Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 15:28 Chop etish versiyasi

Tinchligimiz abadiy bo‘lsin

Tinchligimiz abadiy bo‘lsin To‘qson olti yosh. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksandra Verteletskaya bilan suhbatlashib, og‘ir sinovlarga dosh bergan, urushning dahshatli azoblarini, mardlik va jasoratni mujassam etgan bu ayol umrini bor bo‘y-basti bilan his etdik. O‘sha qora kunlarni eslab, sukutga ketgan onaxon ko‘ziga yosh olib deydi: "Bu kunlarning qadriga yetaylik, tinchlikni ko‘z qorachig‘iday asraylik, bolalarim!"

Prezidentimizning shu yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi vakillari qator tashkilotlar bilan hamkorlikda urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylardan hol-ahvol so‘ramoqda.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida yashovchi Aleksandra Verteletskaya xonadonida bo‘lgan harbiylar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi-yoshlar onaxonni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi boshlig‘i X.Dadaboyev va boshqalar onaxonni Prezidentimiz nomidan bayram bilan tabrikladi, pul mukofoti, sovg‘a-salomlar topshirdi.

– Bolaligimdan o‘qituvchilikka qiziqardim, jajji bolajonlarga saboq berish jonu dilim edi. 1940-yil pedagogika institutini tamomladim. 1941-yilda urush boshlandi. Turmush o‘rtog‘im bilan ikkimizni navqiron, bilim olishga tashna vaqtimizda urushga olib ketishdi. Harbiy havo kuchlarida uchuvchi, keyinroq dispetcher bo‘lib xizmat qildim. 1947-yilda O‘zbekistonga kelganmiz. Bir qiz va bir o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazdik. Toleimdan minnatdorman, bag‘rikeng, soddadil, samimiy odamlar orasida, saxovatli, jannatmonand yurtda yashadim. Shu zamin mening boshimni siladi, baxt berdi, yorug‘ istiqbol hadya etdi. Bugun Prezidentimiz sovg‘asini olib, ularning e’tibor va g‘amxo‘rligidan quvondim, umrimga umr qo‘shildi.

Shu tumanda yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hamid Vohidov shifoxonada davolanayotgan ekan. Harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla yoshlari bu yerga kelganda, otaxonning boshi osmonga yetdi. Urush tufayli zavol bo‘lgan yoshlik damlari, kechirgan mashaqqatlari haqida hikoya kilib, bugun tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan jannatmonand yurtda umrguzaronlik qilayotganiga shukrona bildirdi.

Hamid ota 92 yoshda. Bolalik yillari Farg‘ona viloyatida o‘tgan. 1944-yil oktabr oyida urushga ketgan otaxon bir oyog‘idan qattiq jarohatlangan. Urushdan keyin hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetiga kirib, tahsil olgan. Universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, talabalarga dars bera boshlagan, ilmiy ishlarni himoya qilib, fan doktori darajasiga ko‘tarilgan. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining falsafa fakultetida dars bergan. 10-yildan ziyodroq O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

– Noming o‘chgur urushni biz ko‘rdik, yosh avlod sira ko‘rmasin, – deydi otaxon. – Butun boshli qishloqlarning yonib, vayronaga aylanishi, portlash ovozi, o‘qlarning vizillashi hanuzgacha qulog‘imdan ketmaydi. Bugungiday tinch-osuda, farovon kunlarimizga, to‘kinlik, musaffo osmonimizga aslo ko‘z tegmasin.

Azima Qiyosova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
3 350






Все о погоде - Pogoda.uz