Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 18:36 Chop etish versiyasi

Toshkent-siti «Aqlli shahar» bo‘ladimi?

Toshkent-siti «Aqlli shahar» bo‘ladimi? Toshkent-Sitining qurilishi, nafaqat Toshkent shahri, butun O‘zbekiston, va balkim, Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti, me’morchiligi tarixida ham katta voqea bo‘ladi.

Savolni yanada aniqroq qo‘yadigan bo‘lsak, Toshkent-Siti biznes markazi XXI asr, shu kunning eng zamonaviy talablariga javob bera oladigan “aqlli uylar”dan tashkil topgan “aqlli shahar” bo‘ladimi? Bu talab, albatta, katta, muhim va jiddiydir.

Xo‘sh... “Aqlli shahar” deganda biz nimani ko‘z oldimizga keltiramizu va unga qanday ma’no va mazmun yuklaymiz? Avvalambor shuni ta’kidlash joizki, Toshkent-Siti dunyo me’morchilik san’ati yutuqlarini o‘zida mujassam etgan po‘lat, rangli shisha, betondan va bizga hali ma’lum bo‘lmagan yangi qurilish materiallaridan barpo etilgan, har biri alohida-alohida loyiha, litsenziya asosida qad ko‘targan, biri-biriga o‘xshamas, 45-50 qavatli zamonaviy osmono‘par minora-binolar, baland qavatlarda osma bog‘lar, rangli favvoralar, bir zumda “ettinchi osmon”ga “lip etib” olib chiqib qo‘yadigan shovqinsiz liftlar ko‘z oldimizga keladi. Muxtasar qilib aytganda, bu “aqlli shahar”ning tashqi qiyofasidir.

Keling, bu mavzuga jahon tajribasi nuqtai nazaridan yondashaylik. Ma’lumki, dunyodagi 500 shahardan eng «aqllisi» – Daniya poytaxti – Kopengagen shahri hisoblanadi. Daniya poytaxtidan keyin Singapur bilan Stokgolm turadi. Xo‘sh, Toshkent-Siti ana shu “aqlli shahar”lar qatoridan o‘rin oladimi ? Agar olsa, u qanday bo‘ladi yoki bo‘lishi kerak?

sity.jpg

Gap shundaki, «aqlli shahar» Shvetsiyaning “Easupark” Ay-Ti kompaniyasi mutaxassislarining ta’biri bilan aytganda, smart-shahar bo‘lishi kerak va unga qo‘yiladigan bosh talablardan biri – u albatta 4G mobil internetiga ega bo‘lishi shart, Wi-Fi bilan aloqaga kirish imkoniyatlari mo‘l bo‘lishi kerak va, albatta, katta tezlikka ega bo‘lgan internet ishlab turishi shart. Yana bir talab, shahar neft, mazut, kerosin, benzin emas balki, ekologik toza manbadan olingan elektr quvvatidan foydalanishi zarur, biznes yuritish uchun namunali shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lishi, davlat xizmatlariga “bir zumning o‘zida” onlayn orqali chiqish imkoniyati bo‘lishi, aholisi o‘qimishli, saviyasi baland, siyosiy faolligi va turmush darajasi yuqori bo‘lishi zarur. Shuningdek, shahardagi zamonaviy transport infratuzilmasi rivojlangan bo‘lishi kerak. Avtomobillarni arendaga (ijaraga) olishga rasmiylashtirish tez va oson, shu bilan birga avtoulovlar saqlanadigan avtomatlashtirilgan smart parking bo‘lishi talab qilinadi.

Bu Top-10likdan, ya’ni dunyodagi 10 ta ana shunday «aqlli shahar» qatoridan Syurix, Boston, Tokio, San-Fransisko, Amsterdam, Jeneva va Melburn shaharlari o‘rin olgan. Maqolani tayyorlash jarayonida ko‘plab ma’lumotlarni ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keldi.

