O‘zA O`zbek

03.04.2018 10:15 Chop etish versiyasi

Toza havo qanchalik toza ?

Xalq deputatlari Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining tumanda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tuman hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi, Katta Andijon kanali va boshqa ochiq suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari va qirg‘oq bo‘yi mintaqalarini muhofaza qilish borasida toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chishi va yer ko‘chishi hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan xatlov jarayonida suv tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan obyektlar aniqlanib, tegishli tartibda ekologik xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, viloyat bo‘yicha bir yilda atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi modda miqdori 69,4 ming tonna. Uning 90 foizga yaqini yoki 67,3 ming tonnasi viloyatda harakatlanayotgan 165,4 ming dona avtotransport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Uchqo‘rg‘on tumanida 91,3 foizni tashkil qiladi yoki tumanda atmosferaga bir yilda tashlanayotgan ifloslantiruvchi modda miqdori 4,6 ming tonna. Uning 4,2 ming tonnasi 10 mingga yaqin avtotransport vositalarining ekologiyaga zararli hosilasidir.

Transport vositalaridan atmosferaga tashlanayotgan zararli moddalar miqdorini me’yorlash va me’yoridan ortiq tashlanishining oldini olishga qaratilgan “Toza havo” tadbirida tumanda qariyb 1200 avtotransport vositasi ko‘rikdan o‘tkazildi. Is gazi va tutun qalinligi bo‘yicha me’yordan ortiq ko‘rsatkichda aniqlangan avtomobillarda kamchiliklarni bataraf etish choralari ko‘rildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan xazonlar yoqish, qurilish obyektlarida bitumni ochiq alanga oldirib eritishga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramay, 2017 yilda tumanda somon yoqish bo‘yicha o‘nlab holat aniqlangan. Qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Tahlillarga ko‘ra, tumanda bir yilda 14 ming 760 tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lmoqda. Albatta, kuniga aholi va xo‘jalik subyektlari tomonidan chiqarilayotgan chiqindilar “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman filiali tomonidan maxsus texnikalarda belgilangan joylarga chiqarilmoqda. Biroq, olib borilayotgan tushuntirish va profilaktik tadbirlarga qaramasdan, noqonuniy chiqindixonalar, markaziy ko‘cha va yo‘l bo‘yiga chiqindi tashlash holatlari hamon uchrayotgani achinarlidir.

Tadbirda tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonunlar talabiga rioya etilishi yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning fikr-mulohazalari asosida qaror qabul qilindi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
4 303