Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2018 17:40 Chop etish versiyasi

TO‘YLAR QILING, LEKIN ME’YORIDA

Topgan-tutganingiz to‘yga buyursin

Azaldan topganini dasturxonga to‘kib, el-yurtga osh berib, to‘ylar qilib kelgan xalqimiz so‘nggi vaqtlarda me’yorni unutdi. “Bor tovog‘im-kel tovog‘im” deb, uyat, andisha, or-nomusni yodidan chiqardi. Qarz olib bo‘lsa ham dabdaba orqali obro‘ orttirishga urinmoqda.


Qiz oshi, qizlar bazmi, fotiha to‘yi, katta to‘y, sunnat to‘y, beshik to‘y, kelin chaqirdi, kuyov chaqirdi, quda-andalarning tug‘ilgan kunlari... – sanayversa, odam adashib ketadi. Har kimni yaxshi kunlarga, to‘ylarga yetkazsin. Ammo qiynalib, farzandlar rizqini qiyib, ta’magirlik qilib, pora olib, tadbir o‘tkazish qanchalik to‘g‘ri?

… Nodirani ota-onasi uzatish taraddudiga tushib qoldi. Yoshi yigirma beshga chiqqan. Orqasida ikki singlisi bo‘y cho‘zib kelyapti. Buyog‘i – to‘ychilik. Ularga ham yig‘inib-terinish kerak. Sovchilikka kelganda aytilmagan talablar fotiha to‘yi arafasida ochiq-oydin o‘rtaga tashlandi. Kimga sarpo, yana kimga sovg‘a-salom, aytilishi kerak bo‘lgan tanish-bilishlar soni ortgandan ortdi. Nodira uchun bu oddiy hol edi. Axir, dugonalarining qanday sarpo-surug‘ bilan kelin bo‘layotganini ko‘rgan. Qudalarning talablariga uning ham chegara bilmas xohishlari qo‘shildi. Natijada ustachilik bilan ro‘zg‘orini tebratib yurgan Olim Abduxoliqovga qiyin bo‘ldi.

Bir qizining ko‘ngliga qaraydi, bir qudalarning. Kamiga ayoli ham yo‘q joydan qudalarga qilinishi kerak bo‘lgan “yozilmagan qonunlar asosidagi sovg‘alar ro‘yxatini” qo‘liga tutqazadi.

Qarindosh-urug‘, tanish-bilishlar omon bo‘lsin. Harqalay, qarz so‘raganda, yo‘q deyishmadi. Shohona restoranda bo‘lgan katta to‘ydan qizi ham, qudalar ham xursand. Ammo to‘ydan keyin baraka uchdi. To‘rt-besh so‘m qo‘lga tushdi deguncha qarzini so‘rab kelishadi. Endi kuyovning tug‘ilgan kuniga sarpo va mebel qilishi kerak ekan. Yana qimmatrog‘idan.

Shunday tashvishlar bilan yurganida bir tanishi daromadli ish borligini aytib qoldi. Olti oyda ancha-muncha pul topishini va’da qilib, yo‘l haqini ham o‘zi to‘lab, usta va uning ayolini xorijga chiqarib yubordi. O.Abduxoliqov firibgarlar tuzog‘iga tushib qolganini anglaganida kech bo‘lgan edi.

Ijtimoiy tilaklar avj olsa

To‘ylardagi dabdabalar, chiqimlarning ortishi, madaniyatimiz, mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan tadbirlarning ko‘paygani haqida rosa gapirilyapti. Ammo buning ta’siri sezilgani yo‘q. Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga safari asnosida bu boradagi muammolarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bu gaplar ko‘pchilikni mulohazaga chorlagani, turfa fikrlar bildirilgani, hatto ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralargacha borgani haqiqat. Kimdir qonun-qarorlar qachon chiqishi, kuchga kirishining ijobiy tomonlari haqida gapirsa, yana kimdir buni tartibga solib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Nega? Chunki nima qilish kerakligini odamlarning o‘zi anglamayapti. "Atrofdagilar nima deydi", "odamlar gap qiladi" deb o‘zini oqlashga urinish avj olmoqda.

