon Kaufman rus podshosidan nemislarni Turkistonga ko‘chirish va namunali qishloq-xo‘jaligini tashkil etish uchun ruxsat oldi. 1873 yilda Xiva xonligi Rossiya tomonidan bosib olingan. Ushbu harbiy yurishning qo‘mondoni general fon Kaufman edi. Rus olimi V.Lobachevskiy: “Nemis mennonitlar rus hokimiyatining ruxsati bilan 1882 yilda dastlab Qipchoq bekligiga ko‘chib kelishgan, ularni bu yerda turkmanlar siqishtirgandan so‘ng esa Xivadan 12 verst (1 versta-1.06 km) uzoqlikda bo‘lgan Oqmasjidga ko‘chib o‘tganlar”, deb ma’lumot beradi.

Yana bir rus olimi V. Girshfeld: “Nemislar Saratov guberniyasida yashagan, ular 36 hovlida 142 kishi bo‘lishgan. Ular duradgorlik hunari bilan mashhur bo‘lib, Xiva va Petro – Aleksandrovskni o‘z xizmat mahsulotlari bilan ta’minlaganlar”, deb yozadi.

Xiva hukmdori Sayyid Muhammad Rahimxon II 1882 yil 15 iyuldagi xatida Amudaryo bo‘limi boshlig‘iga shunday yozgan edi: “Oldimga kelgan delegatsiya mening fuqaroligimni qabul qilib, bizning yerimizda yashashni xohlayapti va g‘alla ekib, bizning fuqarolarimiz qatori solg‘ut to‘lashni istashyapti. Bundan tashqari, agar shariat qoidalari va urf-odatlarimizni buzishsa, men ularni jazolashimga ham rozilar. Men esa ularni yer solg‘utidan bir yilga, uy qurish, qazuv kabi boshqa solg‘utlardan to‘rt yilga ozod qilaman. Agar ular bizning yerimizda o‘zlarini xo‘jaliklarini yurita olmasa va qaytib ketish istagini bildirsa, men ularni ushlab turmayman”. 

Nemislar 1884 yilda Xivaga kelgach, xon ularga akasi Otajon to‘raning yerlaridan 50 gektar yerni ajratib bergan va to‘rt yilgacha barcha soliqlardan ozod qilgan. Muhammad Rahimxonning buyrug‘i bilan ularning mahallasiga kelgan xivalik musulmonlar mennonitlarning dini va urf-odatlarini hurmat qilishi shart edi. Shu davrning solnomalari va hujjatlarida biron-bir kelishmovchilik yoki janjal qayd qilinmagan. Aksincha, mahalliy aholi ular bilan juda tez chiqishib ketgan va hatto ular o‘rtasida nikohlar ham bo‘lgan.

Nemislar duradgorlik hunari bilan mashhur bo‘lib, Xiva va Petro – Aleksandrovskni o‘z hunarmandchilik mahsulotlari bilan ta’minlaganlar. Ularda temirchilik ustaxonalari va mo‘ri tozalash ishlari rivoj topgan. Nemis jamoasining Rizen ismli hurmatli oqsoqoli bo‘lib, u kishi xonlikda o‘z muhriga ega bo‘lgan. U bilan xuddi mahalliy “kadxudo”lar singari muomalada bo‘lingan. Xon har yili unga Xiva amaldorlari bilan barobar sarupo tortiq qilgan.

Ular juda yaxshi hunarmand bo‘lib, erkaklari duradgorchilikda, ayollari tikuvchilikda mohir bo‘lganlar. Shuningdek, nemislar juda yaxshi chorvador ham ekanlar, bugungi kungacha ularning sersut qoramollari haqida iliq so‘zlar yuradi. 

Rossiyadan keltirilgan nemis mennonit xo‘jaliklari Xivaga pomidor, kartoshka kabi sabzavot, sutdan qaymoqni ajratib oluvchi moslama – “moyjuvoz”, shamol tegirmoni olib keldilar.

Xivaliklar “Panor buva” deb nom qo‘ygan Vilgelm Pennerdan Xudoybergan Devonov foto-kino san’atini o‘rganib, O‘rta Osiyo kino san’atiga asos soldi. Ta’kidlash joizki, X.Devonovning xizmatlari tufayli shu davr kishilari, yodgorliklarining foto tasviri, kino lavhalari bizgacha yetib keldi. 

Sho‘rolar hukumati kelgach ham nemislar oqsoqolining uyida Muhammad Rahimxonning portreti osig‘liq turgan. Vaholanki, bunday fotosuratlar hatto xonlarning qarindoshlari uylaridan ham yo‘qotilgan edi. Nemis mennonitlarning xonga hurmati shu darajada ediki, yangi hukumatning siyosatidan ham qo‘rqmay, o‘zlariga boshpana, ish bergan Muhammad Rahimxon yaxshiligini unutishmagan. Afsuski, nemislar 1936 yilda Sovet hukumatining siyosatiga chidolmay, g‘arb mamlakatlariga ko‘chib ketishgan.

NURULLABOY SAROYI

XX asr boshidan boshlangan jahon rivojlanishidan Xiva xonligi ham orqada qolmadi. Bu Xiva me’moriy obidalari qurilishida ham o‘z aksini topdi. 1910 – 1913 yillarda Vaziri Akbar Islom xo‘ja tashabbusi nemis mennonitlarining bevosita ishtirokida Qo‘sha darvoza, yevropa uslubi bilan mahalliy arxitekturaning uyg‘unlashib ketishi natijasida bunyod qilingan pochta-telegraf, kasalxona, Qibla Tozabog‘ va Isfandiyorxonning rasmiy qabulxonasi qurildi. 

