O‘zA O`zbek

12.06.2019 19:30 Chop etish versiyasi

Toshkentda agrar sohaga ixtisoslashgan xalqaro koʻrgazmalar ish boshladi

Toshkentda agrar sohaga ixtisoslashgan xalqaro koʻrgazmalar ish boshladi

“Oʻzekspomarkaz”da agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar boʻyicha “Uzbekistan Agrotech Expo – 2019” XIV xalqaro ixtisoslashtirilgan hamda “Uzbekistan Agromash Expo – 2019” VIII xalqaro ixtisoslashtirilgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va mashinalarining koʻrgazmalari ochildi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xoʻjayev va boshqalar mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi izchil rivojlanayotgani, pirovardida, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji toʻliq taʼminlanayotgani, mahsulotlarni qayta ishlash hajmi ortib, eksport koʻlami kengayib borayotganini alohida taʼkidladi.

Koʻrgazmada 197 kompaniya qatnashayotgan boʻlib, ularning 152 tasi Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Belarus, Rossiya kabi xorij mamlakatlaridan kelgan. Ular oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash texnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bogʻdorchilik uskunalari, chorva uchun yem tayyorlash jihozlarini namoyish etib, oʻsimliklar himoyasi uchun kimyoviy moddalar va zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish kabi xizmatlarni taklif qilmoqda.

Oʻzbekistonlik fermerlar bilan 15 yildan buyon hamkorlik qilayotgan Gollandiya va Vengriyaning “Hunland” qoʻshma kompaniyasi nasldor chorva hayvonlarini yetkazib berish bilan shugʻullanadi.

– Oʻzbekistonda chorvachilik yaxshi rivojlanmoqda, – deydi ushbu kompaniyaning mamlakatimizdagi vakili Nigora Turgʻunxoʻjayeva. – Koʻrgazmada koʻplab takliflarni qabul qilayapmiz. Biz mijozlarimizga iqlim sharoitidan kelib chiqib qaysi turdagi chorvani boqish, yetkazib bergan chorvani qanday parvarishlash boʻyicha zarur tavsiyalarni ham berib boramiz. Shu bois mijozlarimiz ham koʻpayib bormoqda.

Janubiy Koreyaning zamonaviy issiqxonalar qurishga ixtisoslashgan “Hankook agricultural materiars CO., HanNong Co Korea” kompaniyasi mamlakatimizda bir yildan buyon faoliyat koʻrsatmoqda.

– Hozir Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida 2 gektarlik issiqxona qurayapmiz, – deydi mazkur kompaniya vakili Shuhrat Qosimxoʻjayev. – Tez kunlarda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida gidroponika usulida ishlaydigan 7 gektarlik issiqxona qurishni boshlaymiz. Bugungi koʻrgazmada yangi mijozlar topish maqsadida ishtirok etayapmiz. 

“Uzbekistan Agromash Expo – 2019” xalqaro koʻrgazmasida “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar, yetakchi xorij kompaniyalarining 70 dan ortiq turdagi mahsuloti namoyish etilmoqda.

– Ishlab chiqarayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalarimiz nafaqat mamlakatimiz ichki bozori, balki qoʻshni davlatlarga ham eksport qilinmoqda, – dedi “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ marketing boshqarmasi boshligʻi Ilhom Alimov. – Bugungi koʻrgazmada 15 turdagi traktor, 30 turdan ortiq tirkama, agregatlarni namoyishga qoʻyganmiz. Tadbirkorlar bilan kelishuvlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Koʻrgazmada sholi va sabzavot koʻchatlarini ekishga moʻljallangan texnikalar katta qiziqish uygʻotdi. Germaniya qishloq xoʻjaligi jamiyati tomonidan “Daladan – dasturxonga” nomli xalqaro konferensiya ham oʻtkazildi.

Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA
675