Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 19:23 Chop etish versiyasi

Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida noodatiy ko‘rgazma ochildi

Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida noodatiy ko‘rgazma ochildi Tashrif buyuruvchilar bu yerda milliy hunarmandlik namunalaridan tortib eng so‘nggi texnika ishlanmalarini tomosha qilishi va xarid qilishi mumkin. Mahsulotlarning yaratuvchilari va ishlab chiqaruvchilari yoshlar ekani mazkur tadbirning eng asosiy yangiligidir.

Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligining xususiy sektordagi o‘rni va ahamiyatini bir so‘z bilan ta’riflash mushkul. Garchi tadbirkorlikning mazkur yo‘nalishini rivojlantirish dastlabki davrlarda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni kamaytirishni ko‘zlagan bo‘lsa-da, bugungi kunda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib, taraqqiy etayotgan korxonalar orasida yoshlar yetakchilik qilayotgan biznes subyektlari ko‘payib borayotgani va, eng muhimi, ularning ilmga, yangilikka chanqoqligini kuzataturib yoshlar tadbirkorligi «kichik iqtisodiyot»ning harakatlantiruvchi kuchiga aylanayotganiga ishonch hosil qilasiz.

18.JPG

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda poytaxtimizda birinchi marta tashkil etilgan yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va fermerlar mahsulotlari ko‘rgazma savdosi buning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Raqamlarning guvohlik berishicha, hozirgi paytda yurtimiz tadbirkorlarining 20 foizini yoshlar tashkil etadi. Soddaroq aytsak, 90 mingdan ziyod yosh yigit-qiz jamoalarga bosh bo‘lib, ishbilarmonlik qilmoqda, ishchi-xizmatchilarga maosh to‘lab, davlat g‘aznasiga o‘z ulushini qo‘shmoqda.

«Yoshlar – kelajak bunyodkori» shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan mazkur ko‘rgazmada ana shunday ishbilarmonlarning qariyb 180 nafari ishtirok etmoqda.

– Ko‘rgazma biz uchun katta imkoniyat yaratdi, – deydi Toshkent viloyatining Qibray tumanida bir necha yildan beri o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Hikmat Mirzayev. – Tadbir ishtirokchilarining aksariyati yoshlar, buning ustiga tadbirkor ekani o‘zaro tajriba almashib, yutuqlarimiz va muammolarimiz bilan o‘rtoqlashishda qo‘l kelmoqda. Qolaversa, tashkilotchilar odatdagidek mahsulotlarning ko‘rgazmasi bilan cheklanmay savdosini ham uyushtirgani bizga yana bir qulaylik bo‘ldi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Odiljon Tojiyevning ta’kidlashicha, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tashkilotning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda «Mikrokreditbank», Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan yosh tadbirkorlarni imtiyozli kreditlar bilan ta’minlashni kengaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolangan bo‘lib, kelgusida mamlakatimizdagi barcha tijorat banklari bilan ham bu yo‘nalishda kelishuvlarga erishilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda 2018-yil o‘n xorijiy davlatda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmalarda yosh tadbirkorlar ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Ko‘rgazma stendlarida yoshlarning innovatsion ishlanmalariga ham o‘rin ajratilgani e’tiborga loyiq. Bu yerdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari tomonidan yaratilgan turli zamonaviy uskuna va jihozlar ko‘pchilikning qiziqishini tortmoqda.

Behzod Bozorov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
7 480