O‘zA O`zbek

10.04.2018 16:04 Chop etish versiyasi

Tomorqasidan samarasiz foydalangan xonadonlar yeri hokimlik zaxirasiga olindi

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joylarda turli idora va tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruhlari xonadonma-xonadon yurib, tomorqa madaniyati bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borayotir.

Xorazm viloyatida 15 ming 986 gektar uy tomorqasi, 23 ming 726 gektar dala tomorqasi foydalanish uchun berilgan. Aholi uchun ajratilgan yer maydonlarining aksariyat qismida turli ekinlar ekilgan bo‘lsa-da, bu masalaga e’tiborsiz qarayotganlar ham bor.

Prezidentimizning 2017 yil 10 oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhlar olib borgan monitoring natijalariga ko‘ra, viloyatdagi 300 ga yaqin xonadonning 35 gektarga yaqin tomorqasidan samarasiz foydalanilayotgani aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan tumanlarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari vakillari tomonidan 152 xonadon egalari ogohlantirilgan.

– O‘zimning e’tiborsizligim tufayli o‘tgan yili kuzgi ekin ekishga kech qolgan edim, – deydi Urganch tumani Jayxun mahallasida yashovchi Alisher Matyoqubov. – Bu yil bahorda ham ayrim sabablar bilan tomorqaga o‘z vaqtida qaray olmadim. Qo‘shnilarim bozorga turli ko‘kat, pomidor va bodring chiqarib, daromad olmoqda. Endi biz ham oilamiz bilan har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilamiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatda tomorqadan samarali foydalanmagan, ogohlantirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan 106 xonadon egasidan 11,7 gektar yer tumanlar hokimligi zaxirasiga qaytarib olindi. Ushbu holatlarning 46 tasi Urganch, 24 tasi Yangiariq, 16 tasi Gurlan va 20 tasi boshqa tumanlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Masalan, Urganch tumani Bog‘dorchi mahallasida yashovchi Qo‘zi Jumaniyozov 12 sotix tomorqadan ko‘p yillar davomida samarasiz foydalanib kelgan. Mutasaddilar tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay, tomorqasiga hech narsa ekmagan. Natijada uning yeri tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olindi.

– Mening tomorqam boshqalarnikidan ancha balandda joylashgan, – deydi Q.Jumaniyozov. – Suv chiqarish qiyinligi sabab bir necha yillardan buyon ekin ekilmaydi. To‘g‘risini tan olishim kerak, mendan ham o‘tdi, loqaydlik qildim. Yo‘lini topib, suv chiqarish mumkin ediku, lekin boshqa ishlarim bilan chalg‘ib yuraverdim. Oxir-oqibat, mana, tomorqa yersiz qoldim. Yerning ham uvoli bor, deganlari rost ekan.

A.Shokirov, O‘zA
3 637