Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 20:46 Chop etish versiyasi

To‘ylar muborak, kelin-kuyovlar

To‘ylar muborak, kelin-kuyovlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, jamiyatimizda hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan bir qator jamoat tashkilotlari ishtirokida joriy yilning 20-aprelidan 26-mayigacha mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalar va Mehribonlik uylarida tarbiyalangan 620 juft kelin-kuyovning nikoh hamda 3 ming 280 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazilayotgani ham har bir fuqaro davlatimiz va hukumatimiz e’tiborida ekanining amaldagi ifodasidir.

Ushbu xayriya tadbiri ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarning ko‘nglini ko‘tarish, turmush farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishdek olijanob maqsadga xizmat qiladi.

21-aprel. Buxoro shahridagi “Parizod” to‘yxonasi bayramona bezatilgan. Davraga birin-ketin kirib kelayotgan kelin-kuyovlar karnay-surnay sadolari ostida milliy an’analarimizga muvofiq kutib olindi.

Yigit-qizlarning ota-onalari, qarindoshlari, mahalla faollari, faxriylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etgan nikoh to‘yida har bir tumanning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan tadbirlar dasturi davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

5 (4).jpg

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarning baxtiyor va farovon yashashi, hayotda munosib o‘rin topishiga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlanib, yangi oila qurayotgan 10 juft kelin-kuyovga nikoh uzuklari, bayramona milliy libos hamda sarpolar sovg‘a qilindi. Shodiyonada kelin-kuyovlarga tantanali ravishda nikoh guvohnomalari, zamonaviy yotoqxona mebellari to‘plami topshirildi.

Albatta, oila qurayotgan yoshlarning turmush farovonligi ularning bandlik darajasiga, barqaror ish o‘rniga ham bog‘liq. Binobarin, nikoh to‘ylari arafasida kelin-kuyovlarning ish bilan ta’minlangan yo ta’minlanmagani o‘rganilib, ishsizlari tegishli tartibda ishga joylashtirildi. Tantanali marosimda ularga mehnat daftarchalari ham topshirildi.

– Bugun men va rafiqam Mahliyoxon dunyodagi eng baxtiyor juftlikmiz, – deydi Jo‘ra Kashtiyev. – Nikoh to‘yimizda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, poytaxtdan kelgan mehmonlar ishtirok etgani unutilmas voqea bo‘ldi. Bugungi davrada har bir yosh davlatimiz va jamiyatimizning e’tiborida ekanini yanada chuqur his etdik.

Tantanali marosimda Vatan, oila, ezgulik, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi taronalar, Buxoroga xos mavrigi qo‘shiqlar yangradi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
1 977






Все о погоде - Pogoda.uz