Eng "aqlli shahar"lar

Germaniya kentlari orasida eng «aqlli shahar»lar qatoridan Berlin – 13-o‘rinni, Gamburg esa – 14-o‘rinni egallaydi. Britaniya poytaxti London – 17-o‘rinda, Fransiya poytaxti Parij esa – 20-o‘rinda turibdi. Moskva «aqlli shahar»lar qatoridan jahonda Estoniya poytaxti Tallindan keyin, lekin Panamadan oldinda bo‘lib, 77-o‘rinni egallaydi. Sankt-Peterburg reytingning 88-o‘rnida. Ro‘yxatning oxirgi o‘rinlarida – Saudiya Arabistoni poytaxti Er-Riyad bilan Mexiko shaharlaridir.

Bu shaharlar ro‘yxati va raqamlar fikru xayolimizga ancha aniqlik kiritdi, lekin bizning Toshkent-Sitimiz qanday shahar bo‘ladi, ular bilan bellasha oladimi? Bizga, albatta, jannatmonand diyorimizning tabiati, Toshkentning keskin kontinental, ayrim paytda esa mo‘tadil bo‘lgan iqlimi, shirin suvi, musaffo havosi, ayniqsa, O‘zbekistondagi Siti shahri tashabbuskorlarining g‘ayrati, toshkentlik loyihachilar, arxitektorlar, quruvchilarning shijoati, uzoqni ko‘zlab qilayotgan rejalari, qolaversa, buni ham yoddan chiqarmaslik kerak, buyuk binokor, me’mor, sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temurning ruhi, shaharlar qurish tajribasi yordamga keladi, deb umid va ishonch bildirish mumkin.

sity.jpg

Hozir butun dunyoda mingdan ortiq “aqlli shahar”lardan ikki yuzga yaqini xizmat qilayotgan bo‘lsa, uch yuzga yaqini endi barpo etilmoqda. Xitoy «aqlli shahar»lar qurish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlat hisoblanadi. Xitoyda “aqlli shahar”lar azim megapolislarda qanday qad ko‘tarayotgan bo‘lsa, kichik shaharlarda ham xuddi shunday g‘ayrat va shijoat bilan barpo etilmoqda. Xitoyda “aqlli shahar”lar bir necha toifaga bo‘lingan. Lekin bir narsani alohida ta’kidlash mumkin-ki, uy-joy qurilishida bu davlatning strategik dasturiga aylanib bo‘ldi. Va bugun Xitoy dunyoda eng ko‘p “aqlli shahar”lar barpo etayotgan mamlakatlardan biriga aylandi.

Ayni bir paytda ta’kidlash joizki, Xitoy hukumati va ayniqsa, munitsipalitetlar (shaharlar) rahbarlari, loyihachi va quruvchilari o‘z ishlariga nihoyatda tanqidiy nuqtai nazardan turib yondashmoqda. “Aqlli shahar”larni qurish strategiyasi, binolarning bezak dizayni, shahar boshqarilishi, ularda texnik, madaniy, maishiy va ma’naviy xizmat ko‘rsatish darajasi va Siti shaharlarini barpo etish bo‘yicha bir qator sohalarda xitoyliklarning talab va e’tirozlari hali ko‘p.

"Yangi aqlli shahar"lar

Xitoy “aqlli shahar”larga qo‘shimcha – “Yangi aqlli shahar”larni qurish rejasini ishlab chiqdi. Endi ular Siti qurilish ishlarini ochiq, oshkora, xalq bilan maslahatlashib, mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda, aholining talabi, taklifi, mablag‘i ishtirokida, xususiy investorlar yordamida qurishni rejalashtirmoqda.

Ayniqsa, “Yangi aqlli shahar”ning milliy me’morchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan, qulay, o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan kishiga ko‘tarinki ruh va xush kayfiyat bag‘ishlaydigan qiyofadagi binolarni loyihalashtirish ustida ish olib borishayapti. Qurilishga xalqning ko‘p ming yillik noyob hayotiy tajribasi, Xitoyning o‘ziga xos tabiati, donishmandlar maslahatiga tayangan holda, zamonaviy texnika va texnologik imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga, qurilish sohasida jahonda to‘plangan yangiliklari, davlatning va xalqning innovatsion salohiyati jalb qilinmoqda. Bu sohada Xitoydagi 25 shahar tajribasi o‘rganib chiqildi. Natija shuni ko‘rsatdiki, mamlakatda “aqlli shahar”lar barpo etish ishlari yaxshi taraqqiy etgan, bu sohada boy tajriba ham to‘plangan, ammo innovatsiya va strategik rejalashtirish bo‘yicha boshqalardan ular hali ancha orqada ekanligini tan olishmoqda.

