Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.01.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Yetti yil ozodlikdan mahrum etilgan ayolning jazosi shartli jazoga almashtirildi

Samarqand viloyati Ishtixon tumani Bog‘ixon mahallasida 2017-yil iyul oyida sodir bo‘lgan voqeani eshitgan borki, yoqa ushladi. Ikki qo‘shni ayol tomorqani sug‘orish masalasida o‘zaro tortishib, janjallashib qoladi. Oxir-oqibat jahlini jilovlay olmagan Karima Bekmirzayeva qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan qo‘shnisi Gulmira Sanaqulovaga tan jarohati yetkazadi.

Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tumani sudi K.Bekmirzayevani yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqaradi.

Karima jahlini jilovlay olmaganidan ko‘p afsuslandi, ikki nafar bolasini o‘ylab ezildi. Shu sababli sud hukmi bo‘yicha apellatsiya shikoyati berdi.

Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi ham ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazdi. Jinoyat sodir etilgan mahalla ahli, ikki ayolning oilasi, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan suhbatlashdi. Albatta, voqeadan hamma afsusda, mahalladoshlarning bir-biriga e’tiborsizligi shunday noxush holatga sabab bo‘lganini ta’kidlashdi. Karima yetti yil ozodlikdan mahrum bo‘lsa, uning oilasi, voyaga yetmagan ikki farzandining taqdiri nima bo‘lishi haqida bosh qotirildi.

2018-yil 17-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining apellatsiya instansiyasi sudlov hay’atida K.Bekmirzayevaning jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqildi. Sud majlisida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, “Oila” ilmiy-amaliy markazi va boshqa idoralar vakillari, mahalla faollari ham ishtirok etdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining apellatsiya instansiyasi sudlov hay’ati masalani atroflicha muhokama etib, Karima Bekmirzayevaga tayinlangan 7-yil jazo muddatini shartli jazoga aylantirib, 3-yil sinov muddati belgiladi va u sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

– Qilgan ishimdan ming bor pushaymonman, qo‘shnimdan, uning oila a’zolaridan, mahalladoshlarimdan kechirim so‘rayman, – deydi K.Bekmirzayeva. – Bugun menga hayotimni yo‘lga qo‘yib olishim uchun yana bir bor imkoniyat bergan Prezidentimizdan, davlatimizdan minnatdorman. Men albatta bu ishonchga munosib bo‘laman. Hayotimni yangidan boshlab, menga ishongan insonlar yuzini yerga qaratmayman.

O‘zaro ziddiyatga borgan qo‘shnilar shu yerning o‘zida yarashtirildi. Ishtixon tumanidagi “Bog‘ixon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va hudud profilaktika inspektori K.Bekmirzayevaga murabbiy etib biriktirildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
7 238