Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 18:36 Chop etish versiyasi

Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardan biri yonayotgani haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi

Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardan biri yonayotgani haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi Ijtimoiy tarmoqlarda “Bu yonayotgan uy qayerda joylashgan? Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biri yonmoqda” mazmunidagi xabar hamda unga ilova qilingan video tarqaldi.

O‘zA muxbiri bu xabarga oydinlik kiritish, aslida bu voqea qayerda sodir bo‘lgani va uning oqibatlarini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasiga murojaat qildi.

Olingan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahridagi aholi yashash xonadonlarida keyingi kunlarda yirik yong‘inlar sodir bo‘lmagan. Internetda videosi tarqalgan yong‘in esa Andijon viloyatining Andijon shahridagi Qo‘shariq dahasi 27-uyda sodir bo‘lgan. Ko‘p qavatli uyning yuqori qavatida joylashgan 70-xonadonda gaz va havo aralashmasi chaqnashi tufayli kuchli yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda xonadonning 20 kv\m maydoni, ko‘p qavatli uy tom qismining 120 kv\m maydoni yongan.

Yong‘in haqida 2018-yil 13-fevral kuni 15.56 da Andijon shahar yong‘in o‘chirish xizmatiga xabar kelib tushgan. Tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Muhimi, yong‘in sabab insonlar jabrlanmagan.

Norgul Abduraimova, O‘zA
6 514