sity.jpg

Smart City (“aqlli shahar”) konsepsiyasi Ay-Ti talablariga to‘la javob beradigan ildam rivojlanish va zamonaviy taraqqiyot namunasi, ertangi kunning yorqin kelajagi, deb talqin qilinayapti. Smart City ga qo‘yiladigan eng birinchi talab – tabiatni, Alloh tomonidan berilgan va bizni o‘rab turgan atrof-muhitni insonning salbiy ta’siridan saqlashdir, deb qayd qilingan Ay-Ti talablarida.

Smart City ning paydo bo‘lganiga ham 20 yil bo‘lib, bugun u butun dunyoda real haqiqatga aylanmoqda. Hayotga dadil tatbiq etilayapti. «Aqlli shahar» degani, bu – shaharda mavjud bo‘lgan barcha axborot va kommunikatsiya tarmoqlarining integratsiyalashuvi, bu demak: maktab, transport, ovqatlanish shoxobchalari, kutubxonalar, shifoxonalar, elektr ishlab chiqarish stansiyalari, suv ta’minoti xizmati, chiqindilarni qayta ishlash korxonalari va ko‘plab boshqa sohalarga taalluqli bo‘lgan shahar mulkini hozirgidek alohida-alohida holida emas, balki bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda, hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash demakdir.

McKinsey konsalting kompaniyasining ma’lumotlariga qaraganda, 2020 yilga borib jahonda 600 ta «aqlli shahar» paydo bo‘ladi. Masalaning yana bir muhim tomoni shundaki, dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, butun dunyoda tayyorlanayotgan yalpi mahsulotning uchdan ikki qismi ana shu shaharlarda ishlab chiqarilar ekan.

«Aqlli shahar»larda hozirgi kundagidek domino, qarta yoki boshqa o‘yin maydonchalari o‘rniga Wi-Fi-skameykalari o‘rnatiladi, startap Angel.co maydonchalari quriladi, uylarning qulfi-kaliti o‘rniga smartfon o‘rnatiladi, maishiy chiqindilar yig‘ish, qayta ishlash shoxobchalari, hatto o‘g‘irlab ketilayotgan velosipedlarni Wi-Fi yordamida masofadan turib qidirib topish va egasiga qaytarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bularning ayrimlariga aholi hozir biroz befarqroq bo‘lishiga qaramay, shu kunda jahonda Smart tizimida ishlayotgan butun bir shaharlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Keling, endi dunyoning qator “aqlli shahar”lari bo‘ylab bir sayohat uyushtiraylik. Lekin bir narsani ta’kidlash joizki, “aqlli shahar”lar haqida gapirganda xohlaymizmi-yo‘qmi baribir Xitoy tajribasiga ko‘proq murojaat qilishga majburmiz.

Dunyoning "aqlli shahar"lari

INChUAN. Xitoyning Ninsya provinsiyasining poytaxti – Inchuan shahri shunisi bilan diqqatga sazovorki, bu shahar bank kartochkalari, transportda yurish huquqini beradigan plastmass-chipta qog‘ozlari hamda naqd pul kerak bo‘ladigan dunyodagi yagona shahardir. Xizmat haqini to‘lash uchun kartochkangizni shaxsingizni bir zumda o‘qib aniqlab beradigan tizim apparatiga ko‘rsatishingiz lozim. Shu zahoti sizning hisob raqamingizdan kerakli hajmdagi pul avtomat ravishda chegirib olinadi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishingiz uchun bu yerda do‘konga chiqib xarid qilib yurishingiz shart emas. Ularni siz maxsus mobil elektron xizmati orqali buyurishingiz mumkin. Mahsulotlarni kurer olib kelib beradi, deb kutib o‘tirishingiz ham shart emas. Uyda bo‘lsangiz shundoqqina yoningizdagi, ko‘chada ketayotgan bo‘lsangiz yo‘lingizdagi istagan omborxona yoki muzlatgichlardan olib ketaverasiz. Ularni qidirib ham yurishingiz kerak emas, ular har qadamda.

sity.jpg

Ko‘chadagi barcha chiqindi konteynerlari quyosh batareykalarida ishlaydi. Yo‘l chekkasida turgan idish, bak to‘lishi bilan uning maxsus «datchigi» kommunal xizmat idorasiga idish to‘lganligi haqida ma’lumot beradi va maxsus transport yetib kelib chiqindini olib ketadi.