Ijtimoiy tarmoqdagi suhbatlarning birida bunday deyiladi: “To‘yda xalq tilida o‘rtakash deydigan boshlovchi yigit toshkentcha “Ona” operatsiyasida o‘zidan kelib chiqib shunday tilak bildirdiki... kuyovto‘raning onasiga qarab yaltoqlanib: “Onajon! (hayotida o‘z onasiga shunday murojaat qilganmi-yo‘qmi, Tangri biladi) farzandlaringizning to‘yi muborak bo‘lsin! Yaqin yillarda siz katta bir bog‘chaning mudirasiga aylaning, qudangiz esa xo‘jalik mudiri bo‘lib nevaralaringizga qo‘sha-qo‘sha beshiklar, qo‘sha-qo‘sha qovurdoqlar tashisin...” u yana nimalar dedi bilmayman».

Xalqimizga xos bo‘lgan baxtu omonlik, qo‘sha-qo‘sha farzandlar tilashdek azaliy ezgu duolar ijtimoiylashgan quruq tilaklarga aylanib bormoqda.

Kelin tomon bergan qimmatbaho sarponi kiyib, mebellarda o‘tirib, olib kelingan turli-tuman ovqatni yegan kuyovning g‘ururi, or-nomusi qayerda qolmoqda? Uning o‘rniga ona qaror qabul qilib, o‘g‘li emas o‘zi uylanayotganga o‘xshab qolmayaptimi?

– To‘ydan oldin qudalar bilan kelishib olganman, – deydi o‘zini Adolat Parpiyeva deb tanishtirgan ayol. – O‘g‘limga ikki xonali uy beraman. Alohida yashaydi. Lekin uyni to‘ldirish, ro‘zg‘or buyumlarining eng sarasini olib kelish – qudalarning ishi. Arslon o‘g‘limni beryapman, axir.

Bu gapga kulishni ham, kuyishni ham bilmaydi kishi. "Arslon”ni kelinga topshirayotgani uchun shuncha talab. Guldek qizni tarbiyalab, voyaga yetkazib, oq yuvib oq taragan ota-onaning nima aybi bor?

– Turmush o‘rtog‘im bilan sovchilar orqali tanishganmiz, – deydi zangiotalik Hilola Fayziyeva. – Yaqinda to‘rt yil bo‘ladi. Shukr, talablari ortiqcha bo‘lmagan. Ammo kattagina to‘y bo‘lgan edi. Uyni to‘ldirish, sarpolar, kelin-kuyov chaqirdilari kabilarda ham kelishgan holda ish ko‘rdik. Ba’zi narsalarni qilmaganimiz uchun qaynonam gapirgandek ham bo‘lgan. Lekin turmush o‘rtog‘im bu masalani uzil-kesil hal qilgan. Qizli bo‘ldim. Hozirdanoq uni uzatish haqida o‘ylayman. Qaynonasi gapirmaydigan bo‘lsin-da. To‘ylarni ko‘rib, o‘zim qancha sarf-xarajat qilishimni o‘ylasam, qo‘rqib ketaman.

Qizni o‘qitish, kasbli qilish, oq-qorani tanitib, elga, jamiyatga foydasi tegishini emas, uni tinchgina, bor molk-mulki bilan egasiga topshirish haqida o‘ylayotganlar safi kengaymoqda. Bu oilalarga mustahkamlik, to‘la-to‘kis baxt bermasligini qachon anglaymiz?

Ushoqning ham uvoli bor

“Oling, quda – bering, quda” irimlari to‘y oqshomi yana avjiga chiqyapti. To‘y och qolgan qarindosh-urug‘larni boqish marosimiga o‘xshaydi.

To‘qlikka sho‘xlik, kim o‘zarga ish tutish avj olayotir. Bular yetishmovchilik, nizo, jinoyat, qo‘ydi-chiqdilarning asosiy sababchisi bo‘lmoqda.

Nikohni muqaddas bilib, uni pok saqlash, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan tiyilish o‘rniga latta-putta, molu dunyo, dabdaba, bekorchi hoyu-havas ortidan quvishning asoratlari kishini o‘yga toldiradi.

Ha, bu dabdababozlik, sarf-xarajatli turli marosimlar juda ko‘pchilikni charchatgan. Ammo uni o‘zgartirish uchun nima yetishmayapti? Biz qachon o‘zimizga kelamiz ekan?

Barno Meliqulova, O‘zA
5 498