O‘zA O`zbek

02.03.2018 20:30 Chop etish versiyasi

To‘y va marosimlar – bugunning dolzarb masalasi

Parlament quyi palatasidagi Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan “To‘ylar, oilaviy tantanalar va ma’rakalarni o‘tkazishda davlat va jamiyatning o‘rni” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Asosiy e’tibor jamiyatning ma’naviy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan to‘y marosimlari, oilaviy tadbirlar va ma’rakalarni o‘tkazishni tartibga solish, nomaqbul holatlar va isrofgarchiliklarning oldini olish masalalariga qaratildi. Bunda jamoatchilik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarining ta’siri masalalari keng muhokama qilindi.

Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, to‘ylar va ma’rakalardagi sarf-xarajatlarni qisqartirish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar bilan kutilgan natijaga erishilmayapti. So‘nggi yillarda yuzaga kelgan vaziyatni e’tiborga olgan holda diniy ulamolar, imom-xatiblar aholi orasida marosimlarda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, islom dinida to‘ylar va ma’rakalarda katta sarf-xarajatlar oqlanmasligi haqida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Biroq aholining aksariyat qismi orasida ko‘p sonli mehmonlar taklif etilishi – bu saxiylik va obro‘ belgisi, degan fikr shakllangan. Natijada oilalar yuzaga kelgan qo‘shtirnoq ichidagi an’analarga mos bo‘lish uchun daromadlariga yarasha emas, balki qarz olib bo‘lsa-da, katta sarf-xarajat qilmoqda. To‘ylarni bu tarzda o‘tkazish esa oilalarni bir necha yillar davomida qiynalib yashashga majbur qilmoqda.

Davra suhbatida ishtirokchilar ko‘p yillar davomida to‘plangan katta mablag‘larning 3-4 soatda o‘tib ketadigan to‘y marosimlarida sarflab yuborilayotganini ta’kidladi. Aslida oqilona tarzda to‘y o‘tkazib, tejalgan mablag‘ni oila salomatligi va farovonligi, bolalar ta’lim-tarbiyasiga sarflash mumkin.

Aholi o‘rtasida faol doimiy tushuntirish-targ‘ibot ishlari omma ongiga ta’sir o‘tkazishning bosh vositasi ekanini hisobga olib, jamoatchilik dabdabali tantanalarga qarshi chiqmoqda. Afsuski, tushuntirish choralari har doim ham samara bermayapti, chunki “mumkin bo‘lgan” va “ortiqcha isrofgarchilik” tushunchalari o‘rtasidagi chegarani belgilashda muayyan murakkabliklar mavjud. Buning ustiga odamlar aksariyat hollarda an’analar aynan ularga kelganda uzilib qolishini istamayapti.

Amaliy fikr-mulohazalar va takliflar o‘rtaga tashlangan tadbirda jamoatchilik ta’sirining samarali vositalarini ishlab chiqish zarurligi borasida yagona fikrga kelindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
15 121