Ma’muriy binolarda biron-bir navbatchi xodim yoki qorovul turmaydi, uning o‘rniga maxsus "gologramma apparati” o‘rnatilgan. Ilgari har bir eshik, darvoza oldida turgan qorovul, ma’mur, nazoratchi bilan hal qilinadigan masalalar endi bir daqiqada onlayn rejimida avtomatlar yordamida hal etiladi. Bunday tizim bizda joriy etilsa bormi, qanchadan-qancha ish joylari bo‘shab, qanchadan-qancha mablag‘lar tejab qolingan bo‘lar edi, degan xayolga borasan. Lekin bo‘shagan ana shu xodimlar endi yashash uchun mablag‘ni qayerdan topar ekan? – degan savol paydo bo‘ladi. Yangi texnika, texnologiyani tobora kirib borishi muqarrardir, balki biz hozirdan ana shu muammolarni qanday hal qilish yo‘llarini o‘ylashimiz darkordir.

Axir chiqimi kam, beg‘alva bo‘lgan Smart City tizimini yana kim deng, dunyoda aholisi bir yarim milliard kishiga yaqinlashayotgan xitoyliklar joriy etishmoqda. Tan olish kerak, Xitoy insoniyat kamoloti sari dunyo taraqqiyotida oldingi qatorda borayapti. Biz ham ulardan qolishimiz kerak emas, bu haqiqatdir. 2050 yilga borib Xitoy hukumati qishloqda istiqomat qilayotgan 250 million kishini, bu 8 ta O‘zbekiston aholisiga teng xalq demakdir, «aqlli shahar»larga ko‘chirishni rejalashtirgan. Bu degani, shuncha odam ish bilan ta’minlanadi, shuncha kishining turmush sharoiti yaxshilanadi, ular barcha qulayliklarga ega bo‘lgan dunyodagi eng zamonaviy yangi turar joylarga ko‘chib o‘tishadi.

Katta shaharlarda aholida istiqomat qilishi uchun ancha shart-sharoitlar yaratilgan. Shu sababli, Xitoyda qad ko‘taradigan «aqlli shahar»larga asosan qishloq joylarida yashayotgan aholini ko‘chirish maqsad qilib olingan. Agar shunday siyosat tutilmasa, o‘sha qishloq ahli, ayniqsa, yoshlar shundoq ham to‘lib-toshib yotgan Pekin, Shanxay shaharlariga bostirib kela boshlaydilar, deydi «aqlli shahar»lar barpo etish tashabbuskorlari.

Smart City ni joriy etish bo‘yicha Xitoyda davlat dasturi ishlab chiqilgan, bu aholining ijtimoiy himoyasi – davlatning bosh maqsadi deganidir.

FUDZISAVA. 2016 yili Yaponiyada Fudzisava «aqlli shahri» faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu shaharning barcha binolarida faqat quyosh energiyasidan foydalaniladi. Bu yaxshi samara berdi. Natijada, suv, uni iste’mol qilish, yuvinish, cho‘milishni qo‘shib hisoblaganda, 30 foizga qisqardi. Shahar ko‘chalarida faqat elektr toki bilan yuradigan akkumulyatorli avtomobillarda, “o‘zi yurar” samokatlarda yoki velosipedlarda yurish odat tusiga kirib bormoqda. Shahar ko‘chalarida sensor tizimlari o‘rnatilgan bo‘lib, ko‘cha yoritgichlari faqat odamlar ko‘chaga chiqqanida, bu demak, ehtiyoj paydo bo‘lganida yonadi. Xudo ko‘rsatmasin, yer silkinib qolsa bormi, unda shahar 3 kun mobaynida o‘zini o‘zi ham sovuq, ham issiq suv bilan ta’minlay oladi. Shahar aholisiga yetarli miqdorda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham jamlab qo‘yilgan. Barcha obyektlar shahar markaziy maydonida o‘rnatilgan Fujisawa SST Square kompleksidan turib boshqariladi.

