Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 16:55 Chop etish versiyasi

Tinchlikni asrash burchimiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishi mamlakatimizda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni ta’minlashga qaratilgan.

Ayni paytda joylarda Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosining hayotimizdagi ahamiyati keng targ‘ib etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Farg‘onada viloyat hokimligi tomonidan imom-xatiblar, noiblar, diniy idora va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda bu alohida ta’kidlandi.

Bugun dunyoning turli mamlakatlarida kechayotgan murakkab jarayonlar, diniy esktremizm va terrorizm xavfining kuchayib borayotgani barchamizdan doimo hushyor va ogoh bo‘lishni, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrashni taqozo etmoqda. Aqidaparast oqimlarning muqaddas islom dinini niqob qilib, uning g‘oya va maqsadlarini noto‘g‘ri talqin etayotgani, yosh avlod ongiga yot g‘oyalarni singdirishga urinayotgani tashvishlanarlidir. Vaholanki, dinimiz bag‘rikenglik, mehr-oqibat va odob-axloqqa yo‘g‘rilgan tinchlikparvar g‘oyalari bilan barqarorlikka raxna soluvchi har qanday illatni keskin qoralaydi, ularga qarshi ma’rifat bilan kurashishga chaqiradi. Insonlarni ezgulik yo‘lida birlashib, hamkor va hamnafas bo‘lib yashashga da’vat etadi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida diniy tashkilot vakillari ham yurtimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashda faol ishtirok etmoqda.

– Nihoyatda tezkor bugungi zamonda yer yuzida tinchlikni asrash, barqaror rivojlanishni ta’minlash insoniyat oldida turgan eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili Tursuntohir Erbo‘taev. – Zero, tinchlik-osoyishtalik yo‘q joyda farovon turmush, taraqqiyot haqida o‘ylab ham bo‘lmaydi. Dinimizning bosh g‘oyasi ham shu – go‘zal axloq, namunali hayot tarzi. Lekin bugun yer yuzining turli mintaqalarida muqaddas dinimiz g‘oyalariga mutlaqo yot ishlar islom dini nomi bilan amalga oshirilayotgani fitnadan boshqa narsa emas. Buni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish, dinimizning asl mohiyati tinchlikparvarlik, insonparvarlik, yurtsevarlik ekanini aytish barchamizning burchimizdir.

Tadbirda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashishning dolzarb yo‘nalishlari, aholi orasida diniy aqidaparastlik g‘oyalari tarqalishining oldini olishda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlikni, millatlar va dinlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlash, ogohlik va hushyorlikni oshirishda imom-xatiblarning o‘rni, yoshlarni turli tahdidlardan asrash kabi masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
366






Все о погоде - Pogoda.uz