Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 15:00 Chop etish versiyasi

Toshkent davlat agrar universitetida askarlar, ularning ota-onalari ishtirokida videomuloqot o‘tkazildi

Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab Toshkent va Buxoro viloyatlarida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar, ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan videomuloqot shunday nomlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash maqsadida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Bayramona ruhda o‘tgan videomuloqotda hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari askarlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, ularga esdalik sovg‘alari topshirdi.

Ota-onalar va farzandlarning ekran orqali muloqoti davomida askarlar harbiy xizmatni ko‘ngildagidek o‘tayotgani, harbiy bilim va ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirayotgani, harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, jismoniy mashg‘ulotlari haqida so‘zlab berdi.

Yangiyo‘l shahri “Romadon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Elmira Muzaffarovaning o‘g‘li Buxoro viloyatidagi harbiy qismlardan birida yigitlik burchini o‘tamoqda.

– O‘g‘lim Ahrorjon yoshligidan harbiy bo‘lishni orzu qilar edi, – deydi Elmira opa. – U bilan telefon orqali tez-tez gaplashib turardimu, mana bunday sharoitda telemuloqot orqali do‘stlari bilan yonma-yon turganini ko‘rish, yuzma-yuz gaplashish boshqacha bo‘ldi. Uning gap-so‘zlaridan ancha ulg‘aygani bilinib turdi. O‘g‘limga harbiy xizmatdagi intizomi, erishgan yutuqlari uchun berilgan faxriy yorliqni ko‘rib, ko‘z yoshlarimni tiyolmadim.

Videomuloqotda Toshkent viloyatida xizmat qilayotgan buxorolik askarlar ham faol qatnashib, ota-onalariga qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab berdi.

– Harbiy xizmatga kelib, yurt himoyachisi bo‘lishdek ulkan mas’uliyat va yuksak sharafni chin yurakdan his qildim, – deydi Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilayotgan oddiy askar Furqat Sanayev. – Askarlik davrida hayotga munosabatim tubdan o‘zgardi, dunyoqarashim kengaydi. Ko‘plab do‘stlar orttirdim. Onam bilan suhbatda ana shular haqida aytib berdim. Kelgusida oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirib, yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilganman.

Tadbirda harbiylar va ularning ota-onalariga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, badiiy jamoalar, taniqli san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
8 849