MILTON-KINS
(Buyuk Britaniya). 2015 yili birinchi bor ikki kishiga mo‘ljallangan va elektr quvvati bilan yuradigan mashinalar shahar ko‘chalarida harakat qila boshladi. Elektromobilda 22 sensor, bir radar, panorama va stereo kameralari o‘rnatilgan. Mashina bir marta quvvat olgandan (elektr energiyasi bilan zaryadka qilinadi) keyin 64 kilometr yo‘l bosa oladi. Milton-Kins Buyuk Britaniyaning Ishbilarmonlik, innovatsiya va kasb-hunarmandchilik vazirligi tomonidan Catapult Transport Systems dasturi ishga tushirilgandan keyingina Smart shahri mavqei – statusini oldi. Shundan so‘ng maxsus ishlab chiqilgan MK:Smart loyihasi ishga tushirildi. Bu usul bo‘yicha yerning sun’iy yo‘ldoshlaridan, zaminning seysmologik holatini aytib beradigan datchiklardan, elektr energiyasi, suv iste’moli bo‘yicha hisoblagichlardan, video nazorat kameralaridan olingan axborot hamda zarur bo‘lgan boshqa ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yig‘ib shahar bo‘yicha bitta tizimga yetkazib beradi. Shunday qilib bu tizim fuqarolarga elektr energiyasi va suvdan foydalanishni o‘z nazoratlari ostiga olish imkonini berdi.

SINGAPUR. Singapur hukumati «Smart Nation» dasturini ishga tushirib shaharni «aqlli shahar»ga aylantirdi. Natijada shaharda kim tomonidan, qancha suv va elektr energiyasi iste’mol qilinishi, atrof-muhitga hidi chiqmaydigan vakuum yo‘li bilan qancha chiqindilar qayta ishlanishi, quyosh panellarining faoliyati, ularning samaradorligi nazorat ostiga olinadi. Har bir uyda maxsus ko‘rsatkich – datchiklar o‘rnatilgan. Ular yoshi katta, qarovi bo‘lmagan yakka qariyalar xatti-harakatlarini alohida diqqat-e’tibor bilan nazorat qiladi. Agar datchik biron noxush holatni sezib qolsa, shu zahoti uy egasining qarindosh-urug‘lariga, davolovchi shifokorga, kasalxonaga xabar beradi. Singapurda, Yaponiyada uzoq umr ko‘rish sabablaridan biri ana shunda bo‘lsa ajabmas.

2016 yili esa ko‘chalarda haydovchisiz mashinalar yura boshladi. 2020 yilga borib barcha avtomobillarda yerning sun’iy yo‘ldoshi orqali nazorat qilinadigan navigatsiya tizimi o‘rnatiladi. Natijada har bir avtomobil soat nechada va qayerda ketayotgani yaqqol ko‘rinib turadi va nazorat ostida bo‘ladi.

MASDAR. 2006 yili Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi yaqinidagi Masdar shahrida «aqlli shahar» dasturi joriy qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsadlardan biri – qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlayotgan avtomobillardan chiqayotgan uglerod gazining miqdorini aniqlash va uni keskin kamaytirish edi. Sinov tajribalari natijalarining sofligini saqlash maqsadida elektr energiyasida ishlaydigan avtomobillar shu payt shahar chegarasiga ikki mildan yaqin masofaga kelishi taqiqlandi.

Masdarda ham haydovchisiz yuradigan Personal rapid transit elektr transporti tizimi ishga tushirildi. Shahar neft mahsulotlarini yoqib olinadigan elektr energiyasidan foydalanishdan voz kechdi va faqat quyosh energiyasida ishlashga ko‘chdi. Shunday qilib shahar ilgari foydalanadigan elektr energiyasi miqdorining faqat 20 foizi bilan qanoatlanmoqda. Shaharning barcha ko‘cha va uylari quyoshning chiqish va botishiga qarab loyihalashtirilayapti. Aytgandek, bizda ham uy qurishdan avval ota-bobolarimiz: “qaragin, ayvon yorug‘ bo‘lishi, oftobga qarab turishi kerak. Ro‘za kunlari quyosh jaziramasidan saqlaydigan uyning alohida salqin xonasi bo‘lgani ma’qul. Yotoqxonangni quyosh nuri chetlab o‘tmasin”, deb qayta-qayta tayinlashar edi. Singapurlik arxitektorlar ham o‘zbek qariyalarining dono maslahatlaridan xabardor ekan, degan xayolga borasan kishi.

