Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 15:17 Chop etish versiyasi

Tinchlik va osoyishtalik qadri

Poytaxtimizdagi Xotira maydoni. Bahor yomg‘iri unga ajib manzara bag‘ishlagan. Havo juda musaffo. Gulzorlardagi alvon, pushti, sariq, oq lolalarning jilosi ko‘zni o‘ynatadi. “Mangu alanga” yodgorligidagi “El-yurtimizning erki va ozodligi, baxtu saodati uchun hayotini qurbon qilgan vatandoshlarimiz xotirasi hamisha barhayotdir” degan zarhal bitik yanada yarqiraydi. Motamsaro ona monumenti yuzidan uzilayotgan ko‘kning so‘nggi tomchilari esa, biz onaning ko‘z yoshlarimiz, deya pichirlayotgandek go‘yo.

Maydon ziyoratchilar bilan gavjum. Ular orasida yurtimiz mehmonlari ham talaygina. Er-xotin Sedat va Miriyam Tankerlar Nyu-York shahridan kelgan. Boshqa sayyohlar kabi ular nigohida ham bu maskandan olgan chuqur taassurot yaqqol sezilib turibdi.

– Dunyoning turli mamlakatlarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan askarlarga atab barpo etilgan yodgorliklarni ko‘rganmiz, lekin ular ichida hech biri Toshkentdagi Xotira maydonichalik qalbimizga kuchli ta’sir qilmagan edi, – deydi Miriyam xonim. – Bu yerning o‘ziga xos me’moriy yechimi, mukammal va go‘zal kompozitsiyasi inson xotirasi abadiyligi, urush va qirg‘inbarotlar insoniyat kushandasi ekanligini baralla aytib turibdi. "Mangu alanga" yodgorligi, Motamsaro ona monumenti, Xotira kitobi o‘rnatilgan ayvonlar, ulardagi naqshinkor ustunlar, gulzorlar yonida suratga tushdik. Bu suratlar har doim bizga tinchlikparvar mamlakatingizni eslatib turadi.

...Ziyoratchilarning ba’zilari Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik jangchilarning ism-familiyasi bitilgan Xotira kitobini varaqlamoqda. Motamsaro ona haykali yonida turib, uning mahzun qiyofasiga o‘ychan qarab turganlar bor.

Onalar! Sizlar yangi hayot nishonasini dunyoga keltirishdek qudratga egasiz. Tundan tonggacha beshik tebratishlar, uzun-uzun allalar aytish ham sizlarga xos. Bolaning tili chiqsa, emaklasa, qadam tashlasa dunyocha quvonadigan ham sizlar. O‘gitlar, matal va rivoyatlaringiz bilan qalbimizga go‘zal fazilatlar urug‘ini qadaysiz, Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligini uqtirasiz. Siz har duoda Yaratgandan yurt uchun tinchlik-totuvlik, o‘g‘il-qizlarga uzoq umr, sog‘lik, baxt-saodat tilaysiz. Ha, sizlar uchun dunyoda farzand kamolidan, yurt tinchligidan ortiq baxt yo‘q bu olamda.

Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan salkam yarim million vatandoshimiz – mehribon otalar, jasur akalar, sodiq yorlar, avvalo, onalarning jondan suygan dilbandi, kelajak umidi, hayoti mazmuni edi.

Xotira maydonida aynan Motamsaro ona monumenti qad rostlaganida ana shu haqiqat, teran ma’no mujassam. Bu haqiqat barchamizga Vatan erki, tinchligi uchun jonini bergan jasur o‘g‘lonlar xotirasi qalblarda mangu yashaydi, deb uqtirmoqda.

– Tinchlik – bebaho boyligimiz, – deydi ziyoratchilardan biri parkentlik mehnat faxriysi Olmat ota. – Vatanimiz obodligi va farovonligi, oilalarimiz totuvligi, farzandlarimiz kamoli, ezgu ishlarimiz rivoji, orzu va maqsadlarimiz ro‘yobi, xullas yorug‘ kelajagimizga nimaiki daxldor bo‘lsa, bari ana shu oliy ne’mat asosida bunyod bo‘lmoqda. Notinchlik bo‘lgan joyda yashash, nafas olishning o‘zi omonat. Joni xatarda, oilasi xavfda bo‘lgan odamning hatto ostona hatlab ko‘chaga chiqishga yuragi betlamaydi. Ba’zi mintaqalarda hali-hanuz davom etayotgan qonli urush va qirg‘inbarotlar, yovuz kuchlar, g‘arazli g‘oyaviy tahdidlar iskanjasida hududiy yaxlitligi, xalqi parokanda bo‘layotgan ayrim davlatlar taqdiri bunga misol.

Otaxon Xotira maydoniga nabirasi Jamshid bilan kelgan. Parkent tumanidagi 25-umumta’lim maktabi o‘quvchisi bo‘lgan bu o‘smirning ko‘zida haqiqiy o‘zbek yigitiga xos jasurlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari porlab turibdi. Eng muhimi, ziyoratchilar orasida u kabi yoshlar ko‘p. Bu o‘ktam yigit-qizlarimiz qalbi va tafakkurida o‘tganlarni yod etish, tiriklarni qadrlash, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishdek insoniy fazilatlar qaror topganidan dalolatdir. Tarix sinovlaridan saboq chiqarib, mard va jasur ajdodlarning hech kimdan kam bo‘lmagan vorislari ekanini anglagan yoshlarimiz, avvalo, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovdan minnatdor.

Mustaqil davlatimiz asoschisi o‘z asarlari, ma’ruzalarida mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning bugungi va ertangi hayoti, mintaqa va jahondagi vaziyatga doir g‘oyat muhim mulohazalarni ko‘p bor ta’kidlagan edi. Ayniqsa, dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan voqea-hodisalarga beparvo, loqayd bo‘lmasdan, boshqalarning dardini o‘zimizga yaqin olib, doimo sergak va hushyor bo‘lib, xalq va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashimiz zarurligiga alohida e’tibor qaratganligi biz uchun nihoyatda ahamiyatlidir.

Birinchi Prezidentimizning 1994-yil 16-martdagi farmoniga muvofiq mamlakatimizning barcha viloyat va tumanlari bo‘yicha alifbo tartibida 400 mingdan ortiq kishi haqida ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 36 jilddan iborat Xotira kitobi chop etildi. 1999-yili Buyuk Yo‘lboshchimiz tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilindi, poytaxtimizda Xotira maydoni barpo etildi.

Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan faxriylarimizga yuksak hurmat-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish ishlari davom etmoqda. Bu jarayonga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuksak mas’uliyat bilan bosh-qosh bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni, "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirilib, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhiti yanada mustahkamlanmoqda.

...Motamsaro ona haykaliga termulaman. O‘zimcha unga tasalli bergim keldi:

– Momojon! Mungli ko‘zlaringizni yerdan olib, atrofga boqing! Bizga osuda kunlar qadri har narsadan ziyod, tinchlikni jon dilimiz bilan sevamiz. Bu ne’matni tortiq qilgan ajdodlarimiz yodi doim qalbimizda. Bu yurtdagi barcha millat va elat farzandlari ahil-inoq, bir-birini ardoqlab yashamoqda. Dorilomon kunlarimiz shukronasi farzand dog‘ida pora bo‘lgan yuragingizga malham bo‘lsin!..

Malohat Husanova, O‘zA
3 328






Все о погоде - Pogoda.uz