Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 20:25 Chop etish versiyasi

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga oid targ‘ibot tadbirlari boshlandi

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan saylovchilarning, okrug, uchastka saylov komissiyalari a’zolari huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishning dolzarb vazifalari, saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, mutaxassislar, okrug, saylov uchastkalari raislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov, Mirzo Ulug‘bek tumani saylov komissiyasi raisi, Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Safoyev va boshqalar saylovlarni tashkil etish, o‘tkazish, jarayonga yangi texnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlar xalqaro standartlar asosida amalga oshirilganini ta’kidladi.

Targ‘ibot tadbirlari «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari asosida ikki yo‘nalishda olib boriladi. Unda saylov o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari raislari hamda a’zolari uchun seminarlar, mutaxassislar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etiladi. Okruglar va saylov uchastkalarida ishni tashkil etishga oid ma’lumotlar berib boriladi.

Markaziy saylov komissiyasining xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil qilish to‘g‘risidagi yo‘riqnomasi ishlab chiqildi. Unda uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish, komissiyalarning vakolatlari, amalga oshiriladigan ishlar, xonalarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berish tartibi kabi vazifalar belgilandi.

Seminarda bu boradagi ishlarni tashkil etishda e’tiborga molik masalalar, amaliyotga joriy etilgan texnik yangiliklar yuzasidan tushuntirish berildi. Saylovlar davomida tajriba tartibida huquqiy eksperiment sifatida saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilib, ularning to‘liq ishtiroki ta’minlanishi kutilayotir. Shu bois bu borada fuqarolar va mutaxassislarning huquqiy madaniyatini yanada oshirishga oid ma’lumotlar berildi.

– Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 90 saylov uchastkasida ish qizg‘in davom etmoqda, – deydi 3-Oqqo‘rg‘on saylov okrugi raisi Muhtabar Maraimova. – Saylov jarayonlari ochiq va oshkora amalga oshirilishi borasida tizimli chora-tadbirlar ko‘rilayotir. Ro‘yxatga olingan nomzodlar, ularning ishonchli vakillari siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, kuzatuvchilar, taklif etiladigan davlat hokimiyati organlari mutaxassislari uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Seminarda o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

Barno Meliqulova, O‘zA
867






Все о погоде - Pogoda.uz