Shahar ko‘chalarini loyhilashtirishda, ayniqsa, shimol tomondan, tog‘ tarafdan keladigan shamollarning bosh yo‘nalishi, albatta, hisobga olinishi shart. Tag‘in ayvon tomonga qarab esayotgan shamol molxona, tovuqxonalarning hidini olib kelib yurmasin. Bu yerda birinchi uylarni foydalanishga topshirish 2018 yilga rejalashtirilgan. Dastlab bu yerda 7 ming kishiga uy-joy berish mo‘jallanayapti. 2030 yilga borib yangi shahar aholisi 100 ming kishiga yetadi. Hozir bu yerda «aqlli shahar» loyihasi ustida bosh qotirayotgan 300 xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.

"Aqlli uy"lar

Endi, ana shu "aqlli shahar"larning "aqlli uylar”i – Smart House (inglizcha) yoki intelligent building (olmoncha) uylariga o‘tsak. Ta’kidlash joizki, uylar qurilishidagi har bir yangilik, zamonaviylik tagida yangi, yuqori texnologiyalarga asoslangan va siz bilan bizga ma’qul bo‘lgan yashash, turmush sharoitimizdagi qulaylik, yengillik, osonlik, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘amxo‘rlik tushunchalari ham yotadi. «Aqlli uy» tushunchasi dastlab, 1970 yili Vashingtondagi "Aqlli uy" instituti tomonidan umrimizning uchdan ikki qismi o‘tadigan – xonadonimizdagi, xo‘jaligimizdagi ish vaqtidan samarali foydalanish maqsadida o‘ylab topilgan edi.

“Aqlli uy”dagi barcha elektron maishiy xizmat apparat va mashinalari hozir butun dunyo bo‘ylab keng joriy etilayotgan: Universal Plug’n’Play tizimiga ulanib, bir pultdan turib boshqarilmoqda. «Aqlli uy» tushunchasi ostida katta ma’no-yu mazmuni yotibdi. Uydagi elektronika, axborot-kommunikatsiya vositalari, maishiy texnika asboblari ishini inson izmiga, uning istak va xohishiga bo‘ysundirish masalasi turibdi. Shu maqsadda ilg‘or davlatlarda «Bino boshqarilishini inson izmiga bo‘ysundirish bo‘yicha mobil elektron tizim» yaratilgan. Bunda xonadonda istiqomat qilayotganlarga qulayliklar yaratish uchun bor bo‘lgan barcha mashina: turli apparat, muzlatgich, televizor, komputer, boshqa vositalar inson tomonidan bitta tugmachani bosish, kaftni kaftga urib qarsak chalish yoki ovoz yordamida boshqarilishi kerak. Muhimi, inson ko‘zi achib olov yoqmaydi, beli og‘rib o‘tin yormaydi va o‘z ustida ishlash, malakasini oshirish, fikr doirasini kengaytirish, ijod qilish va o‘zi bilan shug‘ullanish, jismoniy tarbiya qilish uchun bo‘sh vaqti ko‘payadi. Shu yerda yana bir narsadan ehtiyot bo‘lish kerak, «yalqovlik» insondan avval tug‘ilgan degan gap bor. Bu demak, inson bo‘sh vaqtda televizor ko‘rish, mobil telefon o‘ynash, «ese-mes-ka» jo‘natishu qabul qilish, (albatta zarur bo‘lib qolgan paytlardan tashqari), internetga kirish va soatlab unda qolib ketish, sigaret chekish yoki boshqa zararli odatlar bilan shug‘ullanishdan o‘zini ayashi kerak. Sababi, hayot murakkablashmoqda, maktab, litsey, kollej, institut va universitetlar bilimni kerak bo‘lgan hajmda to‘la berib ulgura olmayapti. Qo‘shimcha mablag‘ sarf qilib repetitorlar yollashga to‘g‘ri kelayapti. Har bir soha, kasb-hunar bo‘yicha mutaxassis bilishi kerak bo‘lgan axborot hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Yo ulardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turishimiz kerak, hatto shart, yoki malakasi o‘rta-miyona mutaxassis bo‘lib qolaveramiz. Mutaxassis sifatida borligingiz ham bilinmaydi, yo‘qligingiz ham. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarayotgan yoshlar hozirgi kunda kam emas. Ular katta yutuqlarga erishmoqda. Internet orqali til o‘rganib, o‘zlariga ma’qul bo‘lgan o‘quv yurtlari, ish joylarini topib dunyoning istagan burchaklariga yo‘llanma olib o‘qishda, o‘z ustida ishlashda, sevgan ishi bilan shug‘ullanishda davom etishmoqda.

"Intellektual uy"lar

Insoniyat yana bir katta kashfiyot: inson aqlining andozasi sifatidagi «sun’iy intellekt» – «sun’iy aql», «sun’iy idrok» yaratish arafasida turibdi. Vaqti kelib «aqlli uy»larni anu shu – “sun’iy intellekt” boshqarishga o‘tadi. Shunda bizning bugungi «aqlli uy»larimiz «aqlli uy» emas, «intellektual uy»larga aylanadi. Va bugun biz o‘zimiz bajarayotgan ishlarni, yechayotgan muammolarni uylarning «sun’iy intellekti» yechimini topib, paydo bo‘lgan masala, muammoni insonning aralashuvisiz o‘zi hal qiladi, deyishmoqda mutaxassislar.

«Intellektual uy»ning isitish va sovutish tizimi datchiklar ko‘rsatmasiga qarab, haroratni yo ko‘tarib, yo pasaytirib, uydagi havoni mo‘tadil bir me’yorda ushlab turadi. Yarim kechasi, hamma uxlayotgan paytda uyning biron joyidan mabodo suv oqib qolsa yoki gaz chiqib ketsa bormi, «sun’iy intellekt» shu quvurga kelayotgan suvni yopib «rezerv»da (zaxirada) bo‘lgan boshqa quvurdan yo‘naltirib yuboradi, gazni butunlay yopadi va signal beradi. Uy ichidagi havoda kislorodning, toza havoning miqdoriga qarab derazalar kerakli me’yor, miqdor va muddatga ochilib, yopilib turadi. Bu ishlarning barchasi avtomatik tarzda bitta markazdan turib boshqariladi. Barcha dam olayotgan, uxlayotgan yoki toqqa, suv bo‘yiga – «uik end»ga (dam olishga) ketgan paytlarida uyga begona shaxs kirib qolsa bormi, «sun’iy intellekt» zudlik bilan kerakli joyga xabar qiladi. Uyingizning hovlisidan tortib, barcha xonalarini qo‘lingizdagi mobil telefonda qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, istagan paytingizda ko‘rib turishingiz mumkin. Aytgandek, bularning anchasi hozirning o‘zida Toshkentning ayrim mahallalaridagi «aqlli» yoki hozircha «yarim, chorak aqlli» uylarda ishlatilib qulayligi, afzalligiyu samarasini namoyish etmoqda.

Yozda quyoshning jazirama nurlari uyingizni qizita boshlaganda uyning deraza pardalari avtomatik tarzda tortilib, uyning sovutish tizimi ishga tushadi. «Sun’iy intellekt» ayni bir paytda suv, gaz va elektr energiyasini ham nazorat qilib tejamli sarf qilinishini ta’minlaydi. Vanna, basseynga quyilayotgan suvning ham siz istagan kerakli harorati ta’minlanadi. Uyingizdagi muzlatgich qancha oziq-ovqat: sariyog‘, pishloq, sut-qaymoq yoki boshqa zarur mahsulotlar qolganligini mobil telefoningizga aytib, buyurtma berib ham turadi. Xonalarga yengil shabada berib turuvchi «ventilyatsiya» tizimi istagan xonangizga istagan paytda va siz yaxshi ko‘radigan: yalpiz, jiyda, rayhon, tog‘ archasi, atirgul yoki boshqa xushbo‘y hidlarni taratib turadi.

«Sun’iy intellekt»ni bir qancha rejimda ishlatish mumkin. Deylik, uyingizga mehmon kelganda: «komfort rejimida», yoki «ertalabki, tushki, kechki rejim»da, yana biri: «uyda hech kim yo‘q», bu demak, «ekonom rejim»ga qo‘yib qo‘ysangiz bas, qolganining hammasini sun’iy intellektning o‘zi hal qiladi.

Bunday uyga yomon niyatda kelgan "mehmon"ni ham kutilmagan o‘z sovg‘asi qarshi oladi. Bunday holatlarda to‘satdan ko‘zni ko‘r qiladigan darajadagi yorqin lampalar yonib, ichki ishlar punktlariga xabar beruvchi sirenalar chalinadi yoki chor atrofni larzaga soladigan darajada: «Uyda begona!», «O‘g‘ri tushdi!», «Ehtiyot bo‘ling!» degan quloqni qomatga keltiruvchi badjahl, baland va yo‘g‘on ovoz yangraydi.

Mabodo kechqurun mehmonga ketib qolgan bo‘lsangiz, Smart House uyingizda yo‘qligingizni bildirmaydi. Xuddi uyda yurganingizdek, chiroqlar yoniq turadi, musiqa yangraydi, hatto “ul-bul” deyayotgan ovoziningiz ham chiqib turadi. Bunday uyda, ayniqsa, yong‘inning oldi olingan bo‘ladi. Yong‘in chiqqan joyga suv purkash tizimi ishga tushadi, datchiklar zudlik bilan yong‘indan saqlash xizmatiga xabar qiladi.

Ma’lumki, ayrim sanoatlashtirilgan shaharlar havoning, suvning, atrof-muhitning buzilishi natijasida inson yashashi, faoliyat ko‘rsatishi uchun tobora yaroqsiz bo‘lib bormoqda. Shu sababli “aqlli shahar”ni albatta ko‘kalamzorlashtirish lozim. Unda alohida “yashil hudud” zonalarini yaratish maqsadga muvofiqdir.

1950 yillarning ikkinchi yarmi ... Toshkentda ovoza tarqalgandi: "Nima deysan, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri qarshisida 6 qavatli (!) bino barpo etilar emish. Bu osmono‘par bino xorijiy mehmonlar to‘xtaydigan musofirxona bo‘larmish". O‘zbekiston poytaxtidagi haqiqatdan ham birinchi ko‘p qavatli bu binoning qurilganiga yarim asrdan oshdi. Va mana, Toshkent markazining yana bir hududida endi o‘tgan asrning 60-yillaridagi binodan qariyb 10 barobar baland bo‘lgan, har biri 45-50 qavatli Toshkent-Siti biznes markazining binolari qad ko‘taradi. Toshkent-Siti butun O‘zbekistonda, balkim, Markaziy Osiyoda uy-joy qurilishi tarixida ham, bugungi amaliyotida ham, yangi, zamonaviy jahon qurilish texnologiyalarni joriy etiladigan dastlabki shahar bo‘ladi. O‘rta Osiyo iqlimi, tabiati, geologik va geotextonik muhitiyu sharoitida birinchi bor ana shunday minora-binolar qad ko‘taradi. Aytish joizki, birinchi bo‘lish oson emas, u qancha olqishga sazovor bo‘lsa, shuncha o‘zini tashvishga qo‘yadi. Lekin muz yorilgan, muz erigandan keyin odatda yurish oson, ravon va xavfsiz kechadi. Keyin kimdir muzyorar kema bo‘lib boshlab berishi, asrlar osha qotib yotgan muzni yorishi, eritishi ham kerak-ku?! Ta’kidlash joizki, muzyorar kema nafaqat muzni yorib, yo‘l ochadi, balki, karvon boshidagi birinchi kema bo‘lib karvonboshilik ham qiladi. Bu ham faxrli, ham mas’uliyatli, muhimi, ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan savobli ishdir.

Irismat Abduxoliqov, O‘zA
15 341