Nurullaboy saroyi, aslida, Isfandiyorxonning yevropa elchilarini qabul qilish uchun tayyorlangan maxsus mehmonxonasi edi. U Nurullaboyning bog‘ida joylashgani uchun shu nomni olgan. 

Saroy qurilishida mahalliy usta-hunarmandlar bilan birga Xivaning Oqmasjid qishlog‘ida yashagan nemis mennonitlari hamda rus rassomlari qatnashganlar. Nemis ustalar binoning duradgorlik ishlarini – eshik, deraza, parket pollarini tuzatishgan. Saroy xonalarining ichki bezaklari bir-biridan farq qiladi. Devor va shiftdagi ganch o‘yma naqsh ishlarini Ro‘zmat arbob Masharipov, Nurmat usta, Xudoybergan hoji, Quryoz Bobojonov bajargan. Ganchdan naqsh o‘yilgan devorlarga Vaisniyoz Matkarimov boshchiligida ustalar moy bo‘yoqlar bilan rang berishgan. Shiftlardagi Yevropa usulida yasalgan gullar va farishtalar rasmini rus va nemis rassomlari yasashgan. 

Saroyning 1-3-6 xonalari o‘tish – dahliz vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi xonasi (o‘lchamlari: 8x14m, balandi 6m.) rasmiy ziyofatlar xonasi bo‘lib, o‘zining alohida bezaklari bilan kishi diqqatini tortadi. Bu xonaning devorlari ham boshqa xonalar kabi rangdor ganch o‘ymakorligi bilan bezatilgan. Shiftning o‘rtasiga hashamatli billur qandil osilgan. Ziyofatlar xonasining to‘rt devori tepasida xristian diniga xos bo‘lgan tasvir – farishtalar (sevishganlar) rasmi chizilgan. 

Saroyning to‘rtinchi xonasida xonning rasmiy qabulxonasi joylashgan bo‘lib, bu yerda har xil shartnomalar imzolangan. Sakkiz burchakli yumaloq zal deb yuritilgan bu xonaning diametri 10 metr keladi. Xon davrida bu xonaning har burchagida bittadan 1,5 x 3 metrlik ko‘zgu qo‘yilgan. Bu xonaning shifti yog‘ochdan bo‘lib, nihoyatda ustalik bilan nafis geometrik shakllar yasalgan va oltin suvi berib ishlangan. Yetti xonalik bu saroyning bitta shu xonasida “osma shift, hovuz” usuli qo‘llanilib, uni mahalliy arja (sandiq) tuzatuvchi ustalar ishlagan, qolgan oltita xonaning shifti rus va nemis ustalari tomonidan bezatilgan. Shiftni bezashda xivalik ustalardan Bobojon kalantar (kalantar-ustaboshi), Muhammadsharif kalantar, Vaisniyoz Matkarimov va boshqalar mahorat ko‘rsatishgan. Shiftning chekkalaridagi devorga o‘rnatilgan tilla rangli karnizlar Rossiyadan maxsus qog‘ozlarga o‘ralib keltirilgan. 
Ikkinchi va beshinchi xonalardan oltinchi xonaga kirish eshigi mavjud. Bu xona tepasida esa yanada qiziqarli tasvirlar, o‘rtadagi qandil osilib turgan ilgak atrofida hilol oy va uning atrofida yulduzlar, devorlar tepasining ustida esa yevropada sevgi ramzi sanalgan farishtalar (amur) tasviri yasalgan. 

Xulosa qilib aytganda, ushbu saroy yoki Isfandiyorxon ta’biri bilan aytganda, “Zal” XX asr boshida qurilgan Buxorodagi Mohi xossa yodgorligi kabi zamonaviy yangilik bo‘lib, unda Yevropa bilan o‘zbek milliy me’morchiligining uyg‘unlashuvi, yangi shakllanib kelayotgan diniy dunyoqarashlarning me’morchilikda aks etganini namoyon qiladi.

Nurullaboy zali Xorazm me’morchiligida yangi yo‘nalish – Yevropa va mahalliy arxitekturaning yaqinlashuvi, qo‘shilib ketishining boshlanishi bo‘lib tarixga kirgan. Bu zal ichidagi naqshlarda eklektizm – bir-biriga zid bo‘lgan g‘oyalarning bir xonada uchrashi ham kuzatiladi. Ya’ni, islomiy davlat Xiva xonligi ramziy belgilari bo‘lgan hilol oy va yulduzchalarning katolik diniga mansub bo‘lgan farishtalar (amur) tasviri bunga misoldir.

Xiva “Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida “Oqmasjidlik mennonitlar” muzeyi tashkil qilinmoqda. Muzeyda Xiva xonligida qisqa davr yashab, xivaliklar qalbida yaxshi taassurot qoldirgan nemis mennonitlari tarixi, ularning mohir hunarmandligi va chin insoniy xislatlari, boshqa-boshqa din vakillarining qardoshligi mavzulari yoritilgan.

Komiljon Xudoyberganov,
Xiva “Ichan-Qal’a” muzey-qo‘riqxonasi
ilmiy kotibi, tarix fanlari nomzodi

O‘zA
344