Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.02.2018 17:46 Chop etish versiyasi

Turizmni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam

Turizmni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam Poytaxtimizdagi Tasviriy san’at galereyasida Umumjahon gidlar va ekskursiya yetakchilari kuni doirasida “Buyuk ipak yo‘li: chegarasiz hamkorlik” II xalqaro gidlar forumi boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Serbiya davlatlaridan turizm va madaniyat sohasidagi tashkilotlar, Butunjahon turistik gidlar uyushmalari federatsiyasi, gidlar milliy uyushmalari vakillari, xalqaro ekspertlar, gidlar va muzey ekskursiyasi yetakchilari ishtirok etmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov, madaniyat vazirining o‘rinbosari K.Oqilova, Tasviriy san’at galereyasi direktori J.Temurxo‘jayev, "Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Respublika markazi" davlat unitar korxonasi direktori Ye.Golisheva, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi D.Badarch, Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ye.Utembayev va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz turistik salohiyatini yuksaltirish, soha faoliyatini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish va rivojlantirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston zamini qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi ulkan salohiyatga, tabiiy, tarixiy va madaniy boyliklarga, go‘zal an’ana va urf-odatlarga ega hudud sifatida butun dunyo e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Bugungi kunda mamlakatimiz nafaqat siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy sohalarda, balki turizmda ham yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 6-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorida keng targ‘ib etish, turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish, sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklari targ‘ibotini yangi bosqichga ko‘tarish, yurtimizga kelayotgan turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Gidlar – ko‘p qirrali kasb egalari. Har qanday mamlakatga tashrif buyurgan sayyoh ular orqali o‘sha davlat haqida taassurotga ega bo‘ladi, baho beradi. “Buyuk ipak yo‘li: chegarasiz hamkorlik” II xalqaro gidlar forumi sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro mutaxassislar, gidlar va muzey ekskursiyasi yetakchilarining o‘zaro fikr va tajriba almashish, ekskursiya faoliyati va gidlar milliy uyushmalarining ish yuritish bo‘yicha dolzarb va muhim vazifalarni muhokama qilish, dunyo hamjamiyatida gid kasbining mavqeini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar maydoniga aylandi.

5.JPG

– O‘zbekistonga har safar kelganimda ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapman, – deydi Turkiya gidlar uyushmasi boshqaruvi a’zosi Mustafo Yalchinkaya. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-26-oktabr kunlari Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘plab sohalar qatori turizm yo‘nalishida ham hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib olindi. Bu boradagi ishlar ko‘lami kengayib bormoqda. O‘zbekiston – tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarga boy yurt sifatida ulkan turistik salohiyatga ega. Mamlakatingizda bu yuksak salohiyatni butun dunyoga namoyish etish uchun huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy jihatdan katta qadamlar tashlanayotgani quvonarlidir. Bugungi forum ham O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishiga ishonaman.

9.JPG

– Joriy yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, deb e’lon qilindi, – deydi Qozog‘iston gid-tarjimonlar maktabi rahbari, “Arman-tur” milliy sayyohlik agentligi direktori Saltanat Abjanova. – Bu turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. O‘zbekistonlik hamkasblar bilan birga ko‘plab tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bu ikki davlatning turizm sohasidagi rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. 2015-yili I xalqaro forumda qatnashib, Xivada malaka oshirdim, o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan bilim va tajriba almashdim, bu yerda o‘rganganlarimni yurtimda targ‘ib qildim. Bu galgi forum ham gidlarning professional ko‘nikmasini yuksaltirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Forum doirasida “Buyuk ipak yo‘li: chegarasiz hamkorlik” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Gidlarning kundalik faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi. "Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Respublika markazi" DUK va Qozon federal universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Toshkent va Buxoro shaharlarining gidlari va muzey ekskursiyasi yetakchilari uchun xalqaro ekspertlar tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi.

Bayram Aytmurodov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
8 943