Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.11.2017 17:02 Chop etish versiyasi

Tibbiyot sohasidagi yutuq va muammolar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etish: yutuqlar, muammolar va ularning yechimi» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda parlament quyi palatasi huzuridagi Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta’minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq qilish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya a’zolari, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar huzuridagi hududiy tibbiyot komissiyalari rahbarlari, sohaga daxldor bo‘lgan vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonov, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusupaliyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, xalqimizning ushbu sohadan roziligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Davra suhbatida Prezidentimizning joriy yil 29-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi va 441 tez tibbiy yordam shaxobchasi tashkil etildi. Shifokorlarga faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun berildi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida 126 qishloq vrachlik punkti, 180 oilaviy poliklinika «Salomatlik-3» loyihasi doirasida tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Davra suhbatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish yo‘nalishidagi islohotlarning ijrosi samaradorligini ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda joriy etilgan deputatlik, parlament va jamoatchilik nazoratining bugungi holati va uning natijalari tanqidiy tahlil etildi.

Amalga oshirilayotgan ishlarning samaralari bilan birga yechimini kutayotgan kamchilik va muammolarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini vrachlar bilan ta’minlash ko‘rsatkichi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Bir necha oilaviy poliklinikalarda ijtimoiy dorixonalar tashkil etilmagan. Tez tibbiy yordam brigadalari zarur tibbiy asbob-uskunalari bilan to‘liq ta’minlanmagani hamda ba’zi tibbiyot xodimlarining mas’uliyatsizligi, o‘z ishiga nisbatan befarqligi, patronaj va tez yordam xizmati to‘laqonli olib borilmayotganiga e’tibor qaratildi.

Tadbirda bu kabi dolzarb masalalarni hal etishda parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 241






Все о погоде - Pogoda.uz