Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 17:47 Chop etish versiyasi

To‘raqo‘rg‘onda 12 nafar patronaj hamshirasi kasbga oid mahorati bo‘yicha o‘zaro bahslashdi

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi muassasalarida ishlayotgan patronaj hamshiralarining nazariy va amaliy malakasini oshirish, patronaj xizmati ko‘rsatish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida "Patronaj hamshiraman, xalqimga jonkuyarman!" shiori ostida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.

Unda tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, Shahand, Sohilobod, Ibrat, Yandama, Fayziobod, Qatag‘on-Saroy, Buramatut, Gulqishloq, Shohidon, Olchin va Xo‘jand qishloq oilaviy poliklinikalaridan 12 nafar patronaj hamshirasi muomala madaniyati, tibbiy bilim, patronaj hamshirasining vazifasi va burchi, kasbga oid mahorati kabi bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Ishtirokchilar chiqishida patronaj hamshiraning xonadondagi ijtimoiy holat, yosh oilalar, yolg‘iz qariyalar va nogironlar, surunkali kasalliklar patronaji yo‘nalishlarida hamshiralik nazorati bo‘yicha bilim va malakasi davr talabiga mos yuksalib borayotgani o‘z ifodasini topdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Shahand qishlog‘idagi 29-qishloq oilaviy poliklinikasi hamshirasi Sohiba Husanova g‘olib, deb topildi.

– Uyma-uy yurishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, – deydi S.Husanova. – Biroq, xonadonga kirib borganingizdan chiqib ketguningizgacha nuroniy otaxon va onaxonlar, yolg‘iz qariyalarning duolari, farzandi darddan forig‘ bo‘lgan yosh ona chehrasidagi minnatdorlik izhorlarini ko‘rish har qanday charchoqni tarqatib yuboradi. Shifokor uchun bu juda katta rag‘bat. Sohaga qaratilayotgan alohida e’tibordan ruhlanib, o‘z vazifamizni yanada sidqidildan bajarishga harakat qilmoqdamiz.

Akramjon Sattorov, O‘